O‘zbekiston | 08:34 / 31.01.2022
2908
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda 2021 yilda ajrashish uchun ayollarga nisbatan erkaklar ko‘proq ariza bergan 

Navoiy viloyatida 2021 yilda fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlari tomonidan ajrashish bilan bog‘liq 2 102 ta ish ko‘rib chiqilgan. Shundan 1 277 ta arizani erkaklar, 825 tasini ayollar kiritgan. 

Foto: Getty Images

Navoiy viloyat sudida rais o‘rinbosari, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Ixtiyor Qosimovning yil yakunlariga bag‘ishlangan brifingda ma’lum qilishicha, ajrashish bilan bog‘liq ko‘rib chiqilgan ishlarning 1 036 tasi qanoatlantirilgan, 615 tasi rad etilgan, 246 tasi ish yurituvidan qoldirilgan hamda 205 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan.

Ajrashish uchun kiritilgan da’vo arizalari tahlil qilinganida, 18-30 yoshgacha bo‘lganlar 1 223 tani, 30-40 yoshgacha bo‘lganlar 614 tani, 40-50 yoshgacha bo‘lganlar 104 tani va 50 yoshdan yuqorilar 161 tani tashkil qilgan.

Shuningdek, 1 295 ta juftlik ajrashish uchun sabab sifatida xarakterlari bir-biriga to‘g‘ri kelmaganini bildirgan. 208 ta da’vo arizasida bir tarafning xorijiy davlatga uzoq muddatga chiqib ketishi, 127 tasida oila munosabatlariga uchinchi shaxs aralashishi, 14 tasiga erkakning oilani moddiy jihatdan ta’minlamasligi, 23 tasida spirtli ichimliklar iste’mol qilishi, 32 tasida xiyonat sabab bo‘lgani ko‘rsatilgan. 

Mavzuga oid