O‘zbekiston | 13:38 / 31.01.2022
2075
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda mast holdagi 6 nafar fuqaro IIB xodimlarini urib, tan jarohatlari yetkazishgan

Foto: KUN.UZ

Nukus tumani IIB Navbatchilik qismiga soat tungi 01:00 larda, tumanning “To‘ktao‘” MFY hududidagi ko‘chada mast holdagi noma’lum shaxslar, aholi tinchligini buzishayotgani haqida xabar kelib tushgan. Bu haqda Nukus tumani prokuraturasi xabar berdi.

Voqea joyiga tuman IIB navbatchi guruhi a’zolari A.A. va D.X. yetib borishgan. Ya.A.ning to‘yidan chiqib, vaqt allamahal bo‘lganiga qaramay, uylariga bormasdan ko‘chada sarxush bo‘lib yurgan 6 nafar shaxsga o‘zlarini tanishtirib, jamoat joyida yurish-turish qoidalariga amal qilish bo‘yicha ko‘rsatma berishayotganida, mast holdagi bu fuqarolar IIB xodimlari talablariga bo‘ysunmagan. Ular IIB xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatishib, hatto ichki ishlar xodimlarini urib, tan jarohatlari yetkazishgan.

Mazkur holat yuzasidan darhol Nukus tumani prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 6 nafar mushtumzo‘rlar ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan va o‘tkazilgan tergov harakatlari natijasiga ko‘ra jinoyat ishi sudga oshirilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus tumani sudida ushbu mushtumzo‘r do‘stlarning ayblari guvohlarning ko‘rsatmalari, o‘tkazilgan ekspertiza xulosalari bilan tasdiqlanib, ular Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish) bilan aybdor deb topilgan va tegishli jazo choralari tayinlangan.

Bundan oldinroq Qoraqalpog‘istonda IIV xodimiga 20 mln so‘m pora taklif qilgan shaxs qo‘lga olingandi.

Mavzuga oid