O‘zbekiston | 17:43 / 03.02.2022
39833
3 daqiqa o‘qiladi

Maxsus komissiyaning ta’lim bo‘yicha qarori nega o‘zgartirilgani bo‘yicha izoh berildi

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov Maxsus komissiyaning o‘quv jarayonlarni onlayndan oflayn shaklga o‘tkazilishi bo‘yicha qaroriga izoh berdi.

Foto: KUN.UZ

“Respublika komissiyasi u yoki bu qarorni qabul qilishdan avval vaziyatni har tomonlama o‘rganadi. Biz dastlab dunyodagi statistik raqamlarga e’tibor beraylik. Hozirga qadar ro‘yxatga olingan bemorlar soni juda yuqori. Har kuni 3–3,5 mln kishida kasallik qayd etilyapti.

Lekin kuzatishlar davomida keyingi 20 kun ichida kasallikni yuqtirganlar sonida kamayish ham kuzatilyapti. O‘zbekistonda ham vaziyat ancha barqarorlashdi.

Hozir respublikada kuniga o‘rtacha 1000ta bemor qayd etilayotgan bo‘lsa ham, vaziyat birmuncha yumshoq. Negaki, hozir shifoxonalarda yotgan bemorlarga nisbatan shifoxonalardan chiqarilayotgan bemorlar soni ko‘p. Demak, hozir kasallik aksariyat holatda yengil kechmoqda.

Biz kuzatdik, pandemiyaning dastlabki davrida kasallik 85 foiz holatda yengil, 10 foiz holatda og‘ir va 5 foiz holatda o‘ta og‘ir o‘tdi. Hozir esa kasallarning 98 foizida yengil kechmoqda. Demak, hozir bemorlar deyarli to‘liq holatda uy sharoitida davolanib, kasallikdan forig‘ bo‘lishmoqda. Mana shuning o‘ziyoq imkoniyatlarning paydo bo‘layotganidan darak.

Qolaversa, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti shunday axborot tarqatdiki, u bilan jahondagi vaziyatga ham baho beriladi. Bu xabarda aytiladiki, deylik, bir joyda kasallanish darajasi 1 foizdan yuqori bo‘ladigan bo‘lsa, demak u yerda hali vaziyat beqaror. 1 foizdan kam bo‘lganda esa, demak vaziyat barqaror.

Hozir O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 0.8 foizni tashkil etyapti. Qolaversa, keyingi 1 hafta ichida kasallik har kuni 50-60-100taga kamayib boryapti.

Shuningdek, dunyo davlatlari hozir karantin muddatini 14 kundan 7 kunga va hatto 5 kunga tushiryapti. Ayrim joylarda karantin hatto bekor qilinyapti.

Shu nuqtayi nazardan, vaziyatni idrok qilib, O‘zbekistondagi vaziyatni to‘liq his qilgan holda, talaba, o‘quvchilarga sharoit yaratib berish maqsadida va oflayn shaklda ularning bilim salohiyati oshishini hisobga olib, mana shunday qaror qabul qilindi”, – dedi Otabekov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, endilikda barcha shu kasallik sharoitida yashashga ko‘nikib borishi zarur.

“Koronavirus kirib kelgan davrda biz bu kasallikni bir, ikki oylik deb o‘ylardik. Mana, ikki yil ham o‘tib ketdi. Kim biladi, balki kasallik bir umrga kelgandir. Biz u bilan bir sharoitda yashashga o‘rganishimiz kerak. Balki umrimizning oxirigacha bu kasallik bilan kurasharmiz”, – dedi Nurmat Otabekov.

Mavzuga oid