O‘zbekiston | 18:48 / 03.02.2022
32210
6 daqiqa o‘qiladi

Paxtakorda sirkchilarning bo‘g‘oz sheri o‘ldi. Bunga «zamhokim»ning byurokratligi sabab bo‘ldimi?

Jizzax viloyati Paxtakor tumani hokimi o‘rinbosarining tadbirkor faoliyatiga aralashuvi oqibatida sher va boshqa hayvonlar ochlikdan o‘lgani haqida Kun.uz’ga «Shahrisabz zoosirk» xususiy korxonasi ish yurituvchisi Abubakrsuxrob Mamadaliyev xabar bermoqda.

Mamadaliyev Paxtakor tumaniga ko‘chma hayvonot bog‘ini olib borishi to‘g‘risida bir oy avval tuman hokimligi va IIBga xat jo‘natgan. U 2022 yilning 31 yanvar kuni hayvonot bog‘ini tuman markaziga, aholi gavjum bo‘ladigan joyga olib kelib o‘rnatganini aytmoqda.

«Paxtakorga kelib, hayvonlarimizni qafasga chiqarmoqchi bo‘lganimizda tuman hokimligining mutaxassisi kelib, bizni hokim o‘rinbosari Fazliddin Qo‘ldoshev bilan telefon orqali gaplashtirdi. Qo‘ldoshev telefonda hayvonlarimizni vagondan chiqarmaslikni, boshqa joyga ko‘chishimizni talab qildi. Hokim o‘rinbosari aytgan joy aholi kelishi uchun noqulay bo‘lib, katta yuk mashinalarimiz, vagonlarimiz loyga botib qoladi. Xarajatlarimizni u yerda qoplolmaymiz.

Biz barcha tuman, shaharlarga ko‘chma hayvonot bog‘imizni olib borganimizda katta yo‘l yoqalariga, aholi gavjum hududga joylashganmiz. «Zamhokim» e’tirozidan so‘ng Paxtakor tuman IIB rahbarlari bilan gaplashdim. Ular qarshilik bildirishmadi. Eng yomoni, ikki kun davomida hayvonlarimizni tashqariga, ovqatlanadigan qafasiga chiqara olmadik va ularni ovqatlantirishning iloji bo‘lmadi. Kecha, 2 fevral kuni ertalab vagon ichida bo‘g‘oz ona sherimiz ochlikdan o‘lib qolibdi. Bitta tulkimiz ham nobud bo‘lgan, jayralarimiz och qolgach, bir-biriga hujum qilgan va bitta jayra ham o‘lgan», dedi ish boshqaruvchi Mamadaliyev.

Ikkinchi tomonning fikrini bilish maqsadida hokim o‘rinbosari Fazliddin Qo‘ldoshev bilan telefon orqali bog‘landik. Qo‘ldoshev ko‘chma hayvonot bog‘i tug‘uruqxona bo‘limi yaqiniga joylashtirilgani va birinchi navbatda bemorlar e’tiroz qilishayotganini ma’lum qildi. Qolaversa, katta yo‘l yoqasiga yaqin ekani turli baxsiz hodisalarga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

«Ana, bemalol faoliyatlarini davom ettirishsin, qarshiligimiz yo‘q. Biroq yuqoridagi sabablarga ko‘ra ko‘chma hayvonot bog‘ining bu yerga joylashishiga ruxsat berolmaymiz», dedi Qo‘ldoshev.

Ko‘chma hayvonot bog‘i ish boshqaruvchisi Abubakrsuxrob Mamadaliyev biz bilan bugun, 3 fevral kuni yana telefon orqali bog‘landi. Ular Jizzax viloyat prokuraturasiga murojaat qilganidan so‘ng muammoga yechim topilgani, aynan o‘sha joylashilgan hududda faoliyatlarini davom ettirishga ruxsat berilganini ma’lum qildi.

«Ayni vaqtda ham vodiylik hamkasblarimiz viloyatning Zarbdor tumanida tomosha ko‘rsatyapti. Ular ham xuddi bizdek yo‘l yoqasiga yaqin hududda joylashishgan. Atrofimiz o‘ralgan, hayvonlarimiz qafasda bo‘lsa, kimga qanday zarar yetkazishimiz mumkin?» dedi Mamadaliyev.

Mamadaliyevning qo‘shimcha qilishicha, shundoq ham bugungi kunda hayvonlarni xarid qilish, ularni boqish murakkab bo‘lgan sharoitda hokim o‘rinbosarining faoliyatga to‘sqinlik qilgani hayvonlarning o‘limiga sabab bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda bitta sherning narxi 2 500 AQSh dollarini tashkil qiladi. Tulki va jayralar 200-300 AQSh dollari atrofida.

2020 yil 26 maydagi «Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmonida «2020 yil 1 sentyabrdan boshlab ko‘chma sirklar (shapito, dorbozlar guruhlari) tomonidan o‘tkaziladigan tomosha tadbirlariga ommaviy tadbir o‘tkazish uchun ruxsatnoma va ruxsat berish xususiyatiga ega boshqa hujjatlarni olish talab etilmaydi, bunda tadbir tashkilotchilari uni o‘tkazish joyi va vaqti to‘g‘risida ichki ishlar organlarini kamida 10 kun oldin yozma ravishda xabardor qiladi; ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya va Favqulodda vaziyatlar vazirligi organlari ko‘chma sirklar (shapito, dorbozlar guruhlari) tomonidan o‘tkaziladigan tomosha tadbirlarida jamoat tartibi va yong‘in xavfsizligini to‘lov undirilmagan holda ta’minlaydi», deb yozib qo‘yilgan.

Ushbu farmonda mahalliy hokimlikning aralashuvi va ruxsati haqida gap-so‘z yo‘q.

Qiziq, Paxtakor tumani hokimi o‘rinbosari Qo‘ldoshev «Shahrisabz zoosirk» xususiy korxonasi qayerda tomosha ko‘rsatishiga nega aralashyapti? Nega tadbirkorga IIB, Milliy gvardiya yoki Favqulodda vaziyatlar bo‘limi e’tiroz qilmagan bir paytda hokimiyat to‘sqinlik qilyapti? Umuman, viloyat prokuraturasiga murojaat qilingach, ko‘chma hayvonot bog‘ining aynan o‘sha yerda faoliyatini davom ettirishiga ruxsat berilgani aytilmoqda. Shunday ekan, hokim o‘rinbosari rostdan byurokratlik qildimi yoki bu yerda boshqa sabablar ham bormi? Agar «zamhokim» haqiqatan ham vakolat doirasidan chiqqan bo‘lsa, tadbirkor aytganidek hayvonlar o‘limi uchun tovon to‘lashi kerak emasmi?

Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri,
Tasvirchi va montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid