Jamiyat | 18:20 / 06.02.2022
39042
8 daqiqa o‘qiladi

“Go‘yo biz teatrdagi qo‘g‘irchoq” – talabalarning an’anaviy ta’limga qaytilishiga munosabati

To‘satdan an’anaviy ta’limga qaytarilgan talabalar yana turar joy muammosiga duch kelmoqda. Bu – viloyatlardan poytaxtga kelib o‘qiydigan talabalar uchun qiyinchilik tug‘dirmoqda. 

Foto: Kun.uz

Talabalarning qishki ta’tili 11 yanvarda tugashi kerak edi. 7 yanvarda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ta’til 24 yanvargacha uzaytirilishini e’lon qildi. 20 yanvarda esa Maxsus komissiya qarori bilan darslar 24 yanvardan onlayn boshlanadigan bo‘ldi. Avvalgi qaroridan ko‘p o‘tmay maxsus komissiya darslar 7 fevraldan yana an’anaviy shaklga qaytarilishi haqida yangi qaror chiqardi.

Bu qarorlarning eng ko‘p jabrdiydasi – viloyatlardan poytaxtga kelib o‘qiydigan talabalar bo‘lyapti. Bunday qarorlarga munosabatini bilish uchun shunday talabalarga mikrofon tutdik.

Mansur Yoriyev, Toshkent davlat transport universiteti talabasi:

– Bir guruh do‘stlarimiz bilan ijarada turamiz. O‘tgan yili ham bir necha marta onlayn va oflayn tizimga qayta-qayta o‘tilgani uchun juda ko‘p sarsongarchilik bo‘lgandi. Ayniqsa kvartira masalasi juda qiyin. Onlayn tizimga o‘tganimiz uchun ijarada turgan joyimizni egasiga topshirib kelgandik. Hozir u joyga odam olishibdi. Endi yana ijara izlab sarsonimiz chiqadi. Oladigan stipendiyamiz 500 ming so‘m, ijara puli 600 ming so‘m. Bir paytlar talabada ham oshqozon degan narsa bo‘lardi. Hammasi bo‘lib, bir oyda 2 million so‘mga yaqin sarflaymiz. Oliygohni bitirib 1,5 million oylikka ham zo‘rg‘a ish topamiz. 

Toshkent moliya instituti talabasi:

– Xalqimiz favqulodda “o‘ta foydali, xalqni o‘ylab chiqariladigan” qaror va qonunlar"ga o‘rganib ham qoldi. 7 yanvarda qishki ta’tilimiz 24 yanvargacha uzaytirildi, keyin 24 fevralgacha onlayn o‘qiydigan bo‘ldik, endi esa yana an’anaviy ta’limga qaytarkanmiz. Kresloda o‘tirgancha, xohlagan qarorni chiqarish maza bo‘lsa kerak. Bitta qog‘oz, to‘rtta gap bitta imzo. Masala hal. Xalq bilan, talabalar bilan hech kimning ishi yo‘q. Go‘yo biz teatrdagi qo‘g‘irchoq. 20 yanvargacha ayrim talabalar qo‘shimcha kurslarga qatnash uchun o‘qish joyiga kelib qo‘yishgandi. Onlayn o‘qish qarori chiqqach, talabalar yana uylariga ketishdi. Kvartirada turadigan talabalar kvartirasini ham topshirib ketgandi. Endi ular yana kvartira qidirib sarson bo‘ladi. Kvartira topolmagan talabalar vokzallarda tunab qoladimi? Eng yomoni oliygohlarimizdagi ta’lim sifati shuncha sargardonliklarimizga arzimaydi. 1-, 2- hatto 3-kursda o‘qishini tashlab ketayotgan talabalar bunga isbot. 

Buxoro davlat universiteti, talaba qiz:

– Bir qarasa onlayn, bir qarasa, oflayn ta’limga o‘tkazilgani boshqa viloyatlarga borib o‘qiyotgan talabalarga ham qiyinchilik tug‘dirdi. Talabalar biletiga 50 foiz chegirma beramiz deyishdi. Lekin 2 martalab biletni almashtirishga tumandan viloyat markaziga borib kelishga 50 ming pul sarflab qo‘yyapmiz. Buni kim qoplab beradi? O‘qish boshlansa, shu pulga biz 1 hafta tushlik qilardik. Darsga kecha yegan ovqatimiz bilan kelgan vaqtlarimiz ham kam bo‘lmagan. Yana bir gap, hozir an’anaviy darsga qaytyapmiz, virus ko‘paysa bizni bir haftadan keyin yana onlayn ta’limga o‘tkazasizlarmi?

Moliya instituti, talaba yigit:

– Biz onlayn ta’limga endi ko‘nikayotganda, yana an’anaviy ta’limga qaytinglar deyishdi. Shu paytda “Biz bilgandik, biz kutgandik bunaqa o‘zgarishlar bo‘lishini. Lekin tushimizga ham kirmaydigan bunaqa o‘zgarishlar bizni juda xafa qilib yubordi", deging keladi.

Xalqaro press-klubda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov “kelishni xohlamaydigan talaba 24-fevralda oflayn qilib qo‘ysak ham kelishni istamaydi”, dedi. U to‘g‘ri aytdi. Talabaning universitetga kelishni istamayotgani sabablari bor. Masalan, darslar 80 daqiqa. 40 daqiqadan ko‘p ma’ruzani eshitish miyani charchatadi. Qolaversa, ma’ruzachi domlalarning ayrimlari, aytadigan ma’lumoti qolmagach, darsning yarmini o‘zining shaxsiy hayotini gapirib berish bilan o‘tkazadi. Bundan tashqari, universitet darvozasidan kirganda dekan o‘rinbosarlari talabani so‘roq qilishni boshlaydi: “Ey, shoshma, orqangga qayt, formang qani, necha marta ogohlantirdim, oq ko‘ylagingni nima qilay, galstuk qani?” Xullas, ertalabdan talabaning kayfiyati buzilsa, u o‘qishga borishni qanday xohlasin? Bir parcha galstuk, oq, qora, qizil ko‘ylak talabaning bilim olishiga umuman ta’sir qilmaydi. O‘qituvchilarda dars o‘tish, talabani yo‘naltirish mahorati bo‘lmasa, talabaning formasiga aybni to‘nkash kerak emas, hurmatli vaqt qotillari.

Navoiy davlat pedagogika instituti talabasi, Tohirjon Ernazarov:

– Qaror ortidan talabaning bilim olishi kerakligi uqtirilayotgan bo‘lsa-da, tanganing ikkinchi tomoniga yana ko‘z yumishdi. Talabalar turar joyi har doimgi dolzarb masala. Birgina bizning Navoiy davlat pedagogika institutida 10 mingdan ziyod talaba tahsil oladi. Jami 900 o‘rinli 4ta TTJ mavjud. 11 talabadan biri shu baxtli chiptani qo‘lga kiritsa, qolgan 10 talaba ko‘chada qolishga majbur. Ayni damda barcha talaba ijara uyidan chiqib ketgan. O‘rniga boshqa odam qo‘yilgan. Endi sharoiti yomon bo‘lsa ham yashab ketishiga ko‘zi yetgan talaba arzon joy topadi. Xo‘p, sharoit yigit kishi uchun muammo bo‘lmas, ammo qizlarning xavfsizligiga kim javob beradi? Kursdosh va tanishlarimning ko‘pi bu masalada onlayndan oflaynga, oflayndan onlaynga o‘taverib, shu paytgacha ko‘p qiyinchilikka duch keldi.

Ayni damda o‘qib bilim va kasb o‘rganishi kerak bo‘lgan yoshlar shartnoma, ijara, kundalik ehtiyojini deb o‘qishdan keyin (ba’zan dars qoldirib) kafe-barlarda ishlab yuribdi. Vazirlik yaratib bergan qaysi sharoiti uchun yaxshi kadr kutyapti, hayronman?!

Alisher Navoiy nomidagi til va adabiyoti universiteti talabasi, Abdulaziz Ahmedov:

– Men soham yuzasidan ham o‘qib, ham ishlayman. To‘g‘risi, bugun nazariy bilim olish uchun qaysidir o‘qituvchiga termulib o‘tirish shart emas, deb o‘ylayman. Chunki oliy o‘quv yurti maktab emas. Bu yerda sohaga yo‘naltiriladi, xolos. Kontrakt to‘lab oliygohda o‘zining tanlovi bilan o‘qiyotgan talabani davomat deb so‘roqqa tutishimiz kerak emas. Shuning uchun bir kun oflayn ikki kun onlayn o‘qishni joriy qilishdan ko‘ra, rivojlangan mamlakatlarning o‘qitish tizimidagi talabaning o‘zi qiziqqan fanlarini tanlagan holda fan o‘qituvchisi va ilmiy rahbar bilan individual shug‘ullanganligi ma’qul deb o‘ylayman. Qiziqmagan narsasi uchun talaba e’tibor qaratmas ekan, undan yaxshi kadr chiqmaydi. Boz ustiga, o‘qitish tizimi kunda almashayotgan bir paytda talabalarning yashash masalasi ham mushkul va dolzarb masala. Aslida, men uchun onlayn tizimi juda qulay. Chunki, o‘qiydigan odam uchun qaysi tizimda o‘qishning ahamiyati yo‘q masofaviy bo‘lsa ham o‘qituvchidan ko‘rsatma olib o‘rganaveradi. Onlaynda yashash va pul muammosisiz bemalol o‘qisa bo‘ladi.

Umida Sattorova tayyorladi.

Mavzuga oid