Jamiyat | 19:33 / 10.01.2021
48122
3 daqiqa o‘qiladi

XTV o‘quvchilarning bir qismiga o‘qishni onlayn ta'limda davom ettirishiga ruxsat berdi

Xalq ta'limi vazirligi ota-onalarning fikri inobatga olingan holda onlayn ta'lim davom etishini ma'lum qilib, farzandini maktabga yubormaydigan ota-onalardan uyida zarur shart-sharoit yaratib berishlarini so‘radi.

«Hurmatli ota-onalar! Kuni kecha III chorakdan barcha maktablarda o‘quv jarayonlari to‘liq an'anaviy shaklga o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabarnoma ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab tushunmovchilik va e'tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Aytish joizki, mamlakatimizda maktablar 2020 yil sentyabr oyidan sanitar-epidemiologik talablarga javob bergan holda bosqichma-bosqich faoliyatini tikladi.

Qishki ta'tildan avval, respublika o‘quvchilarining 90 foizi an'anaviy ta'limga qaytdi. Qolgan 10 foiz o‘quvchilarni ham kelajagiga befarq bo‘lmay, ularni ham maktab ta'limiga bevosita qamrab olish maqsad qilingan edi. 

Xalq ta'limi vazirligi xavotirga o‘rin yo‘q ekanligini, uyida kasallik tarqalishiga xavotir katta bo‘lgan, keksa odamlari bor hamda salomatligida surunkali xastaligi bo‘lgan o‘quvchilarning ta'lim olishi uchun parallel ravishda «Onlayn-maktab» loyihasi ham davom ettirilishini ma'lum qiladi. 

Bunday oilalar avvalgi chorakdagidek o‘qishlarini uyidan davom ettirishlariga imkoniyat yaratiladi.

Aziz ota-onalar! O‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalarda ularga karantin davrida o‘qituvchilari va tengdoshlari bilan o‘zaro bevosita muloqot yetishmagani aniqlandi. Maktabga bormayotgan o‘quvchilar esa afsuski, ana shunday imkoniyatdan mahrum bo‘lib qolmoqda, bola uchun do‘stlari bilan doimiy muloqotda bo‘lish va ular bilan bir jamoa bo‘lib ta'lim olish juda muhim, hech qanday eng zamonaviy texnologiya aynan shu muhitni bola uchun ta'minlab bera olmaydi. 

Shu o‘rinda farzandini maktabga yubormaydigan ota-onalardan, ularning vaqtini besamar o‘tkazmasliklari hamda uyda ta'lim olishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib, ularni to‘liq nazoratga olishlarini so‘rab qolamiz», deyiladi vazirlik xabarida.

9 yanvar kuni vazirlik O‘zbekiston maktablarida o‘quv jarayonlari 3-chorakdan to‘liq an'anaviy shaklga o‘tkazilishi haqida xabar bergandi.

Mavzuga oid