O‘zbekiston | 11:05 / 07.12.2022
7065
2 daqiqa o‘qiladi

“Xalq ta’limida bugungi qilinayotgan ishlarning natijasini 5-10 yildan keyin ko‘ramiz” - Baxtiyor Saidov

Xalq ta’limi vazirining aytishicha, O‘zbekistondagi maktablarning 20 foizida infratuzilmasi muammoli. Bunga sabab esa 1991 yildan 2016 yilgacha ta’limga yetarlicha e’tibor berilmaganidir. U avvalgi mas’ullarni ayblashdan yiroqligi, “o‘sha paytdagi vaziyat” taqozosi shunday bo‘lganini ta’kidladi.

O‘zbekistondagi 10 130 ta maktabdan 2 mingdan ortig‘ining infratuzilmasi muammoli. 1 600 dan ortiq maktabda esa haligacha sport zali yo‘q. Bu haqda xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov jurnalistlarga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bu muammolar birdaniga paydo bo‘lgan emas, balki yillar davomida yig‘ilib kelgan.

“Biz 1991 yilda mustaqillikka erishgan bo‘lsak, infratuzilmani rivojlantirish uchun 2016 yilgacha yetarli darajada mablag‘ ajratilmadi. 10 mingdan ortiq maktab kam emas, manaman degan davlatlarda ham buncha maktab yo‘q.

Bugungi kunda o‘quvchilarimiz uchun joylar yetishmovchiligi, ya’ni ko‘p maktablarimizda koeffitsiyent yuqoriligi – bu ham muammo. Lekin yana qaytaraman, bu muammolar bugun tug‘ilgani yo‘q. Bu o‘sha 1991 yildan keyin ta’limga e’tiborimiz yetarli bo‘lmaganligi. Ya’ni o‘sha paytda... Men hozir bu gapim bilan “biz chiroyligina, oppoqqinamiz, 91-yildan keyingi odamlar aybdor”, demoqchi emasman. Yo‘q. O‘sha paytdagi vaziyat... Davlat ko‘proq xavfsizlikka, chegaraga, iqtisodiyotga, qishloq xo‘jaligiga ko‘proq e’tibor bergandir. Ta’limni sal chekkaroqqa olib qo‘ygandir”, – dedi Baxtiyor Saidov.

Vazirning aytishicha, 2022 yilda 791 ta maktab ta’mirlanib, 55 tasi yangidan qurilgan.

“Xalq ta’limida bugungi qilinayotgan ishlarning natijasini 5-10 yildan keyin ko‘ramiz. Agar haqiqatan ham ta’limning ichiga sal bo‘lsa ham kirgan bo‘lsanglar, buni juda ham yaxshi tushunasizlar degan umiddaman. Oxirgi 5 yil davomida qilingan, bugun qilinayotgan va yaqin 3-4 yilda qilinadigan ishlarning natijasini biz 5 yil, 10 yilda ko‘ramiz”, – dedi XTV rahbari.

Mavzuga oid