Jahon | 14:34 / 07.02.2022
44650
2 daqiqa o‘qiladi

Reuters Belarus-Ukraina chegarasidagi harbiy texnikalarning sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarini e’lon qildi

Suratlarda Su-25 qiruvchi samolyotlari, S-400 va «Iskander» raketa majmualarini ko‘rish mumkin.

Foto: Reuters

Reuters agentligi Belarus va Ukraina chegarasida joylashtirilgan harbiy texnikalarning sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarini e’lon qildi. Suratlar Maxar Technologies kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan.

Qayd etilishicha, suratlar 4 fevral kuni Yelsk (Ukraina bilan chegaraga 20 km), Rechitsa (chegaragacha 55 km) va Luninets (50 km) shaharlarida olingan.

Foto: Reuters

Maxar Technologies suratlarda 15ta Su-25 qiruvchi samolyoti va Luninets aerodromidagi S-400 zenit-raketa majmualarini aniqlagan. Yelskdan olingan suratlarda «Iskander» raketa majmualari va reaktiv o‘t ochish tizimlari aks etgan.

Reuters agentligining ta’kidlashicha, jurnalistlar fotosuratlarning haqiqiyligini tekshira olmagan.

Foto: Reuters

Avvalroq Rossiya va Belarus ittifoq davlati kuchlarining harbiy tayyorgarligini tekshirish uchun mashg‘ulotlar o‘tkazishi rejalashtirilgani aytilgandi.

Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksandr Fominning so‘zlariga ko‘ra, birinchi bosqichda 9 fevralgacha qo‘shinlarni joylashtirish amalga oshiriladi. Ikkinchi bosqichda 10 fevraldan 20 fevralgacha hamkorlikdagi mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.

Mavzuga oid