Sport | 13:50 / 09.02.2022
19402
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya yana doping mojarosi markazida – figurali uchishdagi oltin medaldan mahrum qilinishi mumkin

Figurali uchish bo‘yicha jamoaviy musobaqada g‘alaba qozongan Rossiya olimpiya jamoasi doping mojarosi tufayli oltin medaldan mahrum qilinishi mumkin. 

Foto: Championat.com

7 fevral kuni Pekin-2022 qishki olimpiadasida figurali uchish bo‘yicha sport juftliklari o‘rtasida jamoaviy musobaqa yakunlandi. Unda Rossiya milliy jamoasi 74 ball to‘plab, katta ustunlik bilan g‘alaba qozondi. Ikkinchi o‘rin 65 ball to‘plagan AQSh olimpiyachilariga, uchinchi o‘rin 63 ball to‘plagan Yaponiya sportchilariga nasib qildi.

Rossiya milliy jamoasi tarkibida Kamila Valiyeva, Mark Kondratyuk, Anastasiya Mishina / Aleksandr Gallyamov va Viktoriya Sinitsina / Nikita Katsalapov olimpiada chempioni bo‘lishdi.

7 fevral (dushanba) kuni musobaqa ishtirokchilarini taqdirlash, ularga medallarni topshirish tantanali marosimi o‘tkazilishi lozim edi. Biroq, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) tadbirga 2 soat qolganida dastlab uni seshanbaga, keyinchalik esa noma’lum muddatga qoldirdi.

9 fevral kuni sport yangiliklariga ixtisoslashgan, obro‘li Inside the Games nashri «Tezkor» belgisi bilan «Rossiya doping siri markazida» nomli maqolani e’lon qildi. Unda rossiyalik sportchilarni taqdirlash marosimining kechiktirilishi «Olimpiadadan oldin topshirilgan doping-test bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin»ligi yozilgan.  

Hozircha, qaysidir sportchining doping-test namunasi musbat chiqqani haqida rasmiy xabar berilmadi, ammo qandaydir muammo baribir bor. Buni sportchilarning taqdirlash marosimi kechiktirilayotgani bilan bog‘lash mumkin. Agar rossiyalik sportchilarning doping-testi musbat natija bersa, ular diskvalifikatsiya qilinishi, medallardan mahrum etilishi mumkin.

XOQ kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Mark Adams xabariga ko‘ra, taqdirlash marosimi Olimpiada oxiriga qadar o‘tkazilishi lozim. Biroq, unda rossiyalik sportchilar ham ishtirok etishiga hech qanday kafolat yo‘q.

Foto: Championat.com

Hozirgi vaqtda XOQ va Xalqaro chang‘ichilar ittifoqi (ISU) o‘rtasida yuridik konsultatsiyalar davom etmoqda.

Amerikalik jurnalist Kristin Brennan xabariga ko‘ra, jamoaviy turnirda ishtirok etgan rossiyalik sportchilardan Kamila Valiyeva, Mark Kondratyuk, Anastasiya Mishina va Aleksandr Gallyamov 9 fevral kuni mashg‘ulotlarga chiqishmagan. Ammo buni doping mojarosi bilan bog‘liqligi haqida dalil yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi yillarda doping bilan bog‘liq ko‘plab mojarolar tufayli Rossiya olimpiya qo‘mitasi (ROQ) XOQ tomonidan jazolanib, katta musobaqalarda, jumladan Pekin-2022 olimpiadasida mamlakat nomi, bayrog‘i va madhiyasi bilan ishtirok etishdan mahrum qilingan edi. Musobaqalarda sportchilarga faqat ROQ abbreviaturasi ostida qatnashish va uning bayrog‘idan foydalanishga ruxsat berilgan. Ularning sharafiga davlat madhiyasi emas, kompozitor Chaykovskiy musiqasi yangramoqda.

Mavzuga oid