Fan-texnika | 16:57 / 12.02.2022
152142
14 daqiqa o‘qiladi

Ikki o‘rinli mitti avtomobil BMW kompaniyasini bankrotlikdan qanday asrab qolgandi?

1955 yilda BMW kompaniyasi italiyaliklar loyihalashtirgan ikki o‘rinli mitti avtomobilni ishlab chiqara boshlaydi. Ana shu avtomobillar kompaniyani bankrot bo‘lishdan saqlab qoladi. Bu o‘sha paytda ko‘pchilikning mehrini qozongan Isetta avtomobili edi.

1950-yillar nemis avtomobilsozlik kompaniyalari uchun og‘ir keladi. Ikkinchi jahon urushida barcha zavodlar aviazarbalar oqibatida vayron bo‘lgan, ularni qayta tiklab ishni yangitdan boshlash kerak edi.

Nemis avtomobilsozlarining qiyin vaziyatga tushib qolishi ularga raqobatchi bo‘lgan AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya avtomobil sanoatining rivojlanishiga turtki bo‘ldi. Endi nemislar qanday qilib bo‘lsa ham yo‘qotgan mavqeyini qaytarib olishi zarur edi. Shu jumladan, BMW kompaniyasi ham.

BMW’ning Myunxendagi shtab-kvartirasi / Foto: autoconsulting.com.ua

BMW kompaniyasi azaldan sifatga jiddiy e’tibor bergan holda avtomobil ishlab chiqargan. Kompaniya avtomobillarini asosan o‘ziga to‘qlar sotib olar, ular orasida o‘rtahollarning cho‘ntagi ko‘taradigan arzon avtomobil yo‘q edi. Urush tufayli vaziyat o‘zgaradi. Endi odamlar qimmat avtomobillarni sotib ololmasdi.

Foto: iedeiblog.com
Foto: https://adska.ru/

Shundan so‘ng kompaniya jamiyatning barcha qatlamlariga mo‘ljallangan hamyonbop hamda tejamkor avtomobil chiqara boshlaydi va bu ish BMW'ni bankrot bo‘lishdan saqlab qoladi.

Kompaniyaning qisqacha tarixi

BMW kompaniyasiga 1916 yilda Karl Fridrix Rapp asos solgan. 1917 yilda u rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Kompaniya nomi Bayerische Motoren Werke AG (Bavariya motor zavodi) qisqartmasidan olingan. Kompaniya avtomobillardan tashqari aviatsiya va avtomobil sanoati uchun dvigatellar hamda mototsikllar ishlab chiqargan. Keyinchalik SSSRda ishlab chiqarilgan «Ural» va «Dnepr» mototsikllari ham aynan BMW kompaniyasi mahsuloti hisoblanadi. Sovetlar BMW R71 mototsiklini ruxsat olmasdan ishlab chiqargan.

Ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘ng nemis avtomobilsozlik kompaniyalari orasida eng qiyin vaziyatga BMW tushadi. Kompaniyaning asosiy beshta zavodidan to‘rttasi SSSR nazorati ostida bo‘lgan sharqiy Germaniyada joylashgandi. Shu sababli kompaniya ulardan umidini uzadi. G‘arbiy Germaniyada joylashgan yagona zavod ham aviazarbalar oqibatida butunlay vayron bo‘lgandi.

BMW’ning urushda vayron qilingan zavodi / Foto: www.w2.zoomit.ir

Kompaniya 1947 yilda ittifoqchilardan (AQSh, Fransiya va Buyuk Britaniya) qayta faoliyat uchun ruxsat oladi va Germaniya g‘arbidagi zavodni qayta tiklay boshlaydi. Ammo barchasini boshidan boshlash qiyin bo‘ladi. Buning ustiga boshqa avtomobilsozlik kompaniyalari bilan raqobatga kirishish oson emasdi. Ana shunday holatda kompaniya bankrot bo‘lish yoqasiga kelib qoladi.

Najot

Kompaniya 1951 yilda urushdan keyingi ilk rusumi – BMW 501 avtomobilini ishlab chiqaradi. Ushbu avtomobilning narxi juda qimmat bo‘lib, urushda batamom vayron bo‘lgan Germaniya aholisida qimmat avtomobillarni sotib olishga pul yo‘q edi. Shu sababli BMW 501 uncha ommalashmaydi.

BMW 501 / Foto: picturehistory

Ana shu joyda kompaniya rahbariyati bankrot bo‘lib qolmaslik uchun hammani birday qiziqtira oladigan, tejamkor hamda hamyonbop avtomobil ishlab chiqarish lozimligini anglab yetadi.

1954 yilda Jyeneva avtosalonida namoyish etilgan, italiyalik avtomobilsozlar ishlab chiqargan ikki o‘rinli Isetta rusumli avtomobili BMW rahbariyatining e’tiborini tortadi. Ushbu avtomobil ixcham va tejamkor bo‘lib, shahar sharoitiga juda mos edi.

Iso Isetta / Foto: www.youngheaven.us

Shundan so‘ng kompaniyada mazkur rusumni ishlab chiqarish uchun uning litsenziyasini sotib olish muhokama qilinadi.

Isetta

1950-yillarning boshida Italiyaning uy-ro‘zg‘or buyumlari va motoroller ishlab chiqaruvchi Iso SpA kompaniyasi avtomobil ishlab chiqarishni rejalashtiradi. Kompaniya rahbari Rivolta Renso mazkur avtomobil ixcham va tejamkor bo‘lishi talabini qo‘yadi. Shu tariqa kompaniyaning ikki nafar muhandisi rahbarning talabiga mos tushadigan avtomobil loyihasini yaratishadi.

Ular yaratgan avtomobil motorollerdan biroz farq qilardi xolos. Ammo uning imkoniyatlari ancha yaxshi edi. Avtomobil ikki o‘rinli bo‘lib, unga 9,5 ot kuchiga ega tejamkor dvigatel o‘rnatilgandi. Italiyaliklar yangi avtomobilga kompaniya nomiga hamohang tarzda Iso Isetta deb nom berishadi.

Foto: pikabu.ru

Italiya kompaniyasining moliyaviy imkoniyatlari uncha yuqori emasdi. Shu sababli ular ixcham avtomobilning litsenziyasini sotishga qaror qilishadi.

1954 yilda Fransiyaning VELAM kompaniyasi italiyaliklardan Iso Isetta avtomobilini ishlab chiqarish litsenziyasini sotib oladi. Oradan biroz o‘tib, fransiyaliklar mazkur avtomobil kuzovidan foydalanish huquqini BMW ga sotadi. 1955 yilda litsenziya braziliyaliklarga ham sotiladi.

Shu tariqa, ushbu ixcham avtomobil Fransiyada VELAM Isetta, G‘arbiy Germaniyada BMW Isetta, Braziliyada esa Romi-Isetta nomi bilan chiqariladi.

BMW Isetta

1955 yilda BMW kompaniyasi Isetta’ning kuzovidan foydalanishni qo‘lga kiritgach, unga 13 ot kuchi quvvatiga teng dvigatel o‘rnatib ishlab chiqara boshlaydi. BMW Isetta tez orada GFR aholisining sevimli avtomobiliga aylanadi. Avtomobil ayniqsa shaharlarda yashovchilar o‘rtasida tez ommalashadi. Mazkur mashina tejamkor, ixcham bo‘lish bilan birga, narxi ham arzon edi. O‘sha paytda u 2650-2710 marka sotilgan.

Foto: info.drom.ru

1956 yilda Suvaysh kanali bo‘yicha mojaro kelib chiqadi. Misr prezidenti Jamol Abdul Nosir Buyuk Britaniya va Fransiyadan uning egaligini tortib oladi. Oqibatda urush boshlanib, kanal yopilib qoladi. Shundan so‘ng Yevropa mamlakatlarida yonilg‘i inqirozi boshlanadi. Bu holat tejamkor avtomobil ishlab chiqarayotgan BMW kompaniyasiga qo‘l keladi va BMW Isetta’ga talab keskin oshib ketadi. Kompaniya yaxshi daromad ola boshlaydi.

1964 yilgacha BMW kompaniyasi 160 ming dona BMW Isetta sotadi. Bu o‘sha davr uchun yaxshi natija edi. Kompaniyaning raqobatchilari bu paytda yirik o‘lchamli, yonilg‘i sarfi ko‘p bo‘lgan avtomobillar ishlab chiqarardi. Oradan biroz o‘tib, BMW ham Isetta’ning 3 eshikli, 4 o‘rinli rusumini ishlab chiqarishga o‘tadi va u qulaylikda raqobatchilar ishlab chiqarayotgan qimmat avtomobillardan uncha qolishmasdi.

BMW Isetta 600  / Foto: www.bonhams.com

Sakkiz yil davomida Isetta uch xil ko‘rinishda ishlab chiqariladi. Ularning 1 eshikli, 2 o‘rinli varianti BMW Isetta 250, BMW Isetta 300 nomlari bilan, 3 eshikli, 4 o‘rinlisi BMW Isetta 600 nomi ostida bozorga chiqarilgan. O‘sha paytda BMW Isetta’ning eng ajralib turgan joyi unda rul chambaragi eshikda joylashgan edi. Ya’ni mitti avtomobilning yagona eshigi uning old tarafiga o‘rnatilgan va rul chambaragi unga biriktirilgandi.

BMW Isetta’ning raqobatchilari

O‘tgan asrning 50-yillarida ixcham va tejamkorlikda Isetta avtomobillari yagona emasdi. Yana bir qator avtomobilsozlik kompaniyalari bunday turdagi avtomobillarni ishlab chiqargan. Ular orasida eng mashhuri Volkswagen Beetle edi. Volkswagen Beetle avtomobil ixlosmandlari orasida «qo‘ng‘izcha» nomi bilan mashhur.

Volkswagen Beetle / Foto: motorious.com

Volkswagen mazkur ixcham avtomobilni ishlab chiqarishni 1938 yildan boshlagan. Urushdan so‘ng Volkswagen kompaniyasi ham aynan Volkswagen Beetle tufayli tez oyoqqa turib olgandi. Mazkur avtomobil 2003 yilgacha yangilangan holda ishlab chiqarilgan.

Urushdan so‘ng BMW Isetta’ga raqobat qilganlardan yana biri Fransiyaning Citroën kompaniyasi tomonidan 1948 yildan boshlab ishlab chiqarilgan Citroën 2CV avtomobili edi. Mazkur avtomobilning narxi juda arzon bo‘lgani uchun u asosan o‘rtahol va undan past darajada yashayotgan fransiyaliklar orasida juda ommalashadi. Citroën 2CV avtomobili 1990 yilgacha ishlab chiqarilgan.

Citroën 2CV / Foto: hdd-motors.at

Messerschmitt KR200 – ushbu avtomobil ikkinchi jahon urushida Germaniya armiyasini samolyot bilan ta’minlagan Messerschmitt kompaniyasining mahsuloti edi. Gap shundaki, urush tugagandan so‘ng ittifoqchilar mazkur kompaniyaga samolyot ishlab chiqarishni taqiqlab qo‘yishadi. Shundan so‘ng Messerschmitt mototsikl, motoroller va nogironlar uchun motorli aravacha ishlab chiqara boshlaydi.

Oradan biroz o‘tib, kompaniya uch oyoqli Messerschmitt KR200 – kabinali motoroller ishlab chiqara boshlaydi. Bu motorollerlar urushdan so‘ng iqtisodiy holati yaxshi bo‘lmagan ko‘plab odamlar uchun tejamkor transport vositasi rolini bajaradi.

Messerschmitt KR200 / Foto: Motor Globe

Mazkur motorollerning tashqi ko‘rinishi avtomobilning o‘zi edi. Messerschmitt KR200 1955 yildan 1964 yilgacha ishlab chiqarilgan. Messerschmitt kompaniyasi 1956 yilda yana samolyot ishlab chiqarish uchun ruxsat oladi. Shundan so‘ng kompaniya Messerschmitt KR200 ishlab chiqaruvchi bo‘limini sotib yuboradi. 1962 yildan boshlab Messerschmitt KR200 ga talab keskin kamaya boshlaydi va 1964 yilda uni ishlab chiqarish to‘xtatiladi.

BMW Isetta’ning texnik tavsiflari:

Ishlab chiqarish boshlangan yil: 1955 yil (Iso Isetta 1953 yildan, VELAM Isetta 1954 yildan, Romi-Isetta 1955 yildan);

Ishlab chiqargan davlat: Germaniya Federativ Respublikasi (Fransiya va Braziliyada ham ishlab chiqarilgan)

Platforma: Iso Isetta

  • Kuzov turi: kupe — 1 eshikli, 2 o‘rinli (1957 yilda 3 eshikli va 4 o‘rinli BMW Isetta 600 ishlab chiqarilgan);
  • Dvigatel hajmi: 13 (benzin) ot kuchiga teng;
  • Transmissiya: mexanik uzatma qutida — 4 – bosqichli;
  • Uzunligi: — 2285 mm (BMW Isetta 600 da 2900 mm)
  • Eni: 1380 mm (BMW Isetta 600 da 1400 mm);
  • Balandligi: 1340 mm (BMW Isetta 600 da 1375 mm);
  • Maksimal tezligi: soatiga 85 km (BMW Isetta 600 da soatiga 100 km);
  • G‘ildirak bazasi: 1500 mm (BMW Isetta 600 da 1700 mm);
  • Og‘irligi: 360 kg (BMW Isetta 600 ning og‘irligi 515 kg;
  • Avtomobilning dvigateli orqada, eshigi esa old qismida bo‘lgan. Rul chambaragi eshikka o‘rnatilgan.

BMW kompaniyasi BMW Isetta avtomobillarining muvaffaqiyatli savdosi ortidan bankrot bo‘lishdan saqlanib qoladi, balki yaxshi foyda ham ko‘radi. BMW Isetta avtomobillari nafaqat Germaniyada, balki Yevropaning boshqa davlatlarida ham odamlarning sevimli avtomobiliga aylana oldi. Shu sababli, 1957 yilda BMW Buyuk Britaniyada ham BMW Isetta avtomobillarini ishlab chiqara boshlaydi. 1958 yilda Fransiya kompaniyasi VELAM Isetta avtomobillarini ishlab chiqarishni to‘xtatgach, BMW Isetta’ning savdo ko‘rsatkichi yana oshadi.

BMW kompaniyasining oyoqqa turishi

BMW Isetta tufayli bankrot bo‘lishdan saqlanib qolgan kompaniya 1959 yilda BMW 700 rusumli avtomobil ishlab chiqara boshlaydi. Ushbu avtomobil 2 o‘rinli bo‘lib, tashqi ko‘rinishi ancha zamonaviy edi. Shu sababli u ham tez ommalashadi.

Kompaniya olti yilda BMW 700 avtomobilidan qariyb 200 mingta ishlab chiqarib, sotishga erishadi. Mazkur avtomobil 1959 yildan 1965 yilgacha ishlab chiqarilgan. BMW 700 avtomobili BMW R67 mototsiklining dvigateli o‘rnatilgan holda ishlab chiqariladi. Mazkur dvigatelning quvvati 32 ot kuchiga teng bo‘lib, u soatiga 125 kilometr tezlikka erisha olgan.

BMW 700 / Foto: www.vijesti.me

BMW 700 avtomobili kompaniyaning BMW Isetta’dan keyingi eng yaxshi loyihasi edi. Aynan shu rusumdagi avtomobillarning muvaffaqiyatli savdosidan keyin BMW bankrot bo‘lish xavfidan batamom qutulib ketadi.

BMW hozirgi kunda

Bugun BMW dunyo avtomobilsozlik kompaniyalari orasida o‘z o‘rniga ega. Kompaniya avtomobillar ishlab chiqarish va ularning savdosi bo‘yicha yuqori o‘rinlarni egallaydi. BMW rusumlarining aksariyati qimmat va kompaniya endilikda arzon avtomobillarni umuman ishlab chiqarmaydi.

Birgina misol, BMW 2021 yilda qimmat avtomobillar savdosida Mercedes-Benz va Tesla’ni ortda qoldirib, dunyoda birinchi o‘rinni egallagan. Shuningdek, kompaniya 2021 yilda 2,2 million dona avtomobil ishlab chiqarib sotgan va umumiy hisobda 10-o‘rinni egallagan.

Foto: www.alamy.com

O‘tgan asrning 50-yillarida bankrotlik yoqasida turgan kompaniyaning so‘nggi yillardagi aylanma mablag‘i 100 milliard yevrodan oshiqroqni tashkil etmoqda. Sof foydasi esa 5-6 milliard yevroga yetgan. Bugun BMW korxonalarida 130 ming nafardan ziyod ishchi-xodim bor va kompaniya aktivlari 200 milliard yevrodan oshmoqda.

Foto: m.d1ev.com / BMW muzeyi

BMW dunyo avtomobil sanoatida o‘z o‘rniga ega bo‘lgach bir qator kompaniyalarni sotib oldi. Jumladan, 1994 yilda Buyuk Britaniyaning Rover Group kompaniyasini, 1998 yilda inglizlarning yana bir mashhur kompaniyasi – Rolls-Royce Motors’ni xarid qildi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Mavzuga oid