O‘zbekiston | 20:06 / 14.02.2022
16790
6 daqiqa o‘qiladi

Qishloq bolasi bilan kimning ishi bor: Bulung‘urdagi yagona bolalar oromgohi sotib yuborildi

Yaqingacha kichik o‘rmonni eslatuvchi oromgoh bo‘lgan joy qarovsiz holatga kelgani bahonasida sotib yuborildi. Vaholanki, 37 mingta maktab o‘quvchisi bor tumanda birorta ham bolalar lageri yo‘q.

Bu maskan Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani Beshqo‘ton mahallasida joylashgan. “Sohibkor” deya atalgan bu lager M-39 trassasidan uncha uzoq emas.

Oromgohda yaqin yillargacha bolalar yozgi ta’tilni o‘tkazishgan, hudud yuzlab daraxtlardan iborat kichik o‘rmon bo‘lgan. Google Earth dasturi orqali ham bir yil avval obekt atrofi qalin daraxtzor bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu lager qog‘ozda boshqa odamga, amalda Bulung‘ur tumani prokurori yordamchisi Azizxon Sultonovga sotilgani haqida yozishdi.

Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, hudud auksionda sotib olinganidan so‘ng bu joyga prokuror yordamchisi Azizxon Sultonov bir necha marta kelgan, lager o‘rnida yaxshi loyihalar amalga oshirishi haqida aytgan.

Lagerning egasi kim?

Kun.uz muxbiri tuman hokimligida bo‘lib, maskanni auksion savdolari orqali sotib olgan Sitora Sultonova bilan suhbatlashdi.

Sultonova haqiqatan ham Bulung‘ur tumani prokurori yordamchisi Azizxon Sultonovning singlisi ekanini yashirmadi. Ammo bu joyni akasining yordami bilan emas, AQShda ishlab kelgan ukasining mablag‘iga olganini ma’lum qildi. U auksionda ishtirok etib, umumiy yer maydoni 1,45 gektar bo‘lgan lagerni 308 773 000 so‘mga sotib olgan.

Mulkdor hududda daraxtlarning kesilishidan oldin ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasidan ruxsat so‘ragan. Inspeksiya yuridik yoki jismoniy shaxslarning mol-mulki bo‘lgan va ular tomonidan yog‘och-taxta va hosil olish uchun ekilgan daraxtlarni kesishga davlat ekologiya xulosasi taqdim etilmaydi, degan javobni bergach, lager hovlisidagi 198 dona daraxtlarni kesib yuborgan.

Samarqand viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati ushbu holatda fuqaroning daraxtlarni kesishga haqqi borligi, bu turdagi daraxtlarga moratoriyning aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi.

Prokuror yordamchisi Azizxon Sultonovning o‘zi ishlab turgan tuman hududidagi obektni Jomboy tumanida yashovchi singlisi Sitora Sultonova tomonidan sotib olinishi bilan bog‘liq vaziyatga aloqasi bor-yo‘qligiga oydinlik kiritish maqsadida Bulung‘ur tuman prokuraturasida bo‘ldik. Telefon orqali muloqot qilgan Sultonov ushbu holatni viloyat prokuraturasi o‘rganayotganini va masalaga o‘zining aloqasi yo‘qligini bildirdi.

Bulung‘urga bolalar oromgohi kerak emasmi?

Bulung‘urdagi bolalar sog‘lomlashtirish lageri 1966 yilda qurilgan. Obektning umumiy egallagan maydoni 1,45 gektar, qurilish osti maydoni 695,3 kvadrat metrni tashkil qiladi. Foydalanishga yaroqsizligi tufayli o‘n yillar davomida ishlamagan.

Bulung‘ur tuman hokimligi investitsiya va tashqi savdo bo‘limi bosh mutaxassisi Orzumurod Ermatovning aytishicha, obektdan samarali foydalanilmagani uchun tuman xalq ta’limi bo‘limi balansidan hokimlik zaxirasiga olinib, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasidan xususiylashtirish so‘ralgan.

Agentlikning hududiy boshqarmasi obektni e-auksion.uz sayti orqali auksionga qo‘ygan. E’tiborlisi, talablar juda oddiy, g‘olibga hech qanday qo‘shimcha majburiyat qo‘yilmagan. Pulini to‘la va keyin bilganingni qilaver, qabilida tashkil etilgan.

Qiziq tomoni, shundoqqina katta yo‘l yoqasidan 4 kilometr ichkaridagi so‘lim maskan o‘n martadan ortiq auksionga qo‘yilgan. Bir necha marta talabgor chiqmagan va eng oxirgi auksionda yagona xaridor sifatida Sitora Sultonova qatnashgan. Bu paytga kelib mulkning boshlang‘ich bahosi ham 308 773 000 so‘m etib belgilangan hamda hech qanday raqobatsiz, savdoga qo‘yilgan narxida sotilgan.

Bulung‘ur tumani xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i Zamira Boltaboyevaning aytishicha, tumanda 69 ta maktab bo‘lib, qariyb 37 ming o‘quvchi ta’lim-tarbiya oladi. Shundan 30 mingga yaqini 15 yoshga to‘lmagan o‘quvchilar va ular yozgi ta’tilda oromgohlarga borishi kerak bo‘lgan bolalardir.

Hozirgi vaqtda tumanning o‘zida oromgoh yo‘q. Mavsumda atigi 200 nafar o‘quvchi qo‘shni tumanlardagi bolalar oromgohlariga jo‘natilmoqda.

Shunday so‘lim go‘shada joylashgan oromgoh nega tizim mas’ullariga kerak bo‘lmay qolgan, nega bu yerni saqlab qolish uchun harakat qilinmagan? Hokimlik oromgohni zaxiraga qaytarish o‘rniga, undan samarali foydalanishi, ta’mirlashi, tumanning bolalari uchun qulay sharoit yaratib berishi mumkin emasmidi?

Mana shu kabi savollar oromgoh atayin qarovsiz qoldirilgan va butunlay yaroqsiz holatga keltirilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminni ham o‘rtaga chiqaradi.

Shu o‘rinda Xalq ta’limi vazirligidan so‘raydiganlarimiz bor: vazirlik tasarrufidagi obektlarning xususiylashtirilishi shunchalik osonmi? Ayniqsa, bolalar yozgi ta’tilda sog‘lomlashtirilishi mumkin bo‘lgan oromgohlar shunchalik ko‘pmiki, ulardan osongina voz kechilyapti? Nega Bulung‘urdagi oromgohni saqlab qolish uchun harakat qilinmadi?

Savollar ko‘p, ammo ularga javob topilganidan endi naf bo‘larmikin...

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.

Tasvir va montaj ustasi – Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid