O‘zbekiston | 12:14 / 15.02.2022
9272
6 daqiqa o‘qiladi

“Ochiq budjet” ijrosi Yangiyo‘l va Guliston tumanlarida muammoga uchradi

Kun.uz tahririyatiga ochiq budjet portalida tashabbus g‘olibi bo‘lgan fuqarolardan murojaatlar kela boshladi. Ularda portalda g‘olib bo‘lganiga qaramay, tegishli loyihalar amalga oshmayotgani haqida so‘z boradi.

Foto: Kun.uz

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani, Changtepa mahallasi fuqarolaridan yo‘llangan murojaatga ko‘ra, mahalladagi Jo‘n kanalidan 5-umumta’lim maktabiga o‘tuvchi ko‘prikni qayta qurish tashabbusi Ochiq budjet portaliga kiritilgan. 2021 yil 13 avgustdan 2 sentabrgacha davom etgan ovoz berish jarayonida mazkur tashabbus tuman miqyosida g‘olib deb topilgan.

Ko‘prik hech qanday standartlarga to‘g‘ri kelmaydi. Undan o‘tuvchilar uchun xavf tug‘diradi. Yuzlab mahalla bolalari ko‘prikdan o‘tib maktabga borib-keladi. Ko‘prikni qayta qurdirish uchun “Ochiq budjet” dasturida tashabbus bilan chiqdik.

Lekin tanlovda g‘olib bo‘lgan bizning tashabbus hali boshlangani yo‘q. Bu masalada Yangiyo‘l tumani hokimiga, Toshkent viloyati hokimiga va Moliya vazirligiga murojaat qilganimizga qaramasdan, amaliy natija yo‘q”, – deydi mahallada yashovchi fuqaro Ikrom Rixsiboyev.

Loyihaga 100 mln so‘m ajratilishi kerak bo‘lgan.

Mahalla ahlining viloyat hokimiga yo‘llagan murojaatiga javoban viloyat moliya boshqarmasining ma’lum qilishicha, ko‘prik qurish uchun so‘ralgan 100 mln mablag‘ ajratilib, maxsus hisob raqamiga o‘tkazilgan. 2021 yil 9 dekabrda Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan ko‘prik qurish uchun tanlov e’lon qilingan. Biroq belgilangan muddat davomida birorta ham taklif kelib tushmagan. Qo‘shimcha qilinishicha, ayni vaqtda qayta tanlovga e’lon berilmoqda va murojaat ijrosi ta’minlanadi.

Ikrom Rixsiboyevning qo‘shimcha qilishicha, Ochiq budjet-2021 ovoz berish natijalariga ko‘ra Yangiyo‘l tumanida 2-o‘rinni egallagan Monomarkazni ta’mirlash tashabbusi uchun 900 mln so‘m ajratilib, 2021 yil oxirida barcha ishlar tamomlanib, bino foydalanishga topshirilgan.

Shunga o‘xshash yana bir muammo Sirdaryo viloyati, Guliston tumani, Zarbdor QFY aholisini qiynamoqda.

Murojaatda aytilishicha, 2021 yil avgustida Zarbdor qishlog‘i fuqarolari qishloqning gaz tizimini yangilash tashabbusini openbudget.uz saytiga joylashtirgan. 308 kishi ovoz berib, 2021 yil sentabrida tashabbus g‘olib deb topilgan.

Tashabbusni moliyalashtirish uchun Moliya vazirligidan Guliston tumani moliya bo‘limiga 500 mln so‘m mablag‘ ajratilgan. Ammo shu kungacha tashabbus amalga oshirilmay kelmoqda.

Tashabbus g‘olib deb topilib, 500 mln mablag‘ ajratilgan bo‘lsa-da, qishlog‘imizni gaz bilan ta’minlash ishlariga panja ortidan qaralmoqda. Tuman hokimligi mansabdorlari turli bahonalar bilan loyiha ijrosiga to‘sqinlik qilmoqda. Shuningdek, ular mablag‘ning sarflanishini nazorat qilish uchun qishloq fuqarolaridan vakillar ajratilishiga ham qarshilik qilmoqda. Bundan maqsadlari nima, bilmaymiz. Loyihani cho‘ntak firmalarga topshirib, mablag‘larni talon-toroj qilishmoqchi shekilli. Murojaat qilmagan tashkilotimiz qolmadi”, – deydi Zarbdor qishlog‘ida yashovchi O‘sarqul Abdusaidov.

Uning aytishicha, 500 mln so‘m mablag‘ tushunarsiz ravishda Guliston tumani mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limiga o‘tkazib berilgan va hozirda mablag‘ ushbu tashkilot hisob raqamida saqlanmoqda.

Ma’lumot uchun, “Ochiq budjet” portali (openbudget.uz) 2018 yil 22 avgustdagi PQ-3917-sonli prezident qarori bilan tashkil etilgan. Portal bevosita fuqarolar tashabbus va talablarini inobatga olgan holda hududlardagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida tashkil etilgan.

Portal 2021 yil iyul oyida ishga tushirilib, loyihaning birinchi bosqichi sentabr oyigacha davom etgandi.

2021 yil 13 apreldagi PQ-5072-sonli prezident qaroriga asosan respublikaning barcha tuman (shahar)larida tegishli budjetlarning tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizini “Ochiq budjet” portali orqali jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirish bo‘yicha yangi tartibni joriy etish belgilandi.

“Ochiq budjet” portalidagi tashabbus ma’qullanishi uchun 2ta mezonga to‘g‘ri kelishi kerak:

1.    Taklif summasi 1 mlrd so‘mdan oshmasligi; 

2.    Shaxsiy manfaatga qaratilgan bo‘lmasligi.

“Openbudget.uz” axborot portali orqali taklif qoldirish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

Birinchi navbatda, portalda ro‘yxatdan o‘tiladi. Ro‘yxatdan o‘tish va ovoz berish jarayonlarida O‘zbekiston Respublikasining voyaga yetgan barcha fuqarolari ishtirok etishi mumkin.

Taklif qoldirish jarayonlari 20 kun davom etadi.

Fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflar tuman/shaharda tashkil etilgan ishchi guruhlar tomonidan 10 kun davomida moderatsiyadan o‘tkaziladi.

Moderatsiyadan o‘tkazilgan takliflarga axborot portali orqali 20 kun davomida ovoz berish jarayoni o‘tkaziladi.

Ovoz berish jarayoni yakunlariga ko‘ra, har bir hududda eng ko‘p ovoz to‘plagan takliflar g‘olib deb topiladi va takliflarga berilgan ovozlar sonidan kelib chiqib yuqoridan pastga qarab saralab olinadi va moliyalashtiriladi.

Ayni damda 2022 yil uchun tashabbusli budjet jarayonining dastlabki bosqichi boshlangan bo‘lib, taklif qoldirish 20 kun (joriy yilning 21 fevraligacha) davom etadi.

P.S.: mazkur maqola e’lon qilingach, unga Moliya vazirligi tomonidan tezkor reaksiya bildirildi. Ayni damda Yangiyo‘l va Gulistondagi loyihalar mas’ullar tomonidan qayta ko‘rib chiqilayotgani haqida ma’lumotlar olindi.

Mavzuga oid