O‘zbekiston | 11:58 / 18.02.2022
13787
3 daqiqa o‘qiladi

Ko‘p qavatli uylar atrofidagi yer maydonlari kimniki? - vazir javobi

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sherzod Hidoyatov ko‘p qavatli uylar hududida o‘zboshimcha qurilishlar ko‘payib ketganini ta’kidlab, tez orada yangi qaror bilan bu ko‘p qavatli uylar atrofidagi yerlarning mulkdorlari aniqlanishini ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

17 fevral kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sherzod Hidoyatov ko‘p qavatli uylar atrofidagi yer maydonlari to‘g‘risida tez orada yangi qaror chiqishini ma’lum qildi.

“Hozirgi kunda qaror ishlab chiqilmoqda. Unga ko‘ra, boshqaruv xizmat kompaniyalari tashkil qilinyapti, shuningdek, uy-joy hududlari mulklarini belgilab berish masalasi ko‘rilmoqda. Ko‘p qavatli uylar atrofidagi yer maydonlari bor, shu yer maydonlari kimniki degan savol tug‘ilmoqda. Hozirgi kunda uy-joy mulkdorlariga kadastr chegarasini aniqlab berib biriktirish bo‘yicha qaror loyihasi tayyorlangan, yaqin orada chiqadi. Uy-joy mulkdorlari kadastri belgilandi degani – bu joy qonunan ularniki degani. Ertaga u hududning ichiga tuman, viloyat hokimi ham, tadbirkor ham o‘zicha hech narsa qurolmaydi. Chunki u mulkdorlarning hududi bo‘lib qoladi. Qaror uzog‘i bilan 2 oyda qabul qilinishi kutilmoqda,” — dedi vazir.

Shuningdek, Hidoyatov ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatida yashovchi aholi tomonidan birinchi qavat egallab olinayotgani haqida gapirdi. Bu borada ham yangi tartib o‘rnatilmoqda.

“Yana bir masala, noqonuniy qurilishlar. Ko‘p qavatli uylar atrofida yoki ichida noqonuniy qurilishlar ko‘payib ketdi, bundan hokimiyatning ham xabari bo‘lmay qolyapti. Chunki hudud juda katta, hammasini ko‘rib ulgurmaydi. Ularga ham aholining o‘zini jalb qilish maqsadida noqonuniy qurilishlar borasida uy-joy inspeksiyasiga vakolatlar berilmoqda. Bilasiz, birinchi qavatni o‘rab olish juda keng tus olib ketgan: odamlar o‘zboshimchalik bilan birinchi qavatni o‘rab olib hovliga o‘xshab xohlagan ishini qilyapti. Bunday qonunbuzilishlar uchun aholini to‘g‘ridan to‘g‘ri jarimaga tortib bo‘lmaydi, chunki qonunan bu ish sudda ko‘rib chiqiladi, biroq sud tomonidan belgilanadigan jarima juda kamlik qilyapti. Bu aholiga ta’sir ham qilmayapti.

Hozirda to‘g‘ridan to‘g‘ri jarima berish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda. Umid qilamanki, ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi birinchi qavat faqat ularniki emas, balki shu ko‘p qavatli uyda yashovchi barchaniki ekani, bu boradagi daxldorlikni his qiladi”, — dedi vazir.

Mavzuga oid