Jamiyat | 13:01 / 20.02.2022
15732
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda YPX xodimi va niqobli shaxs fuqarolarga nisbatan elektroshoker ishlatgani aytildi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Namanganda YPX xodimi va maskali shaxs fuqarolarga elektroshoker ishlatgani aytilgan. Holat yuzasidan Namangan viloyati IIB axborot xizmati munosabat bildirdi.

Foto: Videodan kadr

Qayd etilishicha, 16 fevral kuni soat 20:38larda Namangan shahar I.Karimov ko‘chasida YPX inspektorlari tomonidan yo‘l-transport hodisalarining barvaqt oldini olish, harakat xavfsizligini ta’minlash yuzasidan xizmat olib borilgan.

Shu vaqtda Vaz 2101 rusumli avtomashina to‘xtatib tekshirilgan. Tekshiruv natijasida haydovchi transport vositasiga tegishli ruxsatnomasiz qo‘shimcha gaz ballon (ya’ni odatda avtomashinada bitta gaz ballonga ruxsat beriladi) o‘rnatib olgani sababli avtomashinaning ruxsatsiz qayta jihozini bartaraf etish uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, vaqtinchalik jarima maydoniga joylashtirilgan.

Haydovchi ushbu holatda huquqbuzarligiga to‘liq iqrorligini bildirgan bo‘lsa-da, avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan fuqaro vaziyatga provokatsion tus berib, turli xil bahonalar bilan avtomashinani jarima maydonidan chiqarib berishini aytib, inspektorni tasvirga olgan va ijtimoiy tarmoqlarga chiqarib, inspektorlarga nisbatan jamoatchilik orasida salbiy fikr uyg‘otishga uringan.

Tadbir jarayonida hech bir haydovchiga nisbatan elektroshoker ishlatilmagan. Biroq tasvirlarda ko‘rinish bergan niqobli shaxs kim ekaniga, nega elektroshoker bilan fuqarolarga tahdid qilganiga izoh berilmagan.

“Ogoh bo‘ling, kuchaytirilgan tartibdagi reyd jarayonlari hali uzoq davom etadi. Qoidabuzarlar esa kechirilmaydi. Shunday ekan, o‘z foydangizga ishlaydigan videotasvirlar olgandan ko‘ra, namunali harakatlanish uchun yo‘l tartib-qoidalariga to‘liq rioya eting!” – deyiladi munosabatda.

Mavzuga oid