O‘zbekiston | 11:49 / 20.02.2022
49558
4 daqiqa o‘qiladi

Qarshi tumanidagi ariq «eshaklar qabristoni»ga aylangani ma’lum bo‘ldi

Mahallalardan biridagi katta ariqqa tashlab ketilgan eshaklar suyagi oylar mobaynida suv ostida yotgan.

Fotokollaj: Kun.uz

Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani Chaman mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi katta ariq eshaklar qabristoniga aylangan. Ushbu holat tasvirlari ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingach, suyaklar olib ketilib, yo‘q qilingan.

Mahalla raisi Ixtiyor Mahkamovning aytishicha, eshaklar suyagi katta mashinada olib kelingan va ariq suvi oqib turgan paytda tashlab ketilgan bo‘lishi mumkin. Chunki yaqingacha ham aynan o‘sha suyaklar ko‘rinib qolgan joyda anchagina suv yig‘ilib turgan va uning ostidagi suyaklar ko‘rinmagan, suv sathi pasaygach, ko‘rinib qolgan.

Ayni vaqtda hayvonlar qoldig‘i olib ketilgan bo‘lsa-da, suv ostidan yana bir qancha eshak kallasi, suyaklari ko‘rinib turibdi. Suyaklar deyarli chirish holatiga kelgan.

Tuman hokimligi axborot xizmati aholi e’tirozidan so‘ng, sohaga aloqador tashkilotlar va mahalla faollaridan iborat ishchi guruh tuzilib, kollektordagi chiqindilar olib ketilganini ma’lum qildi. Holat haqiqatan ham ikki oycha avval noma’lum shaxslar tomonidan sodir etilgani aytildi. Tuman tashkilotlari tomonidan ushbu kollektor qayta-qayta tozalansa-da, yana turli chiqindilarni tashlab ketish holatlari kuzatilmoqda.

«Eshaklar voqeasi» qayta takrorlanmasligi uchun hozirgi vaqtda IIB, mahalla fuqarolar yig‘ini va jamoatchilik vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilgani va ariqqa chiqindi tashlash holati qayta aniqlansa, qonunda belgilangan tarzda qat’iy choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi.

Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Qarshi tuman bo‘limi aholi o‘rtasida yuqumli va oshqozon-ichak kasalliklarining oldini olish maqsadida tuman aholisidan chiqindilarni turli joylarga tashlab ketmaslik, shunday holatlar kuzatilganda, IIB, Ekologiya, «Toza hudud» DUK yoki SEO va JSXga murojaat qilish so‘ralgan.

Darvoqe, Chaman mahallasining aynan shu qismi aholi yashash markazidan biroz chetda bo‘lib, mana shunday «qora ishlar»ga doim uya bo‘lib kelganini tasavvur qilish qiyin emas. Mahalla raisi ham ushbu fikrni tasdiqladi va bir necha yil avval bu ovloq joylarda noxush holatlar tez-tez kuzatilgani haqida gapirdi.

Xulosa qilish mumkinki, «eshaklar voqeasi» ikkita noxush taxminni ilgari suradi. Birinchidan, bunchalik ko‘p miqdordagi hayvon qoldiqlari ariqqa tashlab ketilishi natijasida istalgan yuqumli kasallik tarqalish ehtimoli yuqori. Chunki o‘sha ovloqdagi suv oqib aholi yashash punktiga yetib kelyapti. Ikkinchi tomoni esa, eshaklar nega so‘yilgan va ularning go‘shti nima uchun ishlatilgan? Taxmin qilish ham kishi ta’bini xira qiladi.

Yuqoridagi noxush holat nafaqat sohaga mas’ul tashkilotlar, balki aholining ham yanada e’tiborli bo‘lishini talab etadi.

Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid