Jahon | 08:31 / 25.02.2022
14739
4 daqiqa o‘qiladi

Darig‘a Nazarboyeva deputatlikdan voz kechganini ma’lum qildi

Foto: Qozog‘iston Senati

Qozog‘iston sobiq prezidentining to‘ng‘ich qizi, parlament majlisi (quyi palata) deputati Darig‘a Nazarboyeva parlament deputati sifatida iste’foga chiqqanini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Zakon.kz.

«Bugun men parlament deputatligidan voz kechib, butun e’tiborimni ijtimoiy, gumanitar, madaniy va xayriya ishlariga qaratishga qaror qildim. 

«Nur Otan» partiyasiga ovoz bergan qozog‘istonliklar, partiyadoshlarim va mamlakat rahbariyatiga menga ishonch bildirgani uchun minnatdorchilik izhor etaman.

Fojiali yanvar voqealari tinch osmonsiz, Qozog‘iston xalqining birligisiz mamlakatimiz ravnaqi va rivoji yuz bermasligini ko‘rsatdi. Bo‘lib o‘tgan barcha voqealar butun xalqimiz uchun katta fojiadir.

Bo‘lib o‘tgan voqeani chuqur va xolisona o‘rganish, aybdorlarga jazo berish, begunohlar ozodlikka chiqishi zarur, deb hisoblayman. 

Barchamiz, qozog‘istonliklar, butun jamiyatimiz «qora yanvar»dan achchiq xulosa chiqarishimiz va bunday holat boshqa takrorlanmasligi uchun qo‘limizdan kelganini qilishimiz kerak. Bu - dahshat va qo‘rquvga to‘la fojiali kunlar anarxiya nimalarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatdi. 

Vatanimizning buguni va kelajagi yo‘lida, uning milliy suvereniteti va mustaqilligini asrab-avaylash, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash yo‘lida jamiyatning hamjihatligini namoyon etishimiz zarur. 

Men vatanim va uning manfaatlariga xizmat qilishda davom etaman. Buning uchun lavozimlar kerak emas», — deyiladi deputat Darig‘a Nazarboyevaning murojaatida.

Avvalroq, Darig‘a Nazarboyeva Qozog‘iston parlamenti yalpi majlisida qatnashmayotgani xabar berilgandi.

Uning hamkasbi, hukmron «Nur Otan» partiyasidan deputat Aydos Sarim Nazarboyeva iste’foga chiqishi kerakligini aytgan edi. Jurnalistlarning sobiq prezident qizi nega bunday qilishi kerakligi haqidagi savoliga u Qozog‘istondagi yanvar voqealari «uning nomi bilan» bog‘liq ekani, «jamiyatda katta ishonchsizlik va norozilik bor, bunga butun dunyo bo‘ylab iste’fo orqali erishiladi, shuning uchun reaksiya bildirish zarurligi» haqida aytgan edi. 

Qozog‘istonni qariyb 30 yil boshqargan Nazarboyev 2019 yilning 20 martida prezidentlikdan ketdi, biroq o‘shanda Xavfsizlik kengashi rahbari, hukmron «Nur Otan» partiyasi yetakchisi va Qozog‘iston Xalq assambleyasi rahbari lavozimlarini saqlab qolgan edi. 

2021 yil aprelida Nazarboyev Qozog‘iston Xalq assambleyasi raisi lavozimini tark etishi va bu vakolatlarni respublikaning amaldagi rahbariga o‘tkazish haqidagi qarorini e’lon qildi. Nazarboyev 5 yanvar kuni, mamlakatdagi ommaviy tartibsizliklar vaqtida Xavfsizlik kengashi raisi vakolatlarini Qosim-Jo‘mart To‘qayevga topshirdi. 

«Nur Otan» partiyasi esa 28 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari qurultoyida sobiq prezident tomonidan nomzodi taklif etilgan To‘qayevni partiya raisi etib sayladi. 

Mavzuga oid