O‘zbekiston | 15:45 / 25.02.2022
15363
2 daqiqa o‘qiladi

«Hamkorbank» «Sberbank» bilan o‘tkazmalarni to‘xtatdi

Bu qaror qabul qilinishiga rubl kursining tushib ketgani va beqarorligi sabab bo‘lgan.

Foto: Hamkorbank

«Hamkorbank» 25 fevraldan boshlab Rossiyaning «Sberbank»iga tegishli mobil ilova orqali o‘zining plastik kartalariga yuborilayotgan mablag‘larni kartalarga kirim qilishni vaqtinchalik to‘xtatdi.

«Bank tizimlarida olib borilayotgan texnik ishlar va mijozlarimizning moliyaviy yo‘qotishlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida «Sberbank Onlayn» ilovasi orqali «Hamkorbank» plastik kartalariga yuborilayotgan mablag‘larni kartalarga kirim qilish 2022 yil 25 fevral kunidan vaqtinchalik to‘xtatildi. Noqulaylik uchun uzr so‘raymiz», deyiladi xabarda.

Kun.uz muxbiri bog‘langan bank mas’ul xodimi so‘zlariga ko‘ra, bu qaror qabul qilinishiga rubl kursining tushib ketgani va beqarorligi sabab bo‘lgan.

«Rossiya va Ukraina o‘rtasida yuzaga kelgan inqiroz sabab rubl kursi bir kunda 5-10 martagacha o‘zgaryapti va qadrsizlanib ketdi. Shu sabab mehnat migrantlari jiddiy moliyaviy zarar ko‘rishining oldini olish maqsadida «Sberbank Onlayn» ilovasi orqali o‘tkazmalar vaqtinchalik to‘xtatildi. Aloqa kanallarimizga odamlar tomonidan kam mablag‘ tushgani haqida murojaatlar ham ko‘paygandi. Migrantlarimizga vaziyat barqarorlashgandan keyin o‘tkazmalarni amalga oshirishni maslahat beramiz», dedi mutaxassis.

Avvalroq, AQSh Moliya vazirligi Rossiyaning 80 foizlik bank sektori — «Sberbank», «Vneshtorgbank», «Gazprombank», «Otkrytiye», «Sovkombank» va «Novikombank» banklariga qarshi sanksiyalar joriy qilgandi.

Mavzuga oid