O‘zbekiston | 18:40 / 02.03.2022
17869
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston harbiy xizmatchilari xorijdagi jangovar harakatlarda ishtirok etmaydi - Mudofaa vazirligi

O‘zbekiston va O‘zbekiston harbiy xizmatchilari mamlakatdan tashqaridagi harbiy harakatlarda ishtirok etmayapti.

Foto: Mudofaa vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi o‘zbekistonlik harbiylarining xorijiy davlatlar armiyasiga jalb qilingani haqida xabarlar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

«O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 125-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari O‘zbekiston Respublikasining davlat suverenitetini va hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish uchun tuziladi.

Mudofaa doktrinasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi siyosati boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, ehtimol tutilgan nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish tamoyillariga asoslanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish bo‘yicha jinoiy javobgarlik belgilangan.

Yuqoridagi ma’lumotlarga asoslanib qayd etish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasi, shu jumladan O‘zbekiston harbiy xizmatchilari mamlakatdan tashqaridagi harbiy harakatlarda ishtirok etmaydi. O‘zbekistonda xorijiy davlatlar tomonidan harbiy xizmatga yollash boshlangani haqida tarqalgan ma’lumotlar hech qanday asosga ega emas», - deyiladi Mudofaa vazirligining rasmiy bayonotida.

  • 28 fevral kuni Daryo.uz nashriga intervyu bergan O‘zbekistonning Ukrainadagi elchisi Alisher Kurmanov elchixonaga jangovar harakatlarda ishtirok etgan yoki jarohatlangan o‘zbeklar haqida ma’lumot kelib tushmaganini ta’kidlagan.
  • Shuningdek, 25 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek tilida so‘zlovchi haydovchi bortida rossiyalik harbiylar mavjud bo‘lgan yuk avtomobilini Donbass hududiga haydab ketayotgani tasvirlangan video tarqalgan edi.
  • Nastoyashcheye Vremya nashri esa xorijiy nashrlarga tayanib, Rossiya o‘zbekistonlik migrantlarni jangovar harakatlarga jalb qilayotgani haqida xabar bergan.
  • Avvalroq, Adliya vazirligi ham O‘zbekiston fuqarolarining chet davlatlar harbiylashgan va kuch ishlatar tuzilmalariga xizmatga yollanishi jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi eslatgan edi.

Mavzuga oid