O‘zbekiston | 18:08 / 02.03.2022
11021
11 daqiqa o‘qiladi

“Ular biz bilan birga yashaydi” - kommunal sohaning uzoq yillik muammolari haqida

Ko‘p qavatli uylarning kommunal sohasida illatli yopiq doira hosil bo‘lgan: odamlar shirkat ishlamayapti, deb pul to‘lamaydi. Shirkat esa odamlar pul to‘lamayapti, deb ishlamaydi. Hamma o‘zicha haq. Aslida muammoning ildizi qayerda?

Fotokollaj: Kun.uz

Biz kun bo‘yi o‘z ishimiz, yumushimiz bilan yuguramiz, ko‘p katta rejalar, niyatlar qilamiz, yaxshi kayfiyat bilan uyga qaytamiz. Uyda esa sovuq kunda issiqlik tizimi yaxshi ishlamasligi, kanalizatsiya muammosi, sovuq suvning bosimi kamligi, liftning tinmay buzilishlaridan asablarimiz ham buzilib ketadi. Ko‘zimizga ko‘rinmaydigan, ko‘pchilik uchun “mayda” muammoday ko‘rinadigan masalalar aslida barcha rejalarimizning amalga oshishiga ta’sir qiluvchi katta omil ekanligi shu vaqtda ma’lum bo‘ladi.  

Uy uchun to‘lanayotgan pullarim qayerga ketyapti, nima uchun hokimiyat qaramaydi, davlat qayoqqa qarayapti, degan savollar boshda aylanaveradi, aylanaveradi... Olamshumul reja-niyatlar bir tomon, oddiy yashash sharoitidagi muammolar bir tomon.

Bu holat eski ko‘p qavatli uylarda yashovchi aksariyat shahar aholisining kundalik hayotidan bir shingil, xolos.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahar aholisi murojaatlarining yarmini aynan shu sohadagi muammolar tashkil etar ekan. Muammolarga to‘xtalishdan avval uning kelib chiqish tarixiga bir nazar tashlasak.

2006 yilgacha bo‘lgan davrda ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tuman-shahar hokimliklarida alohida boshqarmalar faoliyat yuritgan. Garchi ular faoliyati a’lo darajada bo‘lmagan bo‘lsa-da, amalda ko‘p qavatli uylarning saqlanishi, xizmat ko‘rsatishi davlat zimmasida edi. 2006 yil 12 aprelda “Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinishi ortidan ko‘p qavatli uylarda uy-joy fondini birgalikda boshqarish hamda uni saqlash, asrash va ta’mirlashni ta’minlash uchun ixtiyoriy birlashma sifatida xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tashkil etildi.

Shirkatlar turar joylar mulkdorlari tashabbusi bilan tashkil etilishi, o‘zini o‘zi boshqarish asosida faoliyat ko‘rsatishi belgilangan bo‘lsa-da, ko‘p vaqt, hatto ayrim joylarda hozirgacha ham ularni davlat tashkiloti, rahbari ham hokimiyat tomonidan tayinlanadigan amaldor deb bilishadi. Aksariyat aholi uy-joyning o‘lchamiga qarab to‘lanadigan majburiy badal (kvartplata)larni belgilashda qatnashish, sarflanishini nazorat qilish mumkinligi, shirkatlarning moliyaviy hisobotlarini eshitish, so‘roq-savol qilish huquqi borligini hatto xayoliga ham keltirmagan. Natijada bundan “ustomon” shirkat rahbarlari foydalanib keldi. Ularning aksariyati aholi mablag‘larini shunchaki o‘zlashtirish, yer-mulklarini talon-toroj qilish bilan shug‘ullandi. Uylar ahvoli esa yildan yilga og‘irlashib boraverdi. Balki aynan shu sharoit kimlargadir kerak bo‘lgandir.  

Afsuski, shundayin ham bir ahvolda bo‘lgan shahar uylari, kommunal soha yana 10 yillar davomida qarovsiz qoldi. Faqatgina katta rahbarlar tashrif buyuradigan mahallalardagina mahalliy hokimlik ilojsizlikdan mablag‘ sarflab, hududda ta’mirlash, obodonlashtirish ishlarini olib bordi.

2017 yildan boshlab aholi uy-joylari, yashash sharoitlarini yaxshilashga e’tiborning ortishi ortidan bir vaqtlar tejalgan budjet mablag‘lari kech bo‘lsa-da, ko‘p qavatli uylar, unga tutash hududlarni ta’mirlash, obodonlashtirishga sarflana boshlandi. Bu ishlamay yotgan shirkatlarni harakatga keltirdi.

Eskicha fikrlashdan qutulmagan (shirkat davlatniki degan) aholi ajratilayotgan mablag‘lar kimning hisobiga, nima uchun olinayotgani va sarflanayotganiga ko‘p ham e’tibor qaratmadi. Aynan shu vaziyatdan ko‘plab vijdonsiz shirkatlar (va ularning hokimliklardagi rahnamolari) foydalanib qoldi. Natijada ta’mirlanmagan yoki nomigagina oqlangan ko‘p qavatli uylar uchun milliardlab mablag‘lar chiqarilgani va ular kuppa-kunduzi talon-toroj qilingani asta-sekin ma’lum bo‘la boshladi. Qo‘ldan-qo‘lga o‘tib ketgan shirkatlar, prokuratura, sud va boshqa...

Qo‘ng‘iroq...

“Assalomu alaykum, sizni tuman hokimligidan bezovta qilyapmiz, “dom”ingizda liftingiz ishlamayotgani yuzasidan shikoyat qilgan ekansiz. Sizga aytmoqchi edimki, 2019 yil 7 noyabrda qabul qilingan “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, lift umumiy mulk hisoblanadi va uni ta’mirlash, yangisiga almashtirish siz saylagan shirkat rahbari va shirkat vakolatida, hokimiyatning bunga aloqasi yo‘q...”

Javob...

“Bilasizmi, sizni tushunyapman, lekin sog‘ligim yaxshi emas, yolg‘iz yashayman, qolaversa, yoshim 80ga yaqinlashib qolgani uchun shirkatni va uning rahbarini qidirib yurgani imkonim yo‘q, zinalardan tushib chiqishga qiynalaman, kunda bir marta 7-qavatdan pastga tushib, non olib kelmasam bo‘lmaydi...”

Bu kabi savol va javoblar necha martalab takrorlansa-da muammolar tugamaydi. Masala sharoiti tayyorlanmasdan, avvaldan hisob-kitobi olinmay qabul qilingan qarorlarimizdami yoki oddiy mahalla raisini ham to‘g‘ri saylolmaydigan odamlarimizdami yoki ichimizdan chiqqan birovning haqidan qo‘rqmaydigan ayrim vijdonsiz shirkat rahbarlaridami?!

Yana bir muammo – mahalliy hokimliklar tomonidan ko‘p qavatli uylarga tutash hududlarni belgilash, ularga kadastr hujjatlarini berishi lozimligi “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi Qonunda aniq belgilangan bo‘lsa-da, hozirgacha aksariyat uylarga bu hujjatlarning berilmaganidir. Nima sababdan dersiz, axir hokimbuvalar yerlarni o‘z zaxirasida ushlab turmasa, tadbirkorga qanday qilib sotadi yerni? Ushbu vaziyatdan “ShNK” va boshqa bir qator tartib-qoidalarga to‘g‘ri kelmasa-da, uylar orasiga uy qurish uchun yerlarning sotib yuborilganini tushunib olishingiz mumkin.

So‘nggi vaqtlarda yana bir yangi muammo yuzaga keldi. Qo‘lga kiritilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘p qavatli uylar yo‘laklarini yoritish va liftlar uchun sarflangan elektr energiyasidan ko‘plab shirkatlar qarz bo‘lib qolgan. Natijada yo‘laklardagi chiroqlarni va liftlarni yoppasiga elektrdan uzish boshlangan. O‘z-o‘zidan bir qator savollar tug‘iladi. Agar yo‘lakka elektr hisoblagich o‘rnatilmagan bo‘lsa, qarz qayerdan olib hisoblangan? Qarz falon millionlarga yetgunicha elektrning aqlli amaldorlari qayerda edi? Qarz shunchaga yetgunicha nima uchun hududdagi inspektor aholini ogohlantirmagan?

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra ko‘p qavatli uylarning ichki muammolari uchun (yo‘laklar ahvoli, elektr shitlar, shaxtadagi quvurlar holati) shirkatlar javobgar bo‘lib, ko‘p qavatli uyga (sokoligacha) kelib ulangan ichimlik suvi, issiqlik (otopleniya) tizimi, issiq suv, kanalizatsiyalar uchun tegishli tashkilotlar (“Toshissiqquvvat” AJ, “Toshkent shahar suv ta’minoti” MChJ kabi) javobgardir.

Muammo tug‘ilganda kim javobgar? Odamlarga buning qizig‘i bormi? Uyingizda batareya isimayapti, yosh bolalaringiz bo‘lsa ikki karra tashvishdasiz. Shirkat bizda muammo yo‘q yoki quvurlarni ta’mirlashga, almashtirishga mablag‘imiz yo‘q, deydi, issiqlik tashkiloti mansublik chegarasiga aytilgan issiqlikni olib kelib qo‘yganman, uyning ichi meni muammom emas, deydi. Dardingizni kimga aytasiz? Ikki o‘rtada futbol to‘pisiz.

Shu vaqtda mantiqiy savol tug‘iladi, uyimning biror kvadrat metri isimayotgan sharoitda men nima uchun “Toshissiqquvvat”ga har bir isimagan metri uchun pul to‘lashim kerak?! Yaxshi savol, balki jahl ustida batareyalarni uzib tashlab, o‘zingiz uchun alohida kotyol (ariston) o‘rnatib olarsiz... Afsuski, Toshkent shahrida yagona monopol tashkilot uchun buning umuman qizig‘i yo‘q. Chunki Vazirlar Mahkamasining 2014 yildagi 194-son qarori to‘liq monopol manfaatlari uchun xizmatda. Aynan unda iste’molchi uy ichidagi issiqlik tizimiga o‘zgartirish kiritishga, uzib tashlashga haqqi yo‘qligi aniq, tiniq qilib yozib qo‘yilgan.

Ichimlik suvida ham ahvol bundan yaxshi emas. Siz suv ta’minoti tashkilotining yolg‘on xabarnomasiga asoslanib, ortiqcha to‘lab yuborganingizni bilib qoldingiz (aksariyat holda hech kim bilmaydi), korxonaga murojaat qilib, ortiqcha to‘lovni qaytarib olmoqchisiz. Afsuski, buning hech ham iloji yo‘q. Chunki 194-son qaror bo‘yicha ortiqcha to‘lovingiz kelasi to‘lovlaringizga asrab qo‘yiladi.

Yoki yolg‘on xabarnomadagi million so‘m qarzni ko‘rib, kechasi bilan uxlay olmadingiz, asablaringiz tinchlanmadi. Ertalabdan hamma ishni tashlab korxonaga bordingiz, jahl bilan “shuncha shuncha to‘lov qilganman, qarz qayerdan keldi?” degan savol bilan murojaat qildingiz. Otangizning bir paytlar “qog‘ozga ishon, boshqasi bekor”, “oxirida qog‘oz gapiradi”, degan o‘gitlariga amal qilib, hammayoq elektronlashib ketgan zamonda ham mobodo deb saqlab qo‘ygan to‘lov kvitansiyalari va cheklaringizni xodimga uzatasiz. Ma’lum vaqt hammasini tekshirib, oxirida “ming bor uzr, adashib yozishibdi, tizimdan to‘g‘rilab qo‘ydik”, degan qisqa javobni eshitasiz-u, yelkangizdan katta tog‘ ag‘darilganday bo‘ladi. Shunga shuncha ovora bo‘ldimmi, shuncha ketgan asabim... Tashkilot esa “bunisi tushmadi, boshqalaridan undirarmiz” qabilida ishini davom ettiradi.

Yoki to‘lov tizimining qoloqligi, navbatda turishlar, kompyuterlarning o‘z-o‘zidan qarz yozishlari kabi muammolarning oxiri ko‘rinmaydi. Zamon talablariga javob bermay qolgan, monopoliyani qo‘llab-quvvatlovchi qonun-qoidalarni o‘zgartirish vaqti kelgandir balki?!

Go‘yo juda mayda narsalar, lekin sog‘ligimiz va vaqtimizning katta qismini o‘g‘irlovchilar aynan shulardir.

Bugun biz hikoya qilgan muammolar bilan faqat Toshkentda emas, mamlakatning istalgan katta-kichik shaharlari, ovul-u qishloqlarida ham duch kelishingiz mumkin. Mas’ullar mushohada qilib ko‘rishar...

Abror Zohidov

Mavzuga oid