O‘zbekiston | 20:47 / 07.03.2022
18980
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi Olimpiya shaharchasi loyihasi bilan tanishdi

2025 yilda Toshkent shahrida Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlarini o‘tkazish maqsadida Yashnobod tumanida Olimpiya shaharchasi quriladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 mart kuni Toshkent shahrida rejalashtirilgan qurilish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari taqdimoti bilan tanishdi.

«Ma’lumki, 2025 yilda Toshkent shahrida Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari o‘tkaziladi. Unga qit’amizdan ko‘plab sportchi va murabbiylar, delegatsiyalar, jurnalistlar keladi. Bu nufuzli musobaqani yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida poytaxtimizning Yashnobod tumanida Olimpiya shaharchasi qurilishi rejalashtirilgan. Uning loyihasi Angliyaning Arup muhandislik kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Loyihaga ko‘ra, shaharcha markazida olimpiya stadioni, uning ikki yonida yopiq sport majmualari, suv sporti saroyi, mashg‘ulot maydonchalari, eshkak eshish havzasi barpo etiladi.  Barcha sharoitlar Osiyo Olimpiya kengashi va xalqaro sport federatsiyalari talablariga muvofiq bo‘ladi. Ma’muriy bino, yotoqxona, muzey va xo‘jalik obektlari ham quriladi.

Musobaqalardan tashqari vaqtda shaharcha o‘quv-mashg‘ulot bazasi bo‘lib xizmat qiladi. Bu yerda Oliy sport mahorati instituti, sport federatsiyalari va sohadagi boshqa muassasalar faoliyat olib boradi.

Yana bir muhim jihat: shaharcha joylashadigan Yangi O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab daraxtlar ekilib, sayilgoh tashkil etiladi. U yer aholi uchun ochiq bo‘lib, sayr qilish, sport bilan shug‘ullanish mumkin bo‘ladi.

Davlat rahbari loyihaning qiymati, sportchi va tomoshabinlar uchun yaratiladigan qulayliklarni sinchiklab so‘radi. Mutasaddilarga ishlar hajmi va zarur mablag‘ miqdorini yilma-yil hisob-kitob qilib, aniq reja shakllantirish, qurilish bo‘yicha tender e’lon qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

«Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha yig‘ilishda Prezidentimiz yo‘l chetlarida gullaydigan va bargi rangli daraxtlar ekish maqsadga muvofiqligini aytgan edi. Taqdimotda shu boradagi rejalar ko‘rib chiqildi.

Buning uchun Toshkent shahrining Kichik halqa yo‘li, Mustaqillik, Navoiy, Islom Karimov, Afrosiyob, Shahrisabz, Oybek, Bobur kabi 21 ta ko‘chasi tanlab olingan. Ularda kashtan, siren, shumtol, lola daraxti, chinor, jo‘ka kabi manzarali ko‘chatlar ekish rejalashtirilgan. Shuningdek, daraxtlarning tanasi to‘g‘ri va ildizi mustahkam bo‘lishi uchun repikaj usulida yetishtirish mo‘ljallangan.

Davlat rahbari manzarali ko‘chatlar bilan birga mahallalarda anjir, anor, xurmo kabi mevali daraxtlar ekish, ishkomli ko‘chalar tashkil qilish muhimligini ta’kidladi.

Mavzuga oid