Prezident Farmatsevtika agentligi direktoriga “hayfsan” berdi, uning ikkala o‘rinbosari ishdan olindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
“Bugungi o‘zgaruvchan sharoitda iqtisodiyotimizning barqaror o‘sishini ta’minlashning eng samarali yo‘li – ichki imkoniyatlarni ishga solish, ya’ni import bo‘layotgan tayyor mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish va mahalliy sanoatni yanada rivojlantirishdan iborat.
Bu milliy iqtisodiyotimizning ustuvor yo‘nalishi bo‘lishi kerak. Buni o‘ylamagan, atrofdagi vaziyatdan bexabar, siyosatni tushunmaydigan hokim yoki tarmoq rahbarining ishlashga haqqi yo‘q”, dedi davlat rahbari.
37 trillion so‘mlik yangi mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha 2022-2023 yillar uchun 2,5 mingta loyihani ishga tushirish bo‘yicha qabul qilingan dasturning aniq ijrosini so‘rash vaqti kelgani qayd etildi.
Prezident ko‘p tarmoq va hudud rahbarlari bu masalada hali dunyoqarashini o‘zgartirmagani, hozirgi vaziyatdan xulosa chiqarmayotganini tanqid qildi. Ushbu dastur ijrosi bo‘yicha Farmatsevtika agentligi rejani 51 foizga, “O‘zbekiston temir yo‘llari” esa 10 foizga bajarmagani, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha ishlar boshlanmagani, “Issiqlik elektr stansiyalari” esa rejani atigi 26 foizga bajargani ko‘rsatildi.
Shuning uchun Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori S. Qoriyevga “hayfsan” e’lon qilindi. Uning ikkala o‘rinbosarini ishdan olishga ko‘rsatma berildi. Bosh vazirga mazkur agentlik faoliyatini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish topshirildi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” raisi v.b. X. Hosilovga “hayfsan”, "Issiqlik elektr stansiyalari" raisi F. Abdurahmonov, "O‘zmetkombinat" direktori R. Pirmatov, "O‘zbekneftgaz" raisining birinchi o‘rinbosari Sh. Alirizoyevga qat’iy ogohlantirish berildi.
Yanvar-fevral oylarida “Elektron kooperatsiya” portali orqali 860 mlrd so‘mlik 5 mingta shartnoma tuzilgan bo‘lsa-da, ijrosi ayrim hududlarda bajarilmagani, elektron savdolarda Qoraqalpog‘iston, Namangan, Surxondaryo va Xorazmdagi korxonalar ulushi 1 foizni ham tashkil qilmasligi tanqid qilindi.
Mavzuga oid
18:11 / 12.12.2024
Mato ishlab chiqarish va bo‘yash korxonalari qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlanadi
19:53 / 11.12.2024
Toshkentda Yunusobod dehqon bozori o‘rnida uch qavatli ekobozor quriladi
19:47 / 11.12.2024
Mirziyoyev va Putin ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildi
20:23 / 10.12.2024