Sport | 14:55 / 17.03.2022
25478
2 daqiqa o‘qiladi

Debyutantni yenga olmagan chempion. «Olimpik» - «Paxtakor» o‘yinidan fotoreportaj

O‘zbekiston Superligasi 3-turini ochib beruvchi uchrashuvlardan biri «Olimpik» va «Paxtakor» o‘rtasida kechdi. 

Foto: Tribuna.uz

«Toshkent derbisi» maqomida o‘tgan bellashuvning qiziqarli kechishi dastlabki daqiqalardanoq ma’lum bo‘lib ulgurdi. «Sherlar» himoyasidagi pala-partish harakatlar 5-daqiqada Ruslanbek Jiyanovning goliga sabab bo‘ldi. 

Goldan keyin o‘zini o‘nglab olishga ulgurmagan «Paxtakor» bir kishi kam bo‘lib qolishiga to‘g‘ri keldi. 15-daqiqada Ikrom Aliboyev qizil kartochka olib, maydonni tark etdi. E’tiborlisi, 2-turda aynan 28 yoshli yarimhimoyachiga ishlatilgan qo‘pollik uchun «Neftchi» futbolchisi Abror Ismoilov maydondan chetlatilgandi. 

Biroq qizil kartochka Slavche Voyneski shogirdlariga ijobiy ta’sir qildi va ular 22-daqiqada Temur Kapadze shogirdlarining himoyalanishdagi pozitsion xatosi evaziga gol urib ketishdi. Farruh Sayfiyevning yaqin burchakka yo‘llagan zarbasini Vladimir Nazarov qaytara olmadi. 

Himoyalanishdagi xatolar «Olimpik»ka qimmatga tushishda davom etdi. 60-daqiqada Saidazamat Mirsaitov Aziz Turg‘unboyevni birga-bir vaziyatga chiqib ketayotgan bir paytda yiqitdi. Uchrashuv bosh hakam Elyor Tursunov VAR orqali vaziyatni ko‘rib, vaziyatni so‘nggi umid foli deb baholadi. Natijada, «Olimpik» ham uchrashuvning qolgan vaqtini 10 kishi bo‘lib o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi. 

Uchrashuv yakunida «Olimpik»ning qarshi hujumlari xavfli ko‘rinish oldi. Ammo «olimpiyachilar»ga biroz tajriba yetishmadi va o‘ta qulay imkoniyatlarni ham golga aylantira olmay qolishdi. 

Durang orqali «Paxtakor» hisobidagi ochkolar 7taga yetdi va onlayn jadvalda peshqadamga aylanib oldi. «Olimpik» esa hamon g‘alabasiz yurishini davom ettirmoqda. Hisobidagi 2 ochko bilan Kapadze shogirdlari 11-o‘rinni egallab turishibdi.

Suratlar muallifi — Muhammadjon G‘aniyev

Mavzuga oid