Bolalar qo‘liga «igna sanchgani» aytilgan tarbiyachi voqeasi. Tafsilotlar Kun.uz reportajida
Bolalarni qo‘rqitish uchun foydalanilgan jism igna emas, tish tozalagich bo‘lgani aytilmoqda. Kun.uz’ga shu bog‘chaning aynan o‘sha guruhida ishlovchi yana bir tarbiyachisi bolani tepib, turtkilagani aks etgan video kelib tushdi.
Samarqand shahridagi «GOLDEN KIDS» xususiy bolalar bog‘chasida kuzatilgan noxush holat – tarbiyachi yordamchisining bolalarni uxlatishda igna sanchib qo‘rqitgani haqida xabar tarqaldi. Tarbiyachiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgani xabar berildi.
Kun.uz muxbiri mazkur bog‘chada bo‘lib, holat bo‘yicha tashkilot rahbari hamda ota-onalar munosabati bilan qiziqdi.
Ma’lum bo‘lishicha, bog‘cha mudirasi Feruza Yusupova muassasaga o‘rnatilgan kuzatuv kamerasiga yozib olingan video tarqatilishiga o‘zi rozilik bildirgan, ota-onalarga ham tasvirga olishga ruxsat berilgan.
Feruza Yusupova Kun.uz muxbiri bilan suhbatda tarbiyachilarni tanlab olishda avvalo ularning oilaviy sharoiti bilan qiziqishini aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ishga olinadigan xodimlarning nafaqat ma’lumoti, tajribasi, balki o‘zining farzandi bor-yo‘qligiga ham qiziqish bildiriladi.
«Chunki bolaga oilasida mehr ko‘rsata olgan inson birovning farzandiga ham mehr ko‘rsata oladi.
Ochig‘i, muassasamizning obro‘siga putur yetkazgan bo‘lsa ham oqni oq, qorani qorani deyishni istayman. Bu tarbiyachi xushmuomala, bolalar bilan yaxshi til topishadigan kadr edi. Shu vaqtgacha biror marta nojo‘ya harakatini sezmaganman. Tarbiyachimizning oila a’zolarini ham yaxshi taniyman.
Biroq 18 mart kuni tarbiyalanuvchimizning ota-onasi kelib, e’tiroz bildirdi. Ularning aytishicha, tarbiyachi bolalarini igna bilan qo‘rqitib, uxlatgan ekan. Bola yolg‘on gapirmaydi, ammo xodimlarimiz ham bunaqa qilishiga ishonmadim. Har bir xonada kamera borligi va asl holat uning xotirasida saqlanib qolishini tushuntirdim. Shundan keyin kamera yozuvlarini ko‘zdan kechirdik va shu holatga guvoh bo‘ldik. Voqea 16 mart kuni sodir bo‘lgan ekan. O‘sha zahoti ichki ishlar xodimlarini chaqirdik va vaziyatni yashirib o‘tirmaslikka qaror qildim. Tarbiyachi o‘sha kuni qo‘lida igna emas, tish tozalagich bo‘lganini aytdi», deydi Feruza Yusupova.
Saodat Bahromova ham uch nabirasini «GOLDEN KIDS» xususiy bolalar bog‘chasiga berganini aytdi. Bir nabirasi aynan shu tarbiyachining qo‘lida tarbiyalanayotgan ekan. Bog‘chadagi holat videosi tarqalgach, hamma ota-onalar xavotir olgani, biroq o‘zining tarbiyachiga hech qanday e’tirozi yo‘qligini ma’lum qildi.
Bog‘cha mudirasi ushbu voqeadan keyin muassasaning barcha xonalariga kuzatuv kameralari o‘rnatilayotgani va tarbiyalanuvchilarning har qanday xatti-harakati nazorat ostida bo‘lishini ta’kidladi.
Kun.uz holat bo‘yicha Samarqand viloyat IIB axborot xizmatidan qo‘shimcha ma’lumot oldi.
IIBga ko‘ra, tarbiyachi dastlabki so‘roqdayoq qo‘lida igna emas, tish tozalagich bo‘lganini aytgan. Hozirgi vaqtda tarbiyachiga qarshi ota-onalar tomonidan yana oltita ariza kelib tushgan.
Tarbiyachining qo‘lida aslida qanday jism bo‘lgani hozircha aniq emas. Viloyat IIB axborot xizmati bolalarning olgan jarohati ekspertiza qilinib, asl holat aniqlangandan so‘ng, qo‘shimcha ma’lumot berilishini bildirdi.
Kun.uz’ga kelib tushgan yana bir video ayni ushbu muassasadan ekani aytildi. Unda tarbiyachi tarbiyalanuvchini orqa tarafidan tepib, qo‘pol tarzda turtkilagani ko‘rinadi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi «a», «v» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Qiynash) muttasil ravishda do‘pposlash yoki boshqacha harakatlar bilan qiynash voyaga yetmagan shaxsga va ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid
13:24 / 28.11.2024
“Samarqandni odamlar shahriga aylantirishimiz kerak, hozir mashina-shaharga aylangan” - Turdimov
21:39 / 27.11.2024
Samarqandda tramvayning 3-yo‘nalishi ochilishi mumkin
19:42 / 29.10.2024
Toshkentda o‘g‘il bolaga qiz bola kiyimini kiydirib, sahna ko‘rinishi tashkillashtirgan tarbiyachi ishdan olindi
11:25 / 29.09.2024