O‘zbekiston | 14:48 / 23.03.2022
15638
8 daqiqa o‘qiladi

Berlindagi Tesla gigafabrikasi: Germaniya avtosanoati uchun yangi davr boshlandi

Ilon Mask «Made in Germany» tamg‘asi ostida ishlab chiqariladigan o‘z elektromobillari bilan nemis avtosozlariga raqobat qilish bilan birga, Yevropaning ichki yonuv dvigatelidan voz kechishini hamda sobiq GDRning rivojlanishini tezlashtirmoqchi, deb yozadi Deutsche Welle.

GFR kansleri Olaf Shols va Tesla rahbari Ilon Mask Gryunhaydedagi gigafabrikani ishga tushirish marosimida. Foto: AP / Patrick Pleul

Ilon Mask nihoyat maqsadiga yetdi. 2019 yilning noyabrida Tesla rahbari Berlindagi chog‘roqqina tadbirda Yevropadagi ilk zavodini Berlin ostonasida qurmoqchi ekanligini, bu gigafabrikada yiliga 500 ming elektromobil ishlab chiqarilishi, buning uchun ikki yil vaqt sarflashini e’lon qilganida bunday rejaning amalga oshishiga sanoqli odamlar ishongan edi.

Skeptiklar bu bayonotni Maskning jo‘n piari, amerikalik ishbilarmonlarning tarafdorlari esa uni hali nemis byurokratiyasining ko‘plab ruxsat talab qiluvchi jarayonlariga duch kelmaganini aytib, ishonishmagandi. Ular Berlinning yangi aeroporti qurilishiga 14 yil vaqt ketganiga shama qilishayotgandi.

Tesla gigafabrikani Germaniya uchun rekord muddatda qurib bitirdi

Mana, 2022 yilning 22 martida nemislarning tuya go‘shti yegan qurilishi ramziga aylangan aeroportidan o‘ttiz kilometr narida barpo etilgan zavodda ilk 30 xaridorga narxi 60–67 ming yevro bo‘lgan dastlabki Tesla Model Y  krossoverlari konveyer oldida taqdim etildi. Gryunhaydeda bo‘lib o‘tgan tantanali marosimga Olaf Shols ham keldi. 

Tesla rahbari Ilon Mask Gryunhaydedagi gigafabrikani ishga tushirish marosimida. Foto: AP / Patrick Pleul

Tesla gigafabrikasining rasman ishga tushishi bir necha sabablarga ko‘ra Germaniyada muhim hodisa sifatida qarshi olindi. Hamma narsaga tayyor amerikalik qaysar tadbirkor (qurilish ishlari dastlabki ruxsatnomalar asosida boshlangan va barcha zarur hujjatlar rasmiylashtirilgunga qadar yakunlangan) hukumat yordam bersa, ulkan zavodni ikki yarim yil ichida nafaqat AQSh va Xitoyda, balki Germaniyada ham qurish mumkinligini isbotlab qo‘ydi. «Germaniya ham tezkor bo‘lishi mumkin», — deya g‘urur bilan qayd etgan Olaf Shols o‘z chiqishida.

Tesla Model Y’ni Kaliforniya va Shanghayda ham ishlab chiqarmoqda

Albatta, konveyerni tantanali ishga tushirish marosimidan so‘ng korxonaga loyihaviy quvvatga chiqishi uchun yana bir necha oy talab etiladi, lekin Tesla rahbari va menejyerlari bunisini ham eplashiga endilikda hech kim shubha qilmayapti. Boz ustiga, Kaliforniya va Shanghaydagi gigafabrikalarda Model Y’ni ishlab chiqarish bo‘yicha boy tajriba to‘plangan. Bu texnologik jarayonlarni o‘rnatishni tezlashtirishga sabab bo‘ladi, garchi nemis korxonasida avtomatizatsiya darajasi Xitoydagiga nisbatan yuqoriroq bo‘lsa ham.

Tesla’ning Gryunhaydedagi gigafabrikasining maydoni 300 gektardan iborat. Foto: Bild / Patrick Pleul

Faqat bitta muammo bor: ishlab chiqarish rejalari global logistika zanjirlari buzilishi, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi va RFga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar tufayli xomashyo va alohida detallarni yetkazib berishda uzilishlar hosil bo‘lishi ortidan jabr ko‘rishi mumkin.

Lekin ekspertlar Tesla’ning xarid siyosati spetsifikasiga ishora qilishmoqda: kompaniya oldindan AQSh va Avstraliyadagi xomashyo ishlab chiqaruvchilar bilan shartnoma imzolagan, shuningdek, ular boshqa sohalardan farqli o‘laroq yetkazib beruvchilarga kamroq bog‘langan va zarur tarkibiy qismlarni o‘zlari ishlab chiqarishni afzal bilishadi. Masalan, Tesla Gryunhaydedagi zavodi oldida akkumulyator ishlab chiqaruvchi o‘z fabrikasini qurishni boshlab yuborgan.

Ilon Mask premium segmentdagi nemis avtosozlariga qarshi chiqmoqda

Biroq yangi korxonaning rekord sur’atlarda barpo etilishining o‘zi muhim hodisa sanalmayapti. Ilon Mask Yevropadagi gigafabrikasini aynan Germaniyada joylashtirishga qaror qilgani nemis avtomobil sanoati tajribasi va nou-hausiga katta ishonch bildirgani belgisi o‘laroq qabul qilishdi. Gryunhaydedagi zavod, shubhasiz, GFR iqtisodiyotining bu muhim sohasi potensialini mustahkamlaydi va xalqaro maydonda tan olinishiga sabab bo‘ladi.

Bir vaqtning o‘zida, Tesla’ning Germaniyaga bu qadar ulkan ishlab chiqarish bilan kirib kelishi premium segmentga mo‘ljal olgan an’anaviy nemis avtosozlari uchun ham to‘g‘ridan to‘g‘ri chaqiruvdir. Ular bu qadar yirik va dinamik raqobatchiga qarshi turish uchun ko‘p kuch va mablag‘ sarflashlariga to‘g‘ri keladi.

Gryunhaydedagi tantanalar boshlanishidan ikki hafta avval Yevropaning eng yirik Volkswagen avtokonserni 2 mlrd yevro evaziga Volfsburgdagi bosh zavod yonida avtomatik boshqaruv elementlariga ega mutlaqo yangi Trinity ommaviy elektromobili ishlab chiqarishga qaratilgan investitsion loyihani uzil-kesil tasdiqladi. VW rahbariyati qurilish ishlariga 4 yil ajratishgan.

 Tesla’ning Berlindagi firmali quvvatlash stansiyalari. Foto: DPA / Bernd von Jutrszenka

Tesla gigafabrikasi ochilishidan bir hafta avval BMW rahbariyati faqat elektr itarma bilan ishlovchi avtomobillarning istiqbolini optimistlarcha baholashini, avval reja qilinganidek 2030 yilgacha emas, undan avvalroq konsern sotuvining kamida yarmi elektromobillar bo‘lishini xabar qilgan.

Sharqiy Germaniya elektromobillar ishlab chiqaruvchi markazga aylanmoqda

Shunday qilib, Germaniyada Tesla gigafabrikasining paydo bo‘lishi butun nemis avtosanoatini harakatga keltiruvchi ulkan kuch bo‘libgina qolmasdan — shundoq ham tez sur’atlarda ichki yonuv dvigatellaridan elektromotorlarga o‘tayotgan soha ishini yanada tezlashtirdi. Mohiyatan, 2022 yilning 22 martida Germaniya avtobozorida yangi davr boshlandi — elektromobillarga ommaviy o‘tish davri. Nafaqat Germaniya bozorida: yiliga yarim million avto ishlab chiqarar ekan, yangi zavod butun Yevropani elektromobillar bilan ta’minlaydi. 

Germaniyada elektromobillar ishlab chiqarish va eksport qilish bo‘yicha asosiy markazlar mamlakat sharqida joylashib qolganiga nima deysiz: Gryunhaydeda (Tesla), Tsvikkau va Drezdenda (Volkswagen), Laypsigda (BMW va Porsche) va Berlinda (Mercedes-Benz). Hozircha 3 ming, istiqbolda 12 ming kishi mehnat qiladigan yangi gigafabrikaning ochilishi muhim hodisa sifatida baholanayotganiga sabablardan biri sotsializmdan so‘ng sanoat korxonalarining turib qolishidan aziyat chekkan sobiq GDR hududi iqtisodiy o‘sishning yorqin ramziga aylanmoqda.

Garchi, Sharqiy Germaniyada sanoat uyg‘onishining boshqa ramzlari ham bor. Masalan, juda quvvatli shamol parklari. Aynan ularning sharofati bilan Ilon Mask o‘zining Yevropadagi ishlab chiqarish maydonini Brandenburg federal yerida qurishga qaror qilgan: u o‘z gigafabrikasi tiklanuvchi energiyada ishlashini istagan.

Tesla gigafabrikasi qurilishiga qarshilar uning ochilishi munosabati bilan norozilik namoyishiga yo‘l olishmoqda. Foto: DPA / Carsten Coall

Mana shunda yorqin ekologik tarkibga qaramasdan 300 gektar maydondagi Tesla zavodi qurilishiga qarshi so‘nggi ikki yil mobaynida namoyishlar bo‘ldi, uning ochilish kuni ham turli tabiatni himoya qiluvchi tashkilotlar tanishgani yo‘q. Ular korxonaning katta miqdorda suv iste’mol qilishi yaqindagi suv havzalari va grunt suvlarining ifloslanishiga olib kelishidan cho‘chishmoqda. Xullas, Maskning Gryunhaydedagi zavodi nafaqat raqobatchilar, jamoatchilikning ham kuzatuvi ostida bo‘ladi.

Mavzuga oid