Eski shahardan Daniyagacha: “data scientist” Abduvoris Abduvahobovdan Yevropaga grant yutish bo‘yicha 8 maslahat
Ilm, shaxsiy rivojlanish yo‘lida o‘zini ayamaydigan yoshlar tajribasi ko‘pchilikka qiziq bo‘lsa kerak. Ana shundaylardan biri Abduvoris Abduvahobov hozir Daniyada doktoranturada o‘qiyapti. U birvarakayiga bir nechta nufuzli xalqaro grantni yutish yo‘llari, bakalavr davrida karera qilish va kelajak kasbiga aylangan “data science” – katta ma’lumotlar ilmi haqida so‘zlab berdi.
Ilk yutuq
Hammasi Toshkentning Xondamir mahallasidagi “Orom” gimnaziyasidan boshlanadi. Abduvoris Eski shahardan uzoqroq maktabga qatnab o‘qirkan, 2009 yilda Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti (TXVU) qoshida ochilganiga ko‘p bo‘lmagan akademik litsey haqida eshitadi. Unga o‘qishga kirishga tayyorlanadi va katta raqobatda yutib chiqib, top 150talik kuchli o‘quvchilar safiga kiradi.
U litseyda juda ko‘p bilim va ko‘nikma to‘plagani, “katta maqsadlari bor, intiluvchan, tirishqoq” tengdoshlar qurshovida ta’lim olganini faxrlanib eslaydi. Oldiga katta maqsadlar qo‘ygan Abduvoris litseyda uchinchi kursda tahsil olarkan, parallel ravishda TXVUning “foundation” (bakalavriatning birinchi yili) bosqichida o‘qish imkoniyatini ham qo‘lga kiritadi. Bu – juda ko‘plar orzu qiladigan natija edi.
1-maslahat: Maqsadi bor va o‘zingizdan bilimliroq odamlar qurshovida bo‘ling, ular sizni faqat oldinga yetaklaydi.
Biznes va IT kesishmasidagi mutaxassislik
Abduvoris Vestda BIS (Business Information Systems) – o‘zining ta’riflashicha, biznesni boshqarish va kompyuter ilmi o‘rtasidagi soha – bo‘yicha o‘qiy boshlaydi. Universitetdagi “egiluvchan” dars jadvallarining shukrini ado etib, ortib qolayotgan bo‘sh vaqtida yarim stavka ishlar yoki stajirovkalar topish harakatiga tushadi.
Bir nechta joyga borib ko‘rgandan keyin, dekanat tavsiyasi bilan O‘zbekiston elektron hukumatni rivojlantirish markaziga boradi. U yerdagi rahbar Abduvoris va uning do‘stlariga markazda ishlab ko‘rish ularga karera istiqbollari, chet elga chiqish imkoniyatini berishini va “E-GOV – bu katta narsa” ekaniga ishontira oladi.
2-maslahat: Bakalavriat paytidayoq karerani boshlashga, o‘z sohangizda amaliy bilimlarga ega bo‘lishga harakat qiling. Talabalar orasida jamoat ishlarida faol bo‘lish ham grant yutish imkoniyatlaringizni yanada oshiradi.
Volontyorlik tajribasizlikdan yaxshiroq
Davlat tashkilotida bir talaba o‘laroq ishlash deyarli daromad olib kelmaydi. Bu ko‘proq volontyorlikka o‘xshaydi. Biroq Abduvorisga ko‘ra, o‘ta har xil, ehtimol ba’zida uncha jozibali bo‘lmagan vazifalarni bajarishga to‘g‘ri kelsa ham, elektron hukumat markazida u odamlar bilan muloqot qilish, loyihalarni boshqarish kabi “soft” (umumiy) professional ko‘nikmalarni egallaydi.
Ko‘rinib turibdiki, Vestminsterda o‘qiydigan progressiv yigit-qizlarni jalb qilish davlatga ham (ayniqsa, e-hukumatga o‘xshash yangicha strukturalarga) kerak. Xullas, ikki tomon ham yutyapti.
3-maslahat: Grant dasturlari nomzodning kompaniyalar/tashkilotlar/odamlarga qanday yordam berganiga, rezyumedagi davlat xizmati va volontyorlik ishlariga qaraydi. Bunga e’tibor bering.
Faqat bittasini sevish xatosi
Abduvoris 4-kursligida faqat bitta stipendiya dasturi, ya’ni Yaponiyadagi magistraturaga vaqt, energiya va boshqa resurslarni sarflaydi. Ammo uning javobi ijobiy bo‘lmaydi.
4-maslahat: Bir vaqtning o‘zida bir nechta imkoniyatga harakat qiling, biri bo‘lmasa, boshqasi o‘xshaydi.
Hayotni o‘zgartirgan “database”
Qahramonimiz uchun eng muhim ma’lumotlar ombori grantlar uchun tuzilgan Excel sheet bo‘lsa ajab emas. U 2017 yilda Yevropa Ittifoqining elektron hukumat bo‘yicha Pioneer grantini (scholarship) qo‘lga kiritgan yaqin do‘sti va boshqa tanishlaridan farqli ravishda chet elda magistraturasini boshlay olmaydi. Ammo bu saboq bilan u Britaniyaning “Chevening”, Germaniyaning “DAAD”, Yevropa Ittifoqining ikkita Erasmus dasturiga qattiq tayyorlanib, qabul talablarini iloji boricha a’lo darajada bajarib, hujjat topshiradi.
2018 yilning yanvaridayoq Erasmus DCLead dasturi bo‘yicha suhbat bosqichiga o‘tib, grantni qo‘lga kiritadi. Buni qarangki, shu yili u nufuzli Chevening grantini ham yutadi.
5-maslahat: Magistratura, ayniqsa grantlar uchun hujjatlar bir necha hafta/oy davomida yig‘ib topshiriladi, insho/cover letter'larni bir nechta odamga o‘qitish, maslahat olish kerak. Har bir dastur uchun individual yondashish va sarflanadigan vaqtni to‘g‘ri hisoblash juda muhim. Bularning hammasini Excel database orqali tartiblab, nazorat qilib tursa bo‘ladi.
Zalsburg, Kopenhagen va Jyeneva orasidagi yevromagistratura
Erasmusning magistratura grantlari talabaning hamma xarajatlarini qoplaydi: borish-kelish, turar joy, kutubxona va laboratoriyadan tortib qo‘lga beriladigan oylik stipendiyalargacha. Ammo magistr diplomining o‘zi Abduvoris uchun kamlik qilardi, albatta. O‘qishlarda “zachyot” uchungina o‘qimay, u yana Coursera, Udemy platformalarida mustaqil ravishda “data science” kurslarini o‘rganadi. Bir semestr Avstriyaning Zalsburgida, keyin Daniyaning Kopengagenida o‘qiydi.
Unga professorlari tajriba to‘plashni maslahat berishadi, ammo amaliyot qilish majburiy bo‘lmaydi. 2020 yilning boshida esa Shveytsariyaning Jyeneva shahrida joylashgan IATA'ga (Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi) stajirovkaga qabul qilinadi.
6-maslahat: Biror sohani yaxshilab o‘rganish uchun odam o‘zi mustaqil o‘rganishi, agarchi bu dastur talabi bo‘lmasa ham, stajirovkalar qilishi zarur. Yevropadagi barcha magistratura bosqichlari talabalarni o‘z ustida ishlashga yo‘naltirgan.
Pandemiya sabab ishchilar qisqartirilishi
Kutilmaganda pandemiya boshlanishi hamma sohalar kabi, ehtimol, ularning ichida eng ko‘pi, aviatsiya sohasini larzaga keltiradi. Ushbu krizis tufayli Abduvoris jalb qilingan R&D bo‘limi data-tahlil bo‘yicha loyihalarini to‘xtatib turishga qaror qiladi.
“Stajirovka davomida asosan COVID bilan bog‘liq tahlil va izlanishlar olib bordik”, deb eslaydi u. Olti oylik amaliyotdan so‘ng mazkur tashkilotda uning avval umid berilganidek ishda olib qolinishi so‘roq ostida qoladi. Sababi ishchilarni qisqartirish boshlangan paytda ikkilamchi bo‘lim uchun yangi ishchi olinmas edi, albatta.
Ishning o‘zi topib kelishi
Ko‘p narsa mavhum birinchi lokdaun paytlari qahramonimiz charter reys bilan Toshkentga qaytishga qaror qiladi. Ona shahrida esa unga bir nechta joylar, xususan, O‘zbekistondagi progressiv kompaniyalardan biri Newmax Technologies ish taklif qiladi. Shunday qilib u Express24.uz'ning “data science” jamoasini shakllantirish va yuritish uchun yeng shimaradi.
Bu yerda u eski uslubda Exsel jadvallarini printerdan chiqarish amaliyotlari o‘rniga Power BI kabi texnologiyalardan foydalanishni joriy qiladi, yana suhbat davomida u katta qiziqish bilan aytgani, ammo biz unchalik tushunmaganimiz texnik vazifalarni bajaradi.
Undan tashqari, o‘z tashabbusi bilan vebsaytda “Tavsiya qilinganlar” miniservisini ishlab chiqadi va natijalar hayratlanarli darajada ijobiy chiqadi.
7-maslahat: O‘z kasbingizni yaxshi ko‘rib, uni o‘rganib, mutaxassis bo‘lishga intiling hamda LinkedIn kabi tarmoqlarda o‘zingiz borligingizni bildiring. Shunda siz ish qidirib o‘tirmaysiz, aksincha u sizni topib keladi.
Skandinaviyaga PhD uchun qaytish
Yevropa Ittifoqining PhD uchun grant dasturida g‘olib bo‘lganidan xabar topgan Abduvoris Express24'dagi ishini boshqa yana bir munosib mutaxassisga topshirib, jomadonlarini yig‘ishtira boshlaydi.
“Ishlash davomida tushundimki, “data science”ni yo‘lga qo‘yish uchun avvalambor kerakli bir bosqich – “data engineering” men uchun qiziqarli jabha ekan. Uni chuqurroq o‘rganishni maqsad qildim”, deb tushuntiradi u. Hozirda Abduvoris Abduvahobov Olborg Universitetida (Daniya) o‘qishini davom ettirmoqda.
8-maslahat: Ishlab, biror ishni qilib ko‘ribgina uning turli tomonlarini o‘rganish mumkin va vaqti kelganida odam o‘z hayot yo‘lini qayta “kalibrlab” turishi – tabiiy hol.
Bonus maslahat: Umuman, qaysi sohaga qiziqar ekanman deb uzoq o‘ylanib hech nima qilmay o‘tirgandan ko‘ra, hech bo‘lmasa o‘zingizga sal-pal yoqqan biror ishni qilib ko‘raverish kerak. O‘zingizga eng yoqadigan va qo‘lingizdan keladigan ishni shunda topasiz.
Saidaziz A’zamov
Mavzuga oid
13:27 / 14.12.2024
O‘zbekistonlik yoshlarning IELTS'dagi natijalari sezilarli yaxshilandi
18:19 / 07.12.2024
Yoshlarga Work & Travel dasturlari xarajatlari uchun ssuda ajratiladi
10:11 / 28.11.2024
O‘zbekiston aholisi har yili 700 mingdan ortiq kishiga oshmoqda
15:32 / 22.11.2024