O‘zbekiston | 12:10 / 26.03.2022
16864
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda gaz ta’minoti korxonasi binosida portlash sodir bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Toyloqtumangaz” gaz ta’minoti korxonasi binosida portlash sodir bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Tuman hokimligi axborot xizmati munosabat bildirdi.

Munosabatda yozilishicha, joriy yil 18 mart kuni soat 15:00larda “Toyloqtumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi elektron gaz hisoblagich muhandisining xizmat xonasida portlash sodir bo‘lgan. Oqibatda “Toyloqtumangaz” gaz ta’minoti bo‘limining 2 nafar xodimi hamda 2 nafar murojaat bilan kelgan fuqaro tan jarohati olgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, muhandisning xizmat xonasida o‘rnatilgan va ishlab turgan “ARTEL” rusumli konditsioner chaqnashi oqibatida portlash sodir bo‘lgani aniqlangan. Voqea joyidan nosoz holatda kelgan bir dona “ARTEL” rusumli konditsioner ashyoviy dalil sifatida olingan.

Baxsiz hodisa tufayli tan jarohati olgan fuqarolar zudlik bilan shifoxonaga yotqizilib, zaruriy muolajalar qilingan. Ayni damda bemorlarning ahvoli yaxshi.

Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda ushbu holat bo‘yicha Toyloq tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

«Mazkur holat yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda asoslantirilmagan xabarlar tarqalmoqda. Fuqarolardan aniq va ishonchli manbalardan axborot olishlarini so‘raymiz», deyiladi munosabatda.

Mavzuga oid