Jamiyat | 17:52 / 06.04.2022
21208
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zining uyi bo‘lmay, qiz farzand asrab olgan ayol hikoyasi

“Har bir inson hayotda qandaydir ezgulik qilishi, jasorat ko‘rsatishi kerak. Men balki boshqalar uchun kichik, lekin o‘zim uchun ulkan jasoratni qilganman”.

Fotokollaj: Kun.uz

Bola asrab oluvchilarning ko‘pchiligi o‘ziga to‘q insonlar yoki farzandsizlar bo‘ladi. Lekin men qizimni olib kelganimda ikki o‘g‘lim bor edi. O‘zimning uyim yo‘q, ro‘zg‘orga ham qiynalgan kunlarimda bemor chaqaloqni qaramog‘imga oldim. Hozir qizim suyanchig‘im mening, o‘zining ham qizi bor, deya so‘z boshladi “Hayotiy hikoyalar” ruknining navbatdagi qahramoni.

Nega buni so‘zlab beryapman?

Hayotiy hikoyalarni o‘qirkanman, mening taqdirimdagi o‘ziga xos jihat boshqalarga ibrat bo‘lishi mumkin, deb o‘yladim. Sizga nafaqat qismatimni aytib beryapman, balki shu paytgacha o‘zim va yaqinlarimdan boshqalar bilmaydigan, hatto qizimning o‘zi ham bexabar sirni ham ochyapman.

Har bir inson hayotda qandaydir ezgulik qilishi, jasorat ko‘rsatishi kerak. Men balki boshqalar uchun kichik, lekin o‘zim uchun ulkan jasoratni qilganman. Balki inson taniqli yoki puli ko‘p bo‘lganida birovning bolasini boqib olishi osondir. Lekin men endigina 31 yoshga kirgan, o‘zining uy-joyi bo‘lmagan, hayotda mustahkam o‘rnini topa olmagan paytim edi.

Kutilmagan uchrashuv

Hammasiga bitta turtki sabab bo‘lgan va haligacha o‘sha turtkini hayotimning burilish nuqtasi deb hisoblayman. Menda farzand asrab olish niyati bo‘lmagan. Endigina ro‘zg‘ori bo‘lak bo‘lgan, ijarada yashayotgan kelin edim. Ikki o‘g‘lim bor edi.

Bir kuni dugonam bilan shunchaki tasodif tufayli “Go‘daklar uyi”ga borib qoldik. Direktor bizni aylantirdi va xonalardan biridagi qizaloqni ko‘rsatdi. Onasi vafot etgan, otasi parvarishlay olishiga ko‘zi yetmay shu yerga topshirgan ekan. Endigina 4 oylik bo‘lgan, og‘ir kasallikka chalingan qizaloqni ko‘rib, ko‘zim yoshlarga to‘ldi.

Bu yerdan chiqqanimda qat’iy qarorga kelib bo‘lgandim. Qarshiliklar, tushunmovchiliklar bo‘ldi. Lekin yig‘lab turib oldim. Xullas 2,5 kilo ham chiqmaydigan bir parcha etni amallab uyimga olib keldim va parvarishlay boshladim.

Oyoqqa qo‘yish

Qizimni davolatish, tengdoshlariga yetkazib olish, eng muhimi – bu sirni saqlab ulg‘aytirishdagi qiyinchiliklarni o‘zim bilan Alloh biladi. Tilla taqinchoqlarimni sotib, bolaga yeguliklar olgandim. Uyimdagi oxirgi mebelni pullab, qizimni davolatish uchun ishlatganman. Chunki u 2 yoshigacha yurmagan, gapirmagan. Faqat boshini burib qarash va emishni bilardi. Yaqinlarim bu qarordan hayron bo‘lishar, ayrimlari chiday olmay ta’na ham qilishardi. “Bola asrab olarkansan, hech bo‘lmasa sog‘lomini olsang bo‘lmasmidi?!” deya ochiq aytganlari ham bo‘lgan.

Ko‘pchilik shu sinovlarni, moddiy yetishmovchiliklarni o‘ylab bola asrab olishni tasavvur qila olmaydi. Menda esa aynan teskarisi bo‘lgan, qizim ulg‘aygani, sog‘aygani sari o‘zimga bo‘lgan ishonch ortgan, ro‘zg‘orimga baraka kirgan, dadasining ham, o‘zimning ham ishlarim yurishib ketgan. Darvoqe, erim hamisha bu qarorimni qo‘llab-quvvatlagan.

Yig‘inib o‘z uyimizga ega bo‘ldik. Qizimni ham boshqa farzandlarimdan ortiq ko‘rib katta qilaverdim. Hozir ham vaqti-vaqti bilan qizimga tikilib qolaman, u hanuz o‘z taqdiridan bexabar “ha, aya” deydi hayron bo‘lib. Uning qizalog‘ini quchganimda esa bu dunyoga bejiz kelmaganimga ishonaman.

O‘z boshimga tushgan sinov

Uch yil avval shunday sinovga duch keldimki uning yukidan haligacha aziyat chekaman. Og‘ir dardga chalindim, go‘yoki butun dunyo mendan naridek bo‘ldi. Endi hech narsa iziga tushmaydigandek hislarni boshdan kechirdim. O‘shanda qizginam mening asosiy tirgagim bo‘ldi. Bir lahza yonimdan ketmadi va haqiqiy suyanchig‘imga aylandi. Vaqti kelsa keliningga ham va hatto onangga ham dardingni ayta olmaysan. O‘sha onlarda Alloh bu ne’matni aynan shuning uchun menga ato etganiga amin bo‘ldim.

Shukr, u dard ham aridi, sog‘ayib ham ketdim. Lekin qizim men uchun qanchalik kuyingani ko‘z oldimdan ketmaydi. Hozir ham qizimga qarab o‘ylayman, gen degan tushunchalar ham to‘g‘ri emas shekilli. O‘zini tutishi, ro‘zg‘or tutumlari, fe’l-atvori va jonsarakligi xuddi o‘zim. Bu ham Allohning chevarligi bo‘lsa kerak...

Sirni qachon ochaman?

Yaqinda o‘g‘illarimni yonimga oldim va ularga bu sirni aytdim. Shunchalik hayratda qolishdiki... Oilamizdagi o‘rni ham, merosdagi ulushi ham tengligicha qolishi shartligini tushuntirdim. O‘g‘illarimga aslida bu gaplarning hojati ham yo‘q edi. Ular ikkisi ham singillarining taqdiridan to‘lqinlanib yig‘lashdi, “bu sirligicha qolsin”, deya iltimos qilishdi.

Ammo baribir qizimga asrab olganimni aytishim kerak. O‘zimdan eshitgani, bor voqeani boricha bilgani ma’qul nazarimda. Chunki boshqa birov menchalik tushuntira olmasligi mumkin.

Abror Zohidov yozib oldi.

Mavzuga oid