Jamiyat | 15:02 / 09.04.2022
25935
3 daqiqa o‘qiladi

Pop tumani hokimi o‘rinbosarining hazil videosi tarqaldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyati Pop tumani hokimi o‘rinbosari Zafarjon Arslonov bilan bog‘liq video paydo bo‘ldi. Videoda hokim o‘rinbosari dastlab fuqarolarga hokimlik binosida sayyor qabul bo‘lishini e’lon qiladi, shundan keyin (montaj qilib kadr kesilgan) hazil qilib fuqarolarni chips yeyishga chaqiradi.

“Qadrli vatandoshlar, aziz popliklar. Haftaning har seshanba kuni Pop tumani hokimligi binosida tuman hokimi boshchiligida, sektor rahbarlari ishtirokida sayyor qabullar bo‘lib o‘tadi”, – deydi jiddiy ohangda hokim o‘rinbosari.

Shundan so‘ng, videoda qisqa uzilish bilan o‘sha hokim o‘rinbosari o‘sha joyda fuqarolarga yana “murojaat” qiladi.

“Hurmatli fuqarolar… Hamma gap bir tiyin, chips yenglar”, – deya chips yegan holatda kuladi Zafarjon Arslonov.

Hokimlik matbuot kotibi Furqat Ermatovga ko‘ra, “ushbu lavha va suhbat jarayonida umuman boshqacha muhit” bo‘lgan.

“Odamlarga nima bo‘lgan o‘zi, shunday muborak kunda qalbni og‘ritish yaxshi ishmi, o‘sha qalb Allohga yaqin bo‘lsa, sizning xonavayron bo‘lganingiz o‘sha emasmi.

Hurmatli kuzatuvchilar, bu lavha umuman bir-biriga aloqasi yo‘q bo‘lgan ikki xil mavzudagi lavhalardir. Buni o‘zingiz ham ko‘rib turibsiz va bu kabi atayin tayyorlangan videolarning bugungi kunda ko‘payib borayotganidan ham xabardorsiz. Yaqin 2 soat davomida tasvirga olingan videodan bu kabi jirkanch lavha tayyorlashga uyaling. Axir siz to‘liq tasvirni ko‘rmagansizku?” – deya yozadi hokimlik matbuot kotibi.

Shuningdek, u asossiz lavhani tarqatib hokim o‘rinbosarining obro‘sini to‘kmaslikka chaqirgan.

“Asl holat umuman boshqacha bo‘lgan asossiz lavhani tarqatib, bir fidoyi bo‘lgan xodimning obro‘sini tushirmang. Agar vatanparvar bo‘lsangiz, bizdan so‘raganingizda tushuntirib oydinlik kiritib bergan bo‘lar edik. Xalqimizda “Yetti o‘lchab bir kes” degan dono naql bor. Shunday ekan, har birimiz – kasbimiz, vazifamizdan qat’i nazar – ezgu maqsad yo‘lida o‘zaro hamfikr, yakdil, muloqotda samimiy bo‘lsak, ko‘zlagan rejalarimizni, albatta, amalga oshiramiz”, – deydi Furqat Ermatov.

Mavzuga oid