Jamiyat | 11:35 / 14.04.2022
21345
3 daqiqa o‘qiladi

Qotil bola talashib jinoyatga qo‘l urgan: Surxondaryoda ona va qizining o‘ldirib ketilgani bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar berildi

Qotil farzandlarini bermaslik uchun sudga da’vo arizasi kiritmoqchi bo‘lgan xotini va uning onasiga og‘ir tan jarohatlari yetkazadi. Oqibatda ular vafot etadi.

Illyustrativ foto

Bundan bir necha kun avval Kun.uz’da Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida keksa yoshdagi ayol va uning qizini o‘ldirib ketgan shaxs Rossiyada ushlangani haqida xabar berilgandi. Viloyat IIB axborot xizmati mazkur jinoyat tafsilotlarini oshkor qildi. Unga ko‘ra qotil uch nafar farzandini talashib turmush o‘rtog‘i va qaynonasini o‘ldirgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Sariosiyo tumani Toqchiyon mahallasida ro‘yxatda turgan va Toshkent viloyati Angren shahrida yashagan S.N. Rossiyaga ishlashga ketib, turmush o‘rtog‘i Z.M. unga xiyonat qilib kelganini bilib, 2022 yil yanvarda O‘zbekistonga qaytadi.

U kelishi bilan voyaga yetmagan 3 nafar farzandini o‘zi bilan olib qolib, turmush o‘rtog‘i bilan ajrashish maqsadida, uni uydan chiqarib yuboradi. Shundan so‘ng er-xotin o‘rtasida farzandlar kimda qolish-qolmasligi ustidan tortishuv boshlanadi.

S.N. xotini sud orqali farzandlarini o‘ziga olish uchun da’vo arizasini yozib, taqdim qilish choralarini ko‘rayotganini bilib, undan o‘ch olish rejasini tuzadi.

U xotiniga o‘g‘illaridan birini ko‘rsatish uchun olib borishini, u bilan yarashmoqchi ekanini aytib, Z.M. onasi X.X. bilan birga yashayotgan Sho‘rchi tumani Yakkabog‘ mahallasidagi xonadonga boradi. O‘g‘lini qaynonasi X.X. va xotini Z.M. bilan uchrashtiradi.

So‘ng uydan chiqib qaynonasi va xotini uxlashini kutadi. Qulay vaqt paydo bo‘lganda xonadonga qaytib kirib ayvonda uxlab yotgan qaynonasi X.X. va xotini Z.M.ning bo‘yin qismiga o‘tkir kesib-sanchuvchi jism bilan tan jarohati yetkazadi. Oqibatda ular ko‘p qon yo‘qotib voqea joyida vafot etadi.

Mavzuga oid