O‘zbekiston | 18:49 / 16.04.2022
13464
2 daqiqa o‘qiladi

Oyoqosti bo‘layotgan moratoriy: Surxondaryodagi bog‘cha hududida 43 tup daraxt noqonuniy kesib tashlandi

Noqonuniy kesilgan daraxtlar 1 tup mojjyevelnik, 1 tup rus daraxti va 41 tup tuya daraxtlaridan iborat bo‘lgan.

Foto: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi

Davlat Ekologiya qo‘mitasi axborot xizmatining xabar berishicha, Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga Angor tumani Gulzor mahallasida joylashgan bog‘chada ko‘plab daraxtlar kesib tashlangani haqida murojaat kelib tushgan.

Murojaatga asosan, Davlat ekologik nazorat inspektorlari tomonidan Angor tumani Gulzor mahallasi hududida joylashgan 6-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotiga tegishli hududda tekshirish ishlari olib borilgan.

Tekshiruvlar davomida bog‘cha hududidagi 1 tup mojjyevelnik, 1 tup rus daraxti va 41 tup tuya daraxtlari tag qismidan noqonuniy kesib tashlanganligi aniqlangan.

«Hozirda ushbu holat yuzasidan Davlat ekologik nazorat inspektorlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda», deyiladi munosabatda.

Avvalroq Sirdaryo viloyati Guliston tumanida ariq bo‘yida o‘sib turgan 170 tup tol daraxti, Qashqadaryoda 10 tup tut daraxti noqonuniy tarzda kesib tashlangandi.

Shuningdek, Qarshi davlat universiteti hududida 38 tup daraxt noqonuniy kesilgan. Andijonda tug‘uruqxona oldidagi 12 tup qimmatbaho daraxt kesib tashlangan. Bundan tashqari, Yunusobod tumanidagi Amir Temur va Chinobod ko‘chalari kesishmasida ekilgan eldor qarag‘aylari kechki payt noma’lum shaxslar tomonidan kesib ketilgan. Andijon va Toshkentdagi holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Prezidentning 30 dekabrdagi farmoni bilan, O‘zbekiston hududida daraxtlarni kesishga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgan, tartibni buzganlik uchun jarimalar 5 barobarga oshirilgan, yetkazilgan zarar 2 barobar qilib undirilishi belgilangan edi. Farmonda noqonuniy daraxt kesish holatlarini foto va videotasvirga olib jo‘natganlarga pul to‘lanishi ham ko‘zda tutilgan. Shunga qaramasdan, joylarda hamon noqonuniy daraxt kesish holatlari to‘xtamayapti.

Mavzuga oid