O‘zbekiston | 11:22 / 16.04.2022
2820
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda Nexia mashinasini o‘g‘irlab ketib yoqib yuborgan shaxs ushlandi

O‘g‘ri mashinani yoqib yuborishdan avval uning gaz balloni, davlat raqamlari hamda zaxira g‘ildiragini yechib olgan.

Foto: Tergov departamenti

IIV huzuridagi tergov departamentining xabar berishicha, 2022 yil 9 aprel kuni Sardoba tumanida yashovchi 42 yoshli A.M. viloyat IIBga qo‘ng‘iroq qilib ishonchnoma asosida boshqarib yurgan Nexia-1 mashinasini noma’lum shaxs yashash uyi oldidan olib qochib ketganini ma’lum qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Sardoba tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida jabrlanuvchiga tegishli mashina Sardoba tumani Qo‘yitosh mahallasi hududidan o‘tuvchi avtoyo‘lning 6-kilometrida yoqib yuborilgan holda topilgan.

Mashina ko‘zdan kechirilgan vaqtda o‘g‘ri tomonidan uning davlat raqamlari, gaz balloni hamda yukxonasidagi zaxira g‘ildiragi yechib olib ketilgani aniqlangan.

Tergov-tezkor harakatlar davom ettirilib, mazkur jinoyatni Sardoba tumanida yashovchi muqaddam sudlangan 30 yoshli K.R. sodir etgani aniqlangan. Uning yashash xonadoni tintuv qilinganida, olib qochilgan Nexia-1 mashinasining gaz balloni hamda zaxira g‘ildiragi mavjudligi aniqlanib, ular ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Qayd etilishicha, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha K.R. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 2-qismi “g” bandi va 173-moddasi 1-qismi (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) bilan ayblov e’lon qilinib, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid