O‘zbekiston | 12:14 / 18.04.2022
22609
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida qulupnay sotuvchilar va ichki ishlar xodimlari o‘rtasida janjal yuz berdi

Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida qulupnay savdosi bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar va ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida mojaro yuz berdi.

Foto: t.me/Sh_Giyasov_IIV_matbuot_kotibi

Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning xabar berishicha, yo‘lning qatnov qismida qulupnay savdosi bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar harakat xavfsizligiga xalaqit berib, jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida jalb etilgan ichki ishlar organlari xodimlariga qarshilik ko‘rsatgan.

“Albatta, yuzaga kelgan xavf zudlik bilan bartaraf etilib, jamoat xavfsizligi ta’minlangan. Jamoat tartibini buzgan barcha ishtirokchilarning shaxsi aniqlanib, ular bilan surishtiruv ishlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, voqea joyida ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslik, ularga qarshilik ko‘rsatish kabi chaqiriqlar qilgan fuqarolar ham aniqlangan.

Holat yuzasidan rasmiy munosabat tayyorlanayotgani aytiladi.

“Bunday hodisalarni bo‘rttirish va ichki ishlar organlari xodimlarini yomonotliq qilib ko‘rsatishga shaylangan “jamoatchilik vakillari” faollashganini inobatga olib, haqiqiy jamoatchilik nazorati sub’yektlaridan yo‘l yoqalaridagi tartibsiz savdo-sotiq bilan bog‘liq muammolar, ular ortidan kelib chiqayotgan yo‘l-transport hodisalari va hokazo masalalarga ko‘proq e’tibor qaratishlarini maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz”, deyiladi ichki ishlar vaziri matbuot kotibi ma’lumotida.

Mavzuga oid