O‘zbekiston | 17:03 / 20.04.2022
36161
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh O‘zbekiston chegara qo‘shinlari uchun transport vositalari taqdim etdi

AQSh O‘zbekiston DXX Chegara qo‘shinlariga qiymati 2,5 mln dollarlik 50 dona Toyota Hilux va Fortuner pikaplarini topshirdi. Avtomashinalar Yadro qurollarini tarqatmaslik va qurolsizlanish jamg‘armasi doirasida taqdim etildi.

Foto: AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi

AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniel Rozenblyum O‘zbekiston DXX Chegara qo‘shinlariga 50 ta Toyota Hilux va Fortuner rusumli avtomashina topshirdi. Bu haqda Qo‘shma Shtatlarning Toshkentdagi diplomatik vakolatxonasi xabar berdi.

Chegara qo‘shinlari nomidan avtomashinalarni qo‘mondon o‘rinbosari, polkovnik Baxtiyor Mansurov qabul qilib olgan. Ushbu transport vositalari AQSh davlat departamenti moliyalashtiruvchi Yadro qurollarini tarqatmaslik va qurolsizlanish jamg‘armasi doirasida sovg‘a qilingan. Qiymati 2,25 million dollarga teng avtomashinalar AQShning xavfsizlik sohasida O‘zbekistonga ko‘rsatayotgan yordamining bir qismi hisoblanadi.

«2001 yilda AQSh va O‘zbekiston ilk bor mudofaa sohasi va qurollar tarqalishining oldini olish to‘g‘risidagi bitimni imzolagandan buyon mamlakatlarimiz yadroviy, biologik, kimyoviy va radiologik materiallar tarqalishiga qarshi kurashish, shuningdek, chegara xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha to‘la huquqli sherik bo‘lib kelmoqda. Bugun biz hamkorligimizning navbatdagi bosqichini nishonlashdan mamnunmiz va umid qilamizki, topshirilayotgan avtomashinalar O‘zbekiston davlat chegarasi va «yashil chegara»ni qo‘riqlashda chegara qo‘shinlarining imkoniyatlarini oshiradi hamda chegaradagi voqea-hodisalarga tezkor javob qaytarish imkonini beradi», deydi elchi Rozenblyum o‘z nutqida.

Ma’lumot uchun, 1994 yili tashkil etilgan Yadro qurollarini tarqatmaslik va qurolsizlanish jamg‘armasi AQSh hukumatiga zudlik bilan qaror qabul qilishni talab etuvchi qurol tarqalishining oldini olish va qurolsizlanish sohasidagi kutilmagan va murakkab vaziyatlarda operativ javob qaytarishga imkon yaratadi. Ushbu jamg‘arma ishni ishonchli, xavfsiz va tejamkorlik bilan amalga oshirishda strategiya ishlab chiqish, muzokaralar olib borish, dasturlarni boshqarish, moliyaviy operatsiyalar va shartnomalarni bajarish bo‘yicha katta tajribaga ega.

Mavzuga oid