“Ma’naviy jasorat” - prezident mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini qaramog‘iga olgan oilalarga minnatdorchilik bildirdi
O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib Kitob tumanidagi 5-son va Qamashidagi 4-son Mehribonlik uylari yopilib, ularning tarbiyalanuvchilari oilaviy bolalar uylariga olingan. Shavkat Mirziyoyev 5 nafardan 10 nafargacha bolani qaramog‘iga olgan oila vakillari bilan suhbatlashib, ular ma’naviy jasorati bilan o‘rnak bo‘layotganini aytdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga safarini yangi tashkil etilgan Ko‘kdala tumanidan boshladi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Yangi tuman faollari bilan uchrashuvda davlat rahbari respublikada birinchilardan bo‘lib Kitob tumanidagi 5-son va Qamashidagi 4-son Mehribonlik uylari yopilib, ularning tarbiyalanuvchilari oilaviy bolalar uylariga olinganini qayd etdi.
Bu borada o‘rnak ko‘rsatayotgan bag‘rikeng qashqadaryolik oilalar, jumladan, uchrashuvda ishtirok etgan Xonimova va Xolliyevlar oilasi 10 nafar, Suyunov va Xamidovalar oilasi 8 nafar, Allanazarova va To‘rayevlar oilasi 5 nafar ota-onasi mehridan ayrilgan bolalarni o‘z qaramog‘iga olganini prezident ma’naviy jasorat deb atab, ularga o‘z nomidan va butun xalqimiz nomidan chuqur minnatdorchilik bildirdi.
“Sizlarning har biringiz mening farzandimsizlar. Mana, Milliy gvardiya qo‘mondoni, general Jo‘rayev mening vakilim bo‘lib, har bir muammolaringizni hal qiladi. Lekin sizlarga aytadigan gaplarim bor – hayotda hech narsaga osonlik bilan erishilmaydi. Bugungi shiddatli zamonda yaxshi o‘qishingiz, mana shu ota-onangizning tarbiyasini olishingiz lozim”, – dedi prezident bolalarga qarata.
Shuningdek Shavkat Mirziyoyev bolalarni o‘z bag‘riga olgan-onalarga ham murojaat qildi.
“Unutmang, sizlar ko‘p millatli O‘zbekiston xalqiga namuna bo‘lyapsizlar. Barcha yaxshi amallar ichida yetimlarning boshini silashning ajri o‘zgacha. Sizlar o‘zbek xalqiga haykal qo‘yyapsizlar, faqat u ma’naviy haykal, mehr-muruvvat, jur’at va shijoatga haykal. Men sizlar bilan faxrlanaman. Bu bolalarning kelgusida oliy o‘quv yurtlarida o‘qishlarini ham ta’minlaymiz”.
Davlat rahbari bolalar bilan suratga tushdi, har biri bilan alohida suhbatlashdi va esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Ma’lumot uchun, Qashqadaryo viloyatidagi 14 ta “Mehribonlik uyi”dan 10 tasi yopilgan, ulardagi bolalar oilalar bag‘riga o‘tkazilgan.
Mavzuga oid
18:11 / 12.12.2024
Mato ishlab chiqarish va bo‘yash korxonalari qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlanadi
19:53 / 11.12.2024
Toshkentda Yunusobod dehqon bozori o‘rnida uch qavatli ekobozor quriladi
19:47 / 11.12.2024
Mirziyoyev va Putin ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildi
15:25 / 06.12.2024