O‘zbekiston | 07:54 / 23.04.2022
50334
10 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga yangi tashqi ishlar vaziri kerakmi? Siyosiy tahlilchi bilan suhbat

Shu kunlarda Tashqi ishlar vazirligi va tashqi savdo vazirliklari birlashtirilishi hamda unga Sardor Umrzoqov rahbar bo‘lishi haqidagi gap-so‘zlar O‘zbekistonda ko‘p muhokama qilinmoqda. Umrzoqov yosh rahbarligini inobatga olib, xursand bo‘layotganlar ham, bu gaplar Abdulaziz Komilovning Ukraina bo‘yicha O‘zbekiston pozitsiyasiga oid bayonotidan so‘ng tarqalganidan xavotirga tushayotganlar ham, ikki vazirlikning birlashtirilishi prinsipial xatoliklar yaratishini aytayotganlar ham bor.

Kun.uz muxbiri siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning O‘zbekistonda kutilayotgan ushbu o‘zgarishlar borasidagi fikrlarini so‘radi.

— Kamoliddin aka, ikki vazirlik birlashtirilishi mavzusiga o‘tishdan oldin 10 yil davomida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri sifatida ishlab kelayotgan Abdulaziz Komilov haqida so‘ramoqchiman. Uning O‘zbekiston tashqi siyosatidagi faoliyatiga qanday baho bergan bo‘lardingiz?

— O‘tgan davrda biz ikki xil Abdulaziz Komilovni ko‘rdik. Birinchi Komilov Karimov davridagi vazir bo‘lsa, ikkinchisi 2016 yil, O‘zbekistonda hokimiyat o‘zgargandan keyingi Komilov.

Bu ikkisini umuman boshqa-boshqa shaxslar deyish mumkin. Avvalgi ma’muriyatning siyosiy tabiatidan kelib chiqib, biz birinchi Abdulaziz Komilovning ohangini va qarashlarini eshitmadik. U davrning qonuniyatida faqat bitta siyosatchi, bitta diplomat, bitta iqtisodchi va bitta xo‘jalikchi bor edi. 2016 yildan biz O‘zbekistonda turfa shaxslar, turfa qarashlar va turfa ohanglar borligini ko‘rdik.

1999 yilda Toshkentdagi fevral portlashlari paytida bo‘lib o‘tgan juda qisqa vaqtli brifinglarda Abdulaziz Komilov tashqi ishlar vaziri va xavfsizlik kengashi kotibi sifatida chiqish qilgandi. Ammo shundan keyin u yana yo‘qolib qoldi. Ikkinchi ma’muriyat davrida esa O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi va vazirning o‘zi diplomatlar qilishi kerak bo‘lgan ishlarni bajarib boshladi. Ammo dunyo standartlariga hali ham yetilgani yo‘q. Chunki odatda har qanday voqea yuz berarkan, davlatlarning tashqi ishlar vazirligi yoki vazirning o‘zi unga milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda munosabat bildiradi. Keyingi davrda O‘zbekistonda mana shunday harakatlar qisman bo‘ldi. Lekin buni tizimli ravishda har doim amalga oshirilyapti, deyish imkonsiz.

Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, birinchi Abdulaziz Komilov bu jamoatchilikka notanish va qarashlari butunlay noma’lum shaxs edi. Ikkinchi ma’muriyat davrida biz boshqacha Abdulaziz Komilovni taniy boshladik.

— Katta ehtimol bilan tashqi ishlar vaziri o‘zgarishi O‘zbekistonda tashqi siyosat konsepsiyasi yangilanayotgan bir paytga to‘g‘ri kelishida bog‘liqliklar bo‘lishi mumkinmi? Agar shunday bo‘lsa, bu nimani bildiradi?

— Fikrimcha, to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liqlik bo‘lmasa kerak. Men 2016 yilgi saylovdan avval O‘zbekistonning yangi prezidenti yangi tashqi ishlar vaziri bilan faoliyatga kirishsa kerak, deb o‘ylardim. Lekin ko‘ryapmizki, Komilov o‘z faoliyatini davom ettirdi. Bunda fikrimcha, Komilovning tajribasi muhim rol o‘ynadi.

O‘zbekistonda chindan ham tashqi siyosat konsepsiyasi yangilanyapti. Avvalgi konsepsiya jamoatchilikka bildirilmagan, matbuotda chop etilmagan, hatto dunyo jamoatchiligidan ham yashirib kelindi.

Savol tug‘iladi, qanday qilib tashqi siyosat konsepsiyasi jamoatchilik, tashqi dunyodan sir saqlanishi mumkin? Bu juda g‘alati va unikal holat. O‘ylashimcha, avvalgi konsepsiyada mintaqa atrofidan bo‘ladigan geosiyosiy bosimlarga barham berish va ularga qarshi turish salohiyatini huquqiy rasmiylashtirish vazifasi qo‘yilgan. Uning yangilanishi va jamoatchilikka ochiqlanishi ancha vaqtdan buyon kun tartibida turgan masala.

Vazirning o‘zgarishi esa ikkala harakatda hamohanglikka erishishga intilish bo‘lsa kerak. Lekin bu to‘g‘ridan to‘g‘ri bir-birini taqozo qiluvchi holatlar emas.

— Menda bundan keyingi savol — O‘zbekistonda tashqi ishlar vaziri o‘zgarishiga chindan ehtiyoj bormidi, degan savol edi. So‘zlaringizdan kelib chiqsak, bu ehtiyoj chindan bor edi...

— Xuddi shunday. Yangi prezident uchun o‘zining ishongan tashqi ishlar vaziri bo‘lishi juda muhim. Bu ma’muriyatning obro‘yi, uning reputatsiyasi va uning siyosiy mustahkamligini parvarishlovchi omillardan biri hisoblanadi.

O‘zbekistonda hokimiyatdagi o‘zgarishlar qattiq avtoritarizmdan keyin bosqichma-bosqich amalga oshdi. Shundan kelib chiqqan holda keksa yoshli kadrlar bosqichma-bosqich amalga almashtirildi. Fikrimcha, yangi tashqi ishlar vazirining kelishi ikkinchi ma’muriyatning salohiyatini oshiradigan, mavqeini mustahkamlaydigan omillardan biri sifatida allaqachon pishib yetilgandi.

— Abdulaziz Komilovning O‘zbekiston Rossiya-Ukraina urushida qanday pozitsiyada turishi bo‘yicha so‘nggi bayonoti haqida juda ko‘p gapirildi. Uning davolanishga ketishi oldidan qilgan bayonotini chindan katta siyosiy iroda, dadillik deya baholash mumkinmi?

— Yo‘q, aslida bu juda uzoq muddat davom etgan ehtiyotkorlikdan keyingi xulosa. Bilamizki, birinchi ma’muriyat davrida ham mintaqada yagona davlat – O‘zbekiston Qrim annexiasiga ikki marta nota bergandi. Ya’ni O‘zbekiston avval ham Rossiyaning possovet davlatlarida xalqaro huquq normalari tili bilan aytganda, noqonuniy harakatlariga dadil munosabat bildirgandi. Ukraina mojarosi boshlangan paytda ham O‘zbekiston ohista shaklda xalqaro huquq qoidalarini tan olish fonida Ukrainaning hududiy yaxlitligini urg‘uladi.

Ikkinchidan, Komilovning Senatdagi bayonoti yakka shaxs sifatida emas, eng avvalo, O‘zbekiston davlatchiligining bayonoti edi. Demakki, u prezident bilan kelishilgan. Bu, umuman olganda, O‘zbekiston davlatchiligining manfaatlaridan kelib chiqib berilgan bayonotdir. Buning sababi, possovet davlatlarining har birida u yoki bu shaklda hududiy ziddiyatlar mavjud. Donbass yoki Qrim annexiasining tan olinishi turli zanjirli reaksiyalarning boshlab berilishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun Qozog‘iston, O‘zbekiston yoki boshqa davlatlar annexialarni tan olmadi, tan olmaydi ham.

Bu – tashqi ishlar vaziri kim bo‘lishidan qat’i nazar, milliy manfaatlar masalasi. Shundan kelib chiqqan holda Komilovning dadillik sifatida ko‘rilgan bayonoti allaqachon aytilishi kerak edi. Aytiladigan fikrning ortga surilishi esa jahon va hatto Rossiya ko‘z o‘ngida zaif davlatchilikning namoyon bo‘lishidir.

— Ikki vazirlik birlashtirilgan taqdirda Sardor Umrzoqov unga rahbarlik qilishi haqida gapirishmoqda.

Sizningcha, O‘zbekistonda Sardor Umrzoqovdan tashqari yana kimlar bu vazifani egallashi mumkin va O‘zbekiston turgan ayni vaziyatda Umrzoqov bunga eng munosibmi?

— O‘ylashimcha, O‘zbekistonda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy yo‘nalishda vakolatli va malakali kadrlar juda ko‘p.

Bir necha oy avval mish-mishlar tarqalgandiki, Vladimir Norov bu lavozimni egallashi mumkin.

— Bunday fikrlarni Sodiq Safoyev haqida ham eshitdik.

— Ha, Safoyev haqida ham chiqdi bunday gaplar.

Bilasizmi, tashqi siyosatni yuritish aslida prezidentning vakolati. O‘zbekiston prezidenti esa imkon qadar o‘zi ishongan shaxsni tashqi ishlar vaziri lavozimiga taklif qiladi.

Rivojlangan mamlakatlar, masalan, AQSh tashqi siyosatida vazirdan ko‘ra qudratli bo‘lgan senatorlarni, kongressmenlarni ko‘ramiz. Ya’ni tashqi siyosatni yolg‘iz vazir emas, to‘laqonli bir sinf boshqaradi. Shuningdek, bu sinf ichida ham bir-birini tiyib turish, nazorat va savolga tutish funksiyalari yaxshi ishlaydi.

Bu borada turli hokimiyatlarning tashqi siyosatga javobgar qo‘mitalari professional ishlaydi.

Agarki, Sodiq Safoyev yoki Vladimir Norov kabi taniqli shaxslar vazir bo‘lmaganda ham ularning tashqi siyosat borasidagi funksiyalari saqlanib qolaveradi.

— Savolning ikkinchi qismi – Umrzoqov hozir bu lavozimga chindan eng munosibmi?

— Sardor Umrzoqovning keyingi 5 yildagi faoliyati menimcha, ko‘pchilikni qoniqtirsa kerak. Aslida tashqi iqtisodiy aloqalar siyosiy aloqalardan ko‘ra ancha murakkabroq. Chunki unda katta kapital, katta investitsiya munosabatlari shakllangan.

— Men bejiz Umrzoqov bu vazifaga eng munosibmi, deya so‘ramadim. Chunki ayrim mutaxassislarga ko‘ra, uning siyosatda kam tajribaga ega ekani o‘z salbiy ta’sirini ham ko‘rsatishi mumkin?

— Men aksincha o‘ylayman. Fikrimcha, O‘zbekiston diplomatiyasi bu sovet diplomatiyasining davomi sifatida emas, mustaqil O‘zbekiston tashqi siyosati qadamlaridan boshlanishi kerak.

Ikkinchidan, O‘zbekistonning avvalgi tashqi ishlar vazirlari ham biror joyda intervyu berib, qizg‘in bahs-munozaralarda ishtirok etmagan. Ular hafta, oylab o‘ylanib, keyin o‘z so‘zini gapirgan. Bu ma’noda O‘zbekiston kadrlarini ancha shijoatli, dadillik va bilim masalasida boshqalardan qolishmaydigan malakaga ega shaxslar sifatida ko‘raman.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin. 

Ilyos Safarov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid