Jahon | 18:59 / 25.04.2022
28114
5 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Ukraina bilan chegara hududida yana neftbaza yonib ketdi. Asosiy ma’lumotlar

25 aprelga o‘tar kechasi Bryansk oblastida, Ukraina bilan chegaradan 110 kilometr masofada «Transneft» bazasida kuchli yong‘in avj oldi. Mahalliy rasmiylar hozircha yong‘in sababini ma’lum qilmagan. Kun yarmida davlat muassasalari xodimlari evakuatsiya qilingani ma’lum bo‘ldi. Aprel oyi boshida ham Belgoroddagi neftbazada portlashlar va yong‘inlar ro‘y bergan, bu ukrainaliklarning harbiy vertolyotlari hujumi oqibatida sodir bo‘lgani aytilgandi.

Beryansk oblastining Fokinskiy rayonida «Transneft-Drujba» AJ neft bazasi va yana bir obektda yong‘in kelib chiqqan. Bu haqda dastlab RIA Novosti favqulodda xizmatlardagi manbasiga asoslanib xabar tarqatdi. Agentlik suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, dizel yonilg‘isi to‘plangan rezervuar va atrofdagi yana bir obektdagi yong‘in haqida tungi soat 02:00da xabar kelib tushgan, hodisa oqibatida jabrlanganlar bo‘lmagan.

«Interfaks» agentligi xabar berishicha, yong‘in hajmi 10 ming kub metr bo‘lgan rezervuarni qamrab olgan. «Rossiya 24» telekanali yonayotgan ikkinchi obekt - harbiy qismdagi dizel yonilg‘isi saqlangan omborxona bo‘lganini ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videoda bir-biriga yaqin joylashgan ikki tutun ustunini ko‘rish mumkin.

«Ikki portlash va tamom», degan neft baza joylashgan ko‘chada yashovchi guvohlardan biri. Guvohlar neft baza atrofida vertolyotlar uchganiga guvoh bo‘lishmaganini aytishgan.

Rossiya kuchishlatar tuzilmalariga aloqador manbalar bazaga ukrainlarning dronlari hujum qilgani haqida xabar tarqatgan. Bu ma’lumot rasman tasdiqlanmagan.

1 aprelga o‘tar kechasi Belgoroddagi neftbazada ham portlash va yong‘inlar ro‘y bergandi. O‘shanda ikki ukrain harbiy vertolyoti havo hujumidan mudofaa tizimlari radarlariga tushmaslik uchun Rossiya havo kengligiga juda pastlab uchib kirgan va bazaga zarbalar bergandi. Rossiya mudofaa vazirligi buni tan olgandi. Tergov qo‘mitasi RF JKning «terrorchilik akti» to‘g‘risidagi moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochgan.

Hukumat Bryanskdagi neftbazadagi yong‘inga naqadar jiddiy yondashayotgani voqea joyiga Rossiya FVV rahbari Aleksandr Chupriyan shaxsan tashrif buyurganini ko‘rsatmoqda.

«Regionda dizelning mavjud zaxiralari 15 kunga yetadi, benzin zaxiralari esa 20 kundan ko‘proqqa», deyilgan Rossiya energetika vazirligi bayonotida (Belgoroddagi neftbazada ro‘y bergan portlashdan keyin yonilg‘i quyish shoxobchalarida ulkan navbatlar yuzaga kelgandi).

Bryansk gubernatori Aleksandr Bogomaz telegram-kanalida neftbaza joylashgan hudud aholisini evakuatsiya qilish rejalashtirilmaganini aytgan.

14 aprel kuni Bogomaz Ukraina hududidan turib Klimovo posyolkasiga zarba berilgani haqida aytgandi. Rossiya mudofaa vazirligi o‘sha kuni «Klimovo aholi punkti aholisiga hujum» uyushtirgan ukrainlarning Mi-8 rusumli vertolyoti urib tushirilgani haqida xabar bergan.

Bryansk oblasti Ukraina va Belarus bilan chegaradosh hisoblanadi. Bryanskdan Ukraina chegarasiga qadar masofa - 110 kilometr, shosse bo‘ylab harakatlanganda esa - 173 km.

Ikki oy muqaddam, 24 fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning buyrug‘i bilan rossiyalik harbiylar Ukraina hududiga bostirib kirishgandi. Rossiya hukumati buni «maxsus harbiy amaliyot» deb atamoqda.

11 aprel kuni Bryansk oblastida 15 kun muddatga terrorchilik xavfning yuqori darajasi joriy etildi. Bu kabi qarorlar Belgorod va Kursk oblastlari, shuningdek Voronej oblastining chegaradosh ikki rayonlari bo‘yicha ham qabul qilingan.

Shubhali buyumlar qoldirib ketilgani haqidagi xabarlar ortidan Bryansk oblastidagi bir necha davlat muassasalari xodimlari evakuatsiya qilingan va binolarda tekshiruv ishlari olib borilgan. 

«Ayrim davlat idoralariga shubhali xabarlar kelib tushgan. Xodimlar evakuatsiyasi va binolarni tekshirish ishlari olib borilmoqda», deya region favqulodda xizmatlaridagi manba so‘zlarini keltiradi TASS.

Agentlikning yozishicha, shahar ma’muriyati binosida huquq-tartibot organlari xodimlari, kinologiya xizmatlari, shuningdek o‘t o‘chirish mashinasi va tez tibbiy yordam mashinalari navbatchilik qilmoqda.

Region hukumati matbuot xizmati tahdidli xabarlar tufayli dushanba kuni bir necha maktablardan o‘quvchilarni evakuatsiya qilishga to‘g‘ri kelgani haqida xabar bergan.

Mavzuga oid