Jahon | 09:06 / 14.05.2023
32703
6 daqiqa o‘qiladi

Bryansk oblastida Rossiya vertolyot va samolyotlari qulashi: so‘nggi ma’lumotlar

Shanba tongida Bryansk oblastida rossiyaliklarning harbiy uchish apparatlari qulashi bilan bog‘liq kamida ikki holat sodir bo‘ldi: region rasmiylari Klinsi shahrida Mi-8 vertolyoti qulaganini tasdiqlagan, favqulodda xizmatlar TASS agentligiga Su-34 qiruvchi samolyoti qulaganini tasdiqlagan. Rossiya nashrlari oblast hududida shu vaqtda yana bir Mi-8 vertolyoti va Su-35 qiruvchisi qulagani haqida xabar tarqatdi, ammo bu ma’lumotlar rasman tasdiqlanmagan.

Rasmiylar izoh bergan yagona hodisa - Rossiya va Ukraina chegarasidan 40 kilometr masofada joylashgan Klinsi shahrida vertolyot qulashidir.

Bryansk oblasti gubernatori Aleksandr Bogomaz Klinsida vertolyot qulashi oqibatida yerda beshta uy shikastlangani va bir ayol yaralangani haqida xabar bergan.

«Bugun Klinsida vertolyot qulashi sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida tinch aholi vakillaridan bir ayol kishi jabrlangan. Ayni vaqtda u rayon shifoxonasiga yetkazilgan, unga barcha zarur tibbiy yordamlar ko‘rsatilmoqda. Beshta uy shikastlangan», deya yozgan gubernator.

Mahalliy aholi vakillari tomonidan olingan videolarda vertolyot havoda portlab, yonib ketgancha tikkasiga qulayotgani aks etgan.

TASS agentligining favqulodda xizmatlardagi manbasi vertolyot dvigateldagi yong‘in tufayli halokatga uchraganini aytgan, ammo ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda unga raketa kelib urilgani va portlash sodir bo‘lganini ko‘rish mumkin. Manbalar vertolyot uchuvchilarining ikkisi ham halok bo‘lganini aytishgan.

Ikkinchi holat haqida Rossiya favqulodda xizmatlari TASS agentligiga xabar berishgan. Agentlik suhbatdoshi biror jiddiy tafsilotni keltirmagan holda shunday degan: «Ukraina bilan chegara yaqinida Su-34 quladi. Bortda bo‘lganlarning taqdiriga oydinlik kiritilmoqda».

Ikkinchi hodisa aynan qayerda ro‘y berganiga aniqlik kiritilmagan, ammo halokat fotolari va videolarini joylashtirgan qator telegram-kanallarda bu Bryansk oblasti Starodubskiy rayoni (uning ma’muriy markazi hisoblangan Starodub Ukraina chegarasiga yanada yaqinroq joylashgan) bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

Ijtimoiy tarmoqda Su-34 qulagan joyda olingan video tarqalgan, unda qiruvchi samolyot yonayotgani aks etgan. Mash manbasi aniqlik kiritishicha, bu hodisa Klinsida Mi-8 vertolyoti qulagan joydan qariyb 50 kilometr masofada ro‘y bergan.

Bundan tashqari, Rossiyadagi telegram-kanallarda  Bryansk oblastining Unechsk rayoni hududida, Volkustichi qishlog‘i atrofida Mi-8 rusumli yana bir vertolyot qulagani haqida yozilgan.

Shuningdek, ayrim telegram-kanallar ma’lumotiga ko‘ra, Starodubskiy rayonida, Shkryabino qishlog‘i atrofida Su-35 qiruvchi samolyoti ham qulagan bo‘lishi mumkin.

VGTRK xodimi Andrey Medvedev «ikkita Mi-8, bir Su-34 va katta ehtimol bilan yana bir Su-25 yo‘qotilgani» haqida yozgan. Mash manbasi ham ikki vertolyot va ikki shturmovik — ikkita Mi-8, bitta Su-34 va bitta Su-35 qulagani haqida xabar bergan. Kanal ma’lumotiga ko‘ra, ular jangovar topshiriqdan qaytayotgan bo‘lgan va mo‘ljallab yo‘llangan zarbaga uchragan. Tez orada Baza kanali ikkinchi vertolyot halokati haqidagi xabar tasdiqlangani, u Unechsk rayonida, Volkustichi qishlog‘i yaqinida qulaganini xabar qildi. Mi-8 rusumli ikkinchi vertolyot qulagani to‘g‘risida 112 telegram-kanali ham yozgan. Uning ma’lumotiga ko‘ra, bortda bo‘lganlarning barchasi halok bo‘lgan.

Rossiya havo kemalari qulagan nuqtalar

Shu kuni Bryansk oblasti hududida ikkita emas, balki birdaniga to‘rtta uchish apparati qulagani haqidagi ma’lumot faqat OAVda va telegram-kanallarda tarqalgan, bu ma’lumotlar rasmiy manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.

«Kommersant» versiyasi

«Kommersant» gazetasi o‘z manbalariga asoslangan holda Bryansk oblastida «Ukraina bilan chegara yaqinida amalda bir vaqtning o‘zida» Rossiyaning to‘rtta harbiy uchish apparati: ikki qiruvchi va ikki vertolyot qulagani haqida xabar berdi.

Nashr telegram-kanallarning Su-34 qiruvchi-bombardimonchisi, Su-35 qiruvchisi, shuningdek ikkita Mi-8 vertolyoti qulagani to‘g‘risidagi ma’lumotini tasdiqlagan.

«Kommersant»ning tasdiqlashicha, qiruvchi samolyotlar va vertolyotlarning ekipaji to‘liq tarkibda halok bo‘lgan. «Quruqlikda hujum qilganlarni qidirishmoqda», deyilgan xabarda.

Gazetaning hisoblashicha, halokatga uchragan apparatlarning barchasi «bitta aviaguruh tarkibiga kirgan».

«Qiruvchilar Ukrainaning Chernihiv oblastidagi nishonlar bo‘ylab raketa-bomba zarbalari yo‘llashi, vertolyotlar esa ularni sug‘urta qilishi, jumladan, ular dushman tomonidan urib tushirilgan taqdirda, ekipajni olib ketishi kerak bo‘lgan. Barcha to‘rtta mashina ham aerodromga qaytmadi», deyilgan xabarda.

«Komersant» jurnalistlari qo‘shimcha qilishicha, mutaxassislar samolyotlar va vertolyotlar «havo-havo» tipidagi raketalar orqali urib tushirilganini taxmin qilishmoqda. «Shu tariqa, HKK aviaguruhi, katta ehtimol bilan aviapistirmaga duch kelgan», deya yoziladi xabarda.

Avvalroq ko‘plab telegram-kanallarda va ijtimoiy tarmoqlarda aviahalokatlarning sabablari bo‘yicha boshqa versiyalar ham tarqalgandi. Xususan, uchish apparatlari rossiyaliklarning havo hujumidan mudofaa tizimlari orqali xatolik tufayli urib tushirilgani, ukrainlarning diversiya guruhlari olib yuriluvchi zenit-raketa komplekslari bilan zarba bergani, yoki Ukraina hududidan turib havo hujumidan mudofaa tizimlari orqali yo‘q qilingani haqida muhokamalar qilingan.

Rasmiy manbalar hozircha bu holatlarning sabablari bo‘yicha ma’lumot bermagan.

Mavzuga oid