Jamiyat | 17:24 / 25.04.2022
16097
7 daqiqa o‘qiladi

“Uni Amazonda kutishmoqda” - Nyu-Yorkdagi universitet o‘zbekistonlik talabasini maqtab maqola chiqardi

Jasur Shukurov Nyu-York shtatidagi Adelfi universitetida o‘qishi davomida, shu universitetga ishga ham kirgan. U tahsil olish bilan birga, oliygohning qabul bo‘limi, xalqaro bo‘lim, hozirda esa ustozlarining kafedrasida ishlab kelmoqda. Yaqinda universitet saytida Jasur haqida maqola chop etildi – u ustozlari e’tirofiga sazovor bo‘lgan. UzbekLife ushbu maqolani o‘zbek tiliga o‘girdi.

Foto: delphi.edu

“O‘zbekistondan Long Aylandga, endi esa Kaliforniyaga – fidoyilik, shijoat va optimizm imkoniyatlaringiz chegarasini qanday kengaytirishi mumkinligi haqida” – maqolaga ana shunday sarlavha qo‘yilgan. Quyida maqola ayrim ju’iy qisqartirishlar bilan taqdim etiladi.

Jasur ko‘pincha vaqtini Swirbul kutubxonasida o‘tkazadi. Shuningdek, uni universitet kampusida uchratib qolishingiz ham odatiy hol. Xulq-atvorida dasturiy muhandislikka muhabbat, tengdoshlari va odamlarga yordam berish, hayratlanarli ishchanlik va alohida muomala madaniyati bor.

Shukurov Adelfiga 2018 yilda O‘zbekistondan kelgan. U dasturiy muhandislik bilan shug‘ullanadi, Faxriy Kollej a’zosi. Jasur qabul komissiyasi va Xalqaro xizmatlar bo‘limida ishlagan, u yerda 200 dan ortiq Adelfi talabalari ishtirok etgan East Meets West (Sharq va G‘arb uchrashuvi) madaniy tadbirini tashkil etishga yordam bergan. Hozirda u Axborot texnologiyalari boshqarmasida o‘qituvchi yordamchisi va ilmiy yordamchi sifatida xizmat qilmoqda.

U nufuzli Google Generation stipendiyasi sohibi va bir nechta stajirovkalarni muvaffaqiyatli o‘tagan. Uning so‘nggi bor yozda Kaliforniyadagi Amazon kompaniyasida dasturchi muhandis sifatidagi stajirovkasi kompaniya ma’muriyatini shu qadar hayratda qoldirdiki, bu yil bahorda o‘qishni bitirgandan so‘ng uni to‘liq shtatdagi lavozim kutmoqda.

“Kurs qiyin bo‘lsa, bundan zavqlanaman, chunki bu men nimanidir o‘rganayotganimni anglatadi”

“Informatika fanini tanlash yoqimli tanlov edi, – deydi Shukurov. – Men texnologiyaga 14 yoshimdan beri qiziqaman va aynan shu yoshda kodlashni boshladim. Bu men uchun juda ishtiyoqli narsa – bolaligimdan shu soha egasi bo‘lishimni bilardim”.

“O‘zingiz yoqtirgan narsani qilish juda muhim, – deya qo‘shimcha qiladi u. Men chin dildan ishonamanki, siz o‘zingiz ahamiyatli hisoblagan har qanday ishni qilsangiz, u orqali albatta muvaffaqiyatga erishasiz. Men uchun bu kompyuter fanidir. Kurs qiyin bo‘lsa bundan quvonaman, chunki bu men nimanidir o‘rganayotganimni anglatadi. Darsga borish hech qachon zerikarli bo‘lmagan; umuman, qiyinchilikdan zavqlanardim, chunki bu menga yordam berishini bilardim”.

Yirik sog‘liqni saqlash kompaniyasida amaliyot o‘tayotib, Shukurov va uning stajyor do‘stlari, Ivy League maktablarida tahsil olayotgan stajyorlar dasturlash musobaqalarida qatnashishdi. U ko‘rsatgan natijalari bilan jamoasining yetakchisiga aylandi.

Professorlarining ta’kidlashicha, Shukurovda muvaffaqiyatini ta’minlovchi ko‘plab ijobiy fazilatlar bor.

Xiaoxing Liu, PhD, Matematika va informatika kafedrasi assistent-professori, so‘nggi to‘rt yil davomida Shukurovning maslahatchisi bo‘lib kelgan: “Ajoyib akademik bilimi bilan bir qatorda, Jasurning ko‘plab stajirovkalar/texnologik stipendiya dasturlarida qatnashishga muvaffaq bo‘lgani meni hayratda qoldiradi. Uning informatika faniga bo‘lgan ishtiyoqi, ajoyib muloqot madaniyati va vaqtni juda samarali boshqarishi uni boshqalardan ajratib turadi. Jasur o‘zini ruhlantira oladi. U muammolarni hal qilishni yaxshi ko‘radi”.

Devid Cheys, PhD, matematika va informatika kafedrasi dotsenti, kollejdagi faoliyati davomida Shukurov bilan yaqin hamkorlik qilgan: “Jasur juda aqlli va iqtidorli, u o‘ziga xos qobiliyati bilan ko‘plab ajoyib ishlar qilgan. U barcha kurs mavzularini puxta o‘zlashtirish uchun zarur bo‘lsa soatlab vaqt sarflaydi. Har doim, hatto qiyinchiliklarda ham, sabrli bo‘lgan. Talaba sifatida har bir sinfda, o‘qituvchi yordamchisi bo‘lib qatnashgan har bir laboratoriyada va tadqiqotchi vazifasidagi har bir uchrashuvda ijobiylikni namoyish etgan”.

Ishtiyoq va faollik uchrashganda

“Farovon oilada ulg‘aygan bo‘lsam ham, qashshoqlikda yashayotgan boshqa oilalarni, odamlarni ko‘rganman, deydi, Shukurov. – Ular sifatli ta’lim olish imkoniyatiga ega emaslar. Bularning barchasini ko‘rib, men dasturiy ta’minot muhandisligi, xususan kodlash texnologiyalari yordamida ko‘p narsalarni qilish mumkinligini payqadim. Internetga kirish imkoningiz bor ekan, siz xohlagan ta’limni olishingiz mumkin”.

Doktor Cheysning aytishicha, Shukurov birinchi yil uning dasturlash bo‘yicha assistenti bo‘lib ishlagan va darslar davomida masalalar yechimini topish, qiyin mavzularni tushunishdan iborat murakkab darslarda talabalarni ruhlantirgan.

Faxriylar Kollejidagi mavzusi sifatida Shukurov ko‘zi ojiz odamlarga yordam beradigan ilovalar ishlab chiqishni tanladi. Doktor Cheysning so‘zlariga ko‘ra, u ko‘zi ojiz odamlarning ehtiyojlarini aniqlash maqsadida o‘rganishlar o‘tkazdi, intervyular qildi. Hozirda bu ehtiyojlarni qondirish uchun, masalan, banknotlar va obektlarni tanib olish, afishalar va matnli vizual tasvirlarni “o‘qish” hamda xavfsiz navigatsiya kabilar uchun ilovalar yaratmoqda.

Doktor Cheysning ta’kidlashicha, kompyuter tarmoqlari va dasturiy ta’minotni sinovdan o‘tkazish kurslarida Shukurov jamoaga haydovchilar va yo‘lovchilarni bog‘lovchi avtomashina ilovasini loyihalashtirish, joriy etish va sinovdan o‘tkazishda yordam bergan.

Uning aytishicha, 2020 yil mart oyidan beri Shukurov professorlar Barbara Ertl, EdD va PhD Solih Aliyoriylar bilan matematikani o‘rgatuvchi ilovalarni ishlab chiqish bo‘yicha fanlararo tadqiqot loyihasi ustida ham ishlayapti.

“Jasur yosh bolalarda subitizatsiya qilish bo‘yicha matematik ko‘nikmalarni rivojlantirishga mo‘ljallangan ilovani ishlab chiqdi, – deydi doktor Cheys. – Uning ishi loyihamizning muvaffaqiyati uchun juda muhim. Hozirgacha hech qanday moddiy mukofot va kreditlarsiz, Jasur ushbu tadqiqot loyihasiga o‘z vaqtini va g‘ayratini sarfladi”,

“Shukurov universitet, uning kursdoshlari va biz hamkorlik qilayotgan tadqiqot loyihasi uchun iqtidorli mutaxassis ekanini isbotladi. Uning Adelfidagi faoliyati davomida erishgan yutuqlari chindan ham ajoyib. Men kelajakda u amalga oshiradigan barcha ajoyib ishlarni kutaman”, deydi doktor Cheys.

U Adelfidagi hozirgi va bo‘lajak talabalar Shukurovdan o‘rnak olib, qiyinchiliklarga ijobiy munosabatda bo‘lish, o‘z kurs ishlariga g‘ayrat qilish orqali muvaffaqiyatga erishishlari mumkinligiga ishonadi.

Mavzuga oid