O‘zbekiston | 07:38 / 29.04.2022
23747
9 daqiqa o‘qiladi

4269-sonli soxta jinoyat ishi. Fitrat – yurtga ozodlik istagan olim va siyosatchi

XX asrda Markaziy Osiyodagi arzon xomashyo va ishchi kuchidan foydalanish uchun bosqinchilarning terror tegirmoni tinimsiz ishlab turishi kerak edi. Bu tegirmon ozodlik va ilmga intilgan odamlar qoni bilan yurib turgan. 30-yillarda otilgan o‘qlar jadidchilik harakatining yorqin vakili Abdurauf Fitratni ham chetlab o‘tmadi.

Jadidshunos Zaynobiddin Abdurashidov ta’biri bilan aytganda, Fitrat 20-asrning qomusiy olimi bo‘lishdan tashqari, yaxshi siyosatchi ham edi. Turkistonliklar ilmli bo‘lishini va o‘z yeriga o‘zi egalik qilishini xohlagani, Fitratning siyosiy, ilmiy va badiiy faoliyati asosi bo‘lgan. Shuning uchun ham u Stalin qizil terroridan omon qolmagan.

“Otishga hukm qilinishidan oldin unga shunday ayblovlar qo‘yilgandiki, ularni bajarishga bir odamning umri kamlik qiladi”, – deydi Fitratning mahbuslik anketasi bilan tanishgan tarix fanlari doktori Dilnoza Jamolova.

Buxorodagi Mir Arab madrasasida o‘qigan Fitrat shu yerdan islohotchilik harakatlariga qo‘shiladi. Buxorodagi bilimli yoshlar qatori “Tarbiyai atfol” jamiyati ko‘magi bilan Istanbulga o‘qishga jo‘naydi.

Fitrat Turkiyadan islomchilik, turkchilik, usmonchilik g‘oyalari bilan to‘yinib, Buxoroga qaytadi va jadid maktablarini ochadi. 1917 yildagi inqiloblar natijasida Oq podsho ag‘darilgach, Buxoroda ham islohotlar boshlanadi. Jadidlar amirdan islohotlar o‘tkazishni talab qilib, namoyishlarga chiqadilar.

Dilnoza Jamolovaning aytishicha, Fitrat “Yosh buxoroliklar” harakatining mafkurachisi va g‘oyaviy rahbarlaridan biri bo‘lgan. Harakatning Fitrat boshchiligidagi so‘l qanoti islohotlar uchun bo‘lgan namoyishlarda qatnashgan.

Amir qo‘shinlari namoyishni bostirgach, jadidlarning bir guruhi Samarqandga jo‘naydi. Jadidlar orasida bo‘lgan Fitrat Samarqandda butun Turkiston jadidlarining asosiy nashri bo‘lgan “Hurriyat” gazetasida muharrirlik qiladi.

Rossiya imperiyasi hududiga olib kirish taqiqlangan asar

“Munozara” – Fitratning eng mashhur asarlaridan. Asar Istanbulda chop etilgan va u Rossiya imperiyasi hududiga olib kirish taqiqlangan kitoblar qatorida bo‘lgan.

“Asarga taqiq Buxoro amiri tomonidan emas, rus hukumati tomonidan qo‘yilgan. Peterburgda xorijda nashr etilgan asarlar va ularning maxsus ro‘yxati bo‘lgan”, – deydi Zaynobiddin Abdurashidov.

Zaynobiddin Abdurashidov

“Munozara”ning Buxoroga olib kirilishi samarqandlik Abduqodir Shakuriy ismli maktabdor bilan bog‘liqligi aytiladi. “Shu kishi, – deydi Abdurashidov, – Istanbulga borganda, choponining ichki tarafiga kitobni yashirib, 10–15 dona olib keladi. Va Hoji Muin tomonidan forschadan o‘zbekchaga tarjima qilinadi”.

“Uyalmaysizlarmi, har kuni nasroniylar otash aroba, o‘t-kema va teleg‘raf simlari kabi ming tur hunarlar zohir qilmoqdalar, bizning sanoatimiz sayr aravacha va sopol oftobalar bilan chetlanmoqda. Tfu, bu qadar qaro kunimizga, eshig-u devordan ham xijolat chekmog‘imiz lozim”. (“Munozara” qissasidan parcha)

“Jadidlar merosi o‘zbek tilining bugungi muammolari yechimida ham qo‘l keladi”

1920 yilda Buxoro va Xivada tuzilgan hukumat qo‘g‘irchoq edi. Buni yaxshi tushungan Fitrat Fayzulla Xo‘jayev bilan Buxoroda haqiqiy, mustaqil hukumat tuzish umididan aslo voz kechmadi. Fitrat nozir, nozirlar sho‘rosi raisi o‘rinbosari sifatida maorif, matbuot, madaniyat sohasida katta ishlar qildi, degan so‘zlarni aytgandi fitratshunos Begali Qosimov.

1921 yilda turk tilini davlat tili deb e’lon qilish, yozuvni isloh qilish, tilni soflashtirish masalalarida Fitrat tuzgan “Chig‘atoy gurungi” tashkiloti tashabbuskorlik qilgan.

“Fitrat “Sarf” va “Navf” kitoblarida juda ko‘p til terminlarini taklif qilgan. Ammo negadir ularning ko‘pchiligidan bugun foydalanmaymiz. Agar Fitrat va Behbudiy taklif etgan usullar bilan qisman ishlasak ham, tilimizning rivoji, bugungi kundagi holatidan olib chiqishga katta turtki beradi”, – deydi Abdurashidov.

“Hozirda 40 million ingliz 400 million hindiy va afrikaliklar ustidan hukmdor. Chin hukumati 400 million aholisi bilan yaponning hiyla-nayrangi o‘chog‘iga aylangan. 60 million olmonlar 2 zaif davlat Avstriya va Turkiyani yonlarig‘a olib, aholisi 750 millionga teng keladigan 7 davlat bilan urush qilyapti. Kishining nazdida ajib va g‘aroyib ko‘rinadigan bu voqealar tarbiya ta’siridandir, zero bolalarning tarbiyasi bu farzandni jismonan, fikran va axloqan tarbiya qilib, kamolga yetkazishdir.

…Biz turkistonliklar farzandlarimizni eshak va qo‘ylarimizdan kamroq tarbiyalaymiz. Kimning uyida moli bo‘lsa, tekshirsa ko‘radiki, yil davomida uning mollaridan bittasi ham kasal bo‘lmagan. Ammo farzandi hech bo‘lmasa, 3 marta xastalikka chalingan”. (“Oila” asaridan parcha)

4269-sonli ish

1937 yil 24 aprel kechasi Toshkentning Guliston mahallasidagi 116-uyning darvozasi bemahal taqillaydi. Bunday yo‘qlovning xosiyatsizligini uy egasi yaxshi anglardi. O‘sha kecha, Dilnoza Jamolovaga ko‘ra, Fitrat O‘zbekiston prokurorining ruxsati bilan Davlat xavfsizligi boshqarmasi 4-bo‘limining boshlig‘i Davlat xavfsizligi leytenanti Og‘abekov tomonidan hibsga olinadi. Unga quyidagi ayblar qo‘yiladi.

1. “Aksilinqilobiy millatchilik tashkiloti “Milliy ittihod”ning a’zosi”.

2. “Cho‘bonzoda bosh Ozarboyjondagi aksilinqilobiy millatchilik tashkiloti bilan Sovet Sharqi respublikalarini Sovet Ittifoqidan ajratib, burjua Turon davlatini barpo qilish maqsadida birlashgan O‘zbekistondagi aksilinqilobiy tashkilotning rahbarlaridan biri”.

3. “Yosh adabiy xodimlarni aksilinqilobiy millatchilik tashkilotiga jalb qilgan, ularni aksilinqilobiy millatchilik ruhida tarbiyalagan”.

4. “Aksilinqilobiy millatchilik ruhidagi asarlar, poemalar yozgan”.

“Fitratning tergov jarayonlari bilan bog‘liq hujjatlar DXX arxivida 4269-hujjat ostida saqlanadi. Bu hujjat Begali Qosimov, Tarix instituti bosh ilmiy xodimi Qahramon Rajabov tomonidan o‘rganilgan.

Fitratga qo‘yilgan ayblovlarni bir shaxs jismonan bajarib ulgurmaydi. Masalan, maslakdoshlariga qarshi ko‘rsatmalar bergan, otib o‘ldirilgan BXSRning 11 nafar rahbarlari haqida ham go‘yoki Fitrat ma’lumot bergandek unga imzo qo‘ydirib olinadi”, – deydi fitratshunos Jamolova.

1938 yildan boshlab Fitratni tergov qilish yana boshlanadi. Endi u Angliya va Germaniya bilan hamkorlik qilib, Turkiston mintaqasida sovetlar hokimiyatini tugatish uchun ulardan yordam so‘raganlikda ayblanadi.

“Vaholanki, – deydi Jamolova, – bu paytda Fitrat siyosatdan ancha uzoqlashgan, ilmiy tadqiqot muassasasida faoliyat olib borayotgandi”.

Dilnoza Jamolova

“…O‘zbekiston mustaqilligiga 50 yil oldinroq erishgan bo‘lardi”

Stalin vafotidan keyin, 50-yillar o‘rtalarida ziyolilarni oqlash harakati boshlanganda, Fitratning rafiqasi Hikmatoy opa murojaati bilan DXX hujjatlari qayta tekshiriladi.

Dilnoza Jamolovaning aytishicha, o‘shanda bir qiziq hujjatga duch kelinadi. Unda 1938 yil oktyabrda Fitrat qamoq jazosiga hukm qilingani, jazo muddatini o‘tayotgan paytda – 1944 yil 3 noyabrda qamoqda kasallikda chalinib vafot etgan, degan ma’lumot taqdim etiladi. O‘sha paytda Hikmatoy bunday noaniqlik sababini bilish uchun hukumatga qayta murojaat qiladi va shunday javob oladi:

“1937-38 yillarda juda ko‘p kishilar qirg‘in qilindi. Va biz bularni 1945 yilgacha jazolash haqidagi hujjatlarni sochib tashlashga majbur bo‘ldik”.

“30-yillarda Toshkentning Bo‘zsuv kanali yonidagi jarlikda ko‘plab millat oydinlari otib o‘ldirilganini u yerda olib borilgan qazishlar jarayonida mingdan ziyod ziyolilarning suyak qoldiqlari topilgani ham isbotlaydi. O‘zbekiston SSR hukumatining o‘n minglab milliy kadrlari qatag‘on qilinmaganda O‘zbekistonning ozodlikka erishishi 50 yil oldin amalga oshgan bo‘lardi”, – deydi fitratshunos olima.

Hamma farzandlar ham umrini xalqining baxt-saodatiga bag‘ishlayvermaydi. Vatanparvarlik – vatanni tamasiz sevishdir. Fitrat Turkistonini shunday sevdi, ardoqladi. Juda qattiq qarshiliklarga uchrashiga qaramay, oxirgi nafasigacha Vatanini bosqinchi kishanlaridan ozod holda ko‘rishni istadi.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist

Tasvirchi va montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid