«Davlat organlari hushyor bo‘lishi zarur» - Adliya vaziri firibgarlik holatlari avj olayotgani va yangi moliyaviy piramidalar haqida
O‘zbekistonda firibgarlik holatlari so‘nggi 4 yilda 4 baravarga ko‘paygan.
2021 yilda huquqiy targ‘ibot va ma’rifat holati haqida axborot bergan Ruslanbek Davletov aholi hayotidagi huquqiy munosabatlarda yuzaga kelayotgan muammolarni tahlil qilib borish, shunga qarata aniq va manzilli ishlash kerakligini bildirdi.
«Masalan, firibgarlik, kiberfiribgarlik hozir avj olyapti. Yangi moliyaviy piramidalar paydo bo‘lyapti. Fuqarolarimiz qimor va boshqa tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar uchun jinoiy javobgarlik borligini bilib turib ham bu yo‘ldan qaytmayapti.
O‘zbekistonda firibgarlik so‘nggi 4 yilda 4 baravarga, (2018 yilda 6 483 ta, 2019 yilda, 6 321 ta, 2020 yilda 10 496 ta, 2021 yilda 24 554 ta), kiberfiribgarlik esa so‘nggi 3 yilda 8,3 baravarga ko‘payib, hozirda umumiy jinoyatchilikning qariyb 5 foiziga yetgan.
Biz aholimiz aldanib qolmasligi uchun kerakli ma’lumotni yetkazishimiz, oson daromad topish ilinjida tuzoqqa tushib qolmasligi choralarini ko‘rishimiz kerak», – dedi Davletov.
Adliya vaziri yaqinda davlat tomonidan litsenziyalangan va qonuniy ishlashiga ishonch bildirilgan xususiy klinika butun xalqni aldagani haqida eslatib o‘tdi.
«Davlat organlari hushyor bo‘lib, firibgarlik holatlari oldini olib borishi zarur. Yaqinda bitta xususiy klinika atrofidagi holatlarda, davlat bu klinikaga litsenziya bergan, qonuniy ishlashiga ishonch bildirgan, mana endi klinika butun xalqni aldagani ma’lum bo‘lyapti.
Jinoyatchilar javobgarlikka tortilib zararni to‘liq qoplamasdan biroz muddat ozodlikdan mahrum qilinib, yana ozodlikka chiqishi kuzatilishi mumkinki, bu ham aholida salbiy kayfiyatni paydo qilishi mumkin. Shuning uchun firibgarlik sodir etgan va zararni to‘liq to‘lamagani uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan shaxslar, jazoni o‘tash davomida to‘liq zararni qoplamagan bo‘lsa shartli ozod qilinmasligini ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi», – deydi u.
Shuningdek, Davletov so‘nggi vaqtlarda jamiyatda ko‘payayotgan samosud holatlari huquqiy ongga teskari ishlashini bildirdi.
«Samosud balki o‘sha zahoti kimningdir qonga to‘lgan ko‘zlarini yoki kuzatib turganlar instinktini va ehtiyojini qondirar, lekin uzoq istiqbolda erkin jamiyat qurishga katta to‘siq bo‘ladi va odamlarning adolatli va xavfsiz sharoitda yashashga ishonchini so‘ndiradi. Shuning uchun bu boradagi targ‘ibot-tashviqotni kuchaytirib, samosud holatlariga qarshi kurashishimiz lozim», – deydi vazir.
So‘z erkinligi haqida gapirar ekan, adliya vaziri Ruslanbek Davletov yangi qabul qilinadigan qonunlar va islohotlarni hamma ham bir xil qabul qilmasligi tabiiy ekani va buni to‘g‘ri qabul qilishni o‘rganish kerakligini ta’kidladi.
«O‘zbekiston jamiyatida so‘z erkinligi va demokratlashtirish tobora rivojlanib borar ekan, fikrlar turli-tuman, g‘oyalar har xil, ya’ni plyuralizm prinsiplari chuqurroq singib bormoqda. Yangi qabul qilinadigan qonunlar va islohotlarga ham ochiq fikrlar bildirilmoqda, hamma ham bir xil qabul qilmaydi. Bu tabiiy va buni to‘g‘ri qabul qilishni ham o‘rganishimiz kerak.
Ya’ni bunday sharoitda absolyutizmni ta’minlab bo‘lmaydi yoki yagona mafkura qilib, davlat mafkurasini o‘rnatib bo‘lmaydi. Konstitutsiyada ham bekorga yozilmagan.
Aynan bu jarayonda odamlarni birlashtiruvchi yagona vosita yoki mexanizm – bu qonun ustuvorligidir. Ya’ni milliy g‘oya sifatida, biz huquqshunoslar aholini qonun ustuvorligi g‘oyasi atrofida birlashtirish maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb hisoblaymiz.
Chunki qonun odamlarning axloqiy, siyosiy qarashlaridan qat’i nazar yagona talablarni belgilaydi, barcha uchun majburiy me’yorlarni o‘rnatadi.
Qonun ustuvorligi esa shunday me’yorki, fikrlar xilma-xil bo‘lsa ham munosabat, yondashuv bir xil bo‘ladi, shu bilan birga qonun ustuvorligi turli xil fikrlarni ham hurmat qiladi, muammolar biryoqlama emas huquqiy vositalar bilan hal etiladi.
Bunda asosiy mas’uliyat davlat organlariga to‘g‘ri keladi. Chunki ular birinchi navbatda o‘z ishlash uslublari, prinsiplari va yondashuvlari bilan o‘z faoliyatlarida qonun ustuvorligini ta’minlashi zarur», degan adliya vaziri.
Tavsiya etamiz
Trampga Grenlandiya nima uchun kerak?
Jahon | 10:56 / 11.01.2025
Kelgusi hafta boshi uchun ob-havo prognozi e’lon qilindi
O‘zbekiston | 10:52 / 11.01.2025
Suriyadagi kutilmagan inqilobdan buyon bir oy o‘tdi. Nimalar o‘zgardi?
Jahon | 18:45 / 10.01.2025
Pokistonning Afg‘onistonga zarbalari: “Tehrike Tolibon” qanday harakat?
Jahon | 18:00 / 10.01.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Futbolning noodatiy tomonlari: KUN.UZ yangi formatdagi kanalini taqdim etadi
Sport | 10:07 / 08.01.2025
-
7 ta gol urilgan super klasikoda «Barsa» yirik hisobda g‘alaba qozonib, 15-bor Ispaniya superkubogini qo‘lga kiritdi
Sport | 02:16
-
Polshada o‘tgan yil yo‘qolgan minalar IKEA do‘konidan topildi
Jahon | 23:14 / 12.01.2025
-
“Salimboy” nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyev ozodlikka chiqdi - manba
O‘zbekiston | 20:33 / 12.01.2025
Mavzuga oid
17:55 / 11.12.2024
Kredit olishdan ixtiyoriy voz kechish mexanizmi joriy etiladi
16:39 / 10.12.2024
Isroilda bosh vazir Binyamin Netanyahu ustidan sud jarayoni boshlandi
19:18 / 04.12.2024
Prezident maslahatchilari tarkibida o‘zgarishlar amalga oshirildi. Ruslanbek Davletovning lavozimi o‘zgardi
07:42 / 22.08.2023