“Salimboy” nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyev ozodlikka chiqdi - manba
Salim Abduvaliyev salomatligidagi muammolar tufayli ozodlikka chiqqan, deb xabar bermoqda Kun.uz manbasi. U 12 yanvar kuni jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilingan.
Salimboy nomi bilan tanilgan va 6 yilga qamalgan Salim Abduvaliyev 2025 yil 12 yanvar kuni salomatligidagi muammolar tufayli ozodlikka chiqdi.
Kun.uz manbasiga ko‘ra, u uzoq vaqtdan buyon kasallik bilan kurashib kelayotgandi.
Salim Abduvaliyev 1950 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, ma’lumoti oliy, jamoatchilik asosida Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari va O‘zbekiston sport kurashlari assosiatsiyasi raisi lavozimlarida ishlagan.
Bu yil 75 yoshni qarshilaydigan tadbirkor Salim Abduvaliyev 2023 yilning dekabr oyi boshida o‘qotar qurolni qonunga xilof ravishda saqlashda gumonlanib protsessual tartibda ushlangandi.
Salim Abduvaliyev 2024 yil 19 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudining hukmiga ko‘ra, JKning 248-moddasi (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) 2-bandi bilan aybdor deb topilgan va 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.
Salim Abduvaliyev xastaligi tufayli 2025 yil 12 yanvar kuni JKning 75-moddasi tartibida jazodan ozod qilingan va ozodlikka chiqarilgan.
Jinoyat Kodeksining 75-moddasi (Kasallik yoki mehnat qobiliyatini yo‘qotish oqibatida jazodan ozod qilish) hukm chiqarilganidan keyin jazoni o‘tashga to‘sqinlik qiladigan og‘ir kasallikka chalingan shaxs jazoni o‘tashdan ozod qilinishini nazarda tutadi.
Mavzuga oid
14:08 / 10.01.2025
“Mutlaqo maxfiy” - Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasdga doir jinoyat ishi sudda ko‘rilmoqda
00:30 / 04.01.2025
“Qonunlar bilan adolatli ish yuritilsa, har tomonlama yaxshi bo‘lardi” – Apellyatsiya sudi qanday o‘tdi?
17:44 / 03.01.2025
G‘ayrat Do‘stov ustidan apellyatsiya sudida uning tobi qochgani sabab tanaffus e’lon qilindi
13:06 / 30.12.2024