“Mutlaqo maxfiy” - Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasdga doir jinoyat ishi sudda ko‘rilmoqda
Prezident administratsiyasining sobiq mulozimi Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasdga doir jinoyat ishi harbiy sudda ko‘rila boshlandi.
Bu haqda xabar bergan inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov suddagi mahkama “mutlaqo maxfiy” tarzda o‘tayotganini bildirdi.
“Sudlanuvchilar soni ko‘pligi, qo‘yilayotgan ayblov jiddiyligi va uning jamoatchilik uchun muhimligiga qaramay, yana mavhumlik hukm surmoqda”, – deya yozdi Tashanov Facebook'dagi sahifasida.
Prokuratura va sud organlari hozircha bu haqda xabar bermadi.
Komil Allamjonovga suiqasd
2024 yil 30 sentabrgacha O‘zbekiston prezidenti administratsiyasida Axborot siyosati departamentini boshqarib kelgan Komil Allamjonov 26 oktyabrga o‘tar kechasi Qibraydagi o‘z uyi yaqinida hujumga uchradi: u o‘tirgan mashinaga bir necha bor o‘q uzilgan. Hodisada Allamjonovning o‘ziga shikast yetmagan. Shu kuni hodisa bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ertasiga, 27 oktyabr kuni birinchi gumonlanuvchi ushlangani ma’lum qilindi. Bosh prokuratura 25 noyabr kungi bayonotida qo‘lga olinganlar soni 7 kishi ekanini ma’lum qildi, ulardan faqat bir nafarining shaxsini ochiqladi: bu – Janubiy Koreyadan ekstraditsiya qilingan Javlon Yunusov. Bayonotda yana bir gumondor Qozog‘istonda qo‘lga olingani ma’lum qilingan.
Noyabr oyida Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi tizimida bir qator yuqori lavozimli amaldorlar ishdan olindi. Manbalarga ko‘ra, bu iste’folar Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd ishi doirasida o‘tkazilayotgan tekshiruvlar bilan bog‘liq bo‘lgan.
Dekabr oyida O‘zbekiston chechenistonlik ekani aytilayotgan Bislan Rasayev va Shamil Temirxanov ismli Rossiya fuqarolarini Interpol orqali xalqaro qidiruvga berdi. Bosh prokuraturaga ko‘ra, bu – Allamjonovga nisbatan suiqasd ishi bilan bog‘liq bo‘lib, qidiruvdagilar qonunga xilof ravishda O‘zbekistonga kirish va chiqish, jinoyat haqida xabar bermaslik hamda o‘qotar qurolning qonunga xilof muomalasida ayblanmoqda.
Matbuotda tarqalgan tasdiqlanmagan xabarlarda, Rasayev va Temirxanovga O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbarining sobiq o‘rinbosari Komil Allamjonov hamda Istiqbolli loyihalar agentligi direktori Dmitriy Lini o‘ldirish buyurtmasi berilgani, bu ikki qotillik uchun buyurtmachi tomonidan ularga 1,5 mln dollar mukofot va’da qilingani aytilmoqda.
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov 26 dekabr kungi bayonotida Qibraydagi jinoyatda “chechen izi” borligini yana bir bor rad etdi, shu bilan birga, Komil Allamjonov va Dmitriy Liga tahdid qilib, ular “qilmishlari” uchun javob berishini ta’kidladi. Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Tojiyev bu tahdidni O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashish, sobiq deputat Rasul Kusherbayev esa terrorizm deb baholadi. Tojiyev, shuningdek. Rossiya Bosh prokuraturasidan Checheniston rahbarining tahdidiga huquqiy baho berishni so‘radi, Qodirovdan esa O‘zbekiston xalqi oldida uzr so‘rashni talab qildi.
Mavzuga oid
00:30 / 04.01.2025
“Qonunlar bilan adolatli ish yuritilsa, har tomonlama yaxshi bo‘lardi” – Apellyatsiya sudi qanday o‘tdi?
17:44 / 03.01.2025
G‘ayrat Do‘stov ustidan apellyatsiya sudida uning tobi qochgani sabab tanaffus e’lon qilindi
13:06 / 30.12.2024
Jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudi sobiq raisi o‘ziga qarshi suddan yashirindi. U sirtdan qamoqqa olinib, qidiruvga berildi
11:42 / 29.12.2024