O‘zbekiston | 14:54 / 29.04.2022
21448
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: Yo‘lni kengaytirish bilan tirbandlik muammosini hal etib bo‘lmaydi

Samarqandda transport tizimini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 aprel kuni Samarqand shahrida transport tizimini rivojlantirish bo‘yicha rejalar taqdimoti bilan tanishdi.

Prezident matbuot xizmati qayd etishicha, O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida Samarqand shahrini istiqbolda «millionlik shaharlar»ga aylantirish maqsadi belgilangan. Buning uchun joriy yilda shahar hududi 28 ming gektar qilib kengaytiriladi. Kelgusi besh yilda Qorasuv mavzesi, Shirin mahallasi va vokzal ortidagi hududda 300 ming aholiga mo‘ljallangan yangi uy-joylar barpo etiladi. Shuningdek, turistlar soni 5 million nafarga yetishi kutilmoqda.

Bularning barchasi shaharning transport tizimi, yo‘llari va yo‘l infratuzilmasini yangidan ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.

Hozirda doimiy aholi va tumanlardan keluvchilarni qo‘shib hisoblaganda, Samarqand shahrida kuniga 925 ming kishi harakatlanadi. Ularning katta qismi – 592 ming nafari shaxsiy avtomobillarda yuribdi. Jamoat transportidan bor-yo‘g‘i 330 mingdan ziyod aholi foydalanyapti.

Bunga sabab jamoat transporti qatnovi qulay va barqaror emas. Tashuvchilar aholining ehtiyojidan kelib chiqib emas, kunning «eng daromadli» paytida harakat qiladi. So‘nggi ikki yilda 38 ta marshrut norentabellik sababli to‘xtagan, 300 ta avtobus yetishmaydi.

Shu bois davlat rahbari Samarqand shahrida jamoat transporti tizimini rivojlantirish bo‘yicha topshiriq bergandi. Taqdimotda xorijiy ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan takliflar muhokama qilindi.

Unga ko‘ra, jamoat transporti tarmog‘i magistral, yetkazib beruvchi va ichki yo‘nalishlarga ajratiladi. Hozirgiga qo‘shimcha 40 ta yangi yo‘nalish, xususan, aeroport, vokzal va tarixiy markazlarni bog‘laydigan 5 ta ekspress yo‘nalish tashkil etiladi. Avtobuslar katta sig‘imlisiga almashtirilib, markaziy ko‘chalarda ularning harakati uchun alohida yo‘lak ajratiladi. 2022 yilda 80 ta, 2023 yilda 100 ta elektrobus olib kelinadi. Bekatlar soni ko‘paytiriladi. Samarqand shahar hokimligi tarkibida Transport bo‘limi tashkil etiladi. 1 iyuldan boshlab, Samarqand viloyati budjetidan shahar transportiga subsidiya ajratish yo‘lga qo‘yiladi.

Davlat rahbari bu ishlarda ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash, yo‘l harakatini boshqarishni raqamlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.

«Hayot tezlashdi, odamlarning faolligi oshdi. Lekin jamoat transporti avvalgiday turibdi.

Yo‘lni kengaytirish bilan tirbandlik muammosini hal etib bo‘lmaydi. Jamoat transportiga ustunlik berish kerak. Dunyo tajribasiga qaranglar. «Aqlli svetofor»lar o‘rnatib, yo‘l harakatini onlayn boshqarib, ko‘chalarning o‘tkazuvchanligini oshirish zarur. Kelgusida hamma shaharlarimizda shunday qilamiz. Samarqand bunda andoza bo‘lishi kerak», – dedi prezident.

Shu bois, loyihani mukammal qilish, yo‘nalishlarni to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Loyihani jamoat transporti holati eng og‘ir bo‘lgan ko‘chalardan boshlab, bosqichma-bosqich amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

«Odamlar bu ishlarni qulayligidan sezishi kerak. Jamoat transportida yurish arzon, sifatli va tez bo‘lsa, yo‘lovchilar shuni tanlaydi. Buning uchun infratuzilmani, yo‘nalishlarni to‘g‘ri tashkil qilish kerak», – dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid