Jamiyat | 22:53 / 30.04.2022
27473
4 daqiqa o‘qiladi

Instagram'da totalizatorni reklama qilgan katta auditoriyaga ega shaxslar javobgarlikka tortildi

Instagram'da bir necha yuz ming obunachiga ega vayner va yumoristik shou jamoalaridan birining a’zosi O‘zbekistonda taqiqlangan totalizator saytini targ‘ib qilgani aniqlandi. Ulardan biri buning uchun noma’lum shaxsdan pul olib kelgan.

Ota-onalar farzandlarini nazoratsiz qoldirayotgani oqibatida qarzdorlik holatlari kelib chiqmoqda. Yoshlar qimorga tikish uchun qarzga olingan pullarni qaytara olmay boshi berk ko‘chaga kirib qolmoqda.

Toshkent shahar IIBB xabariga ko‘ra, totalizator va bukmekerlik xizmatlarini ko‘rsatish, bunday xizmatlarni reklama qilish qonunga zid, ammo pul evaziga bilib-bilmay yoshlarni qimorga yetaklayotganlar ham yo‘q emas.

Instagram orqali o‘zining yuz minglab, hattoki millionga yaqin kuzatuvchilari bo‘lgan ayrim vayner va blogerlar moddiy manfaat evaziga o‘z sahifalari orqali qimor va tavakkalchilikka asoslangan veb-saytlarni reklama qilayotgan holatlar aniqlanmoqda.

Ma’lum qilinishicha, Instagram ijtimoiy tarmog‘ini monitoring qilish jarayonida “shoqqi_vines” nomli akkaunt egasi (860 ming obunachiga ega) qimor va tavakkalchilikka asoslangan veb-saytlarni targ‘ib qiluvchi ma’lumot tarqatib kelayotgani, bu xizmatlari uchun noma’lum shaxsdan pul olib kelgani aniqlangan. Hozirda bu noma’lum shaxsni aniqlash choralari ko‘rilmoqda.

“Bu veb-saytlar nimaga aynan Instagram orqali targ‘ib qilinadi? Chunki bu tarmoq foydalanuvchilarning aksar qismi – yoshlar”, deyiladi videolavhada.

Holat yuzasidan akkaunt egasi Shuhrat Ahmedov IIBBga chaqirilgan.

“Taxminan bir yilcha avval, anonim profildan yozishdi. Kazinoga o‘xshagan stavka o‘yini bor, shuni reklama qilishni so‘rashdi. Ijodkor ijod qilishi uchun doim oldida mablag‘ bo‘lishi kerak, ular yaxshi mablag‘ taklif qilgani uchun rozi bo‘ldim. Og‘zaki kelishuvga erishib, reklama qilishni boshladim”, – deydi Shuhrat Ahmedov.

U chin dildan pushaymonligi, totalizator reklamasi mumkin emasligini ichki ishlar xodimlari tushuntirishgani, bu hol boshqa takrorlanmasligini aytgan.

Totalizator sayti reklamasida suratga tushgan shou-biznes vakili Zinnura Ro‘zimatova u saytning qimorbozlikka oid ekanidan xabari yo‘qligini bildirgan.

“Hamkasblarim, aktrisalar, blogerlarga ham aytaman: nima reklama qilayotganinglarni bilib reklama qilinglar”, – deydi Zinnura Ro‘zimatova.

IIBB lavhasida ta’kidlanishicha, yumoristik shou jamoalaridan birining a’zosi Tolibxo‘ja Hakimov ham qimor o‘yinlarini o‘z auditoriyasiga targ‘ib qilayotgani aniqlangan. Bunda, internetdagi qimor saytlari O‘zbekistonda bloklangani sabab bu saytlarga promokod va havola orqali o‘tish ochiqchasiga targ‘ib etilgan.

“Administrator yordamchim reklama olib keldi. Hech qanaqa pul evaziga emas, vayner ukalarimizdan birining iltimosiga binoan, “give” o‘tkazmoqchi ekan”, degan Hakimov bosh homiyning aslida kimlar ekanini bilmaganini ta’kidlab, bu kabi videolarni boshqa qo‘ymaslikka so‘z bergan.

Yuqoridagi har ikki holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Ularning xatti-harakatlariga nisbatan qonuniy chora ko‘riladi, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda 30dan ortiq totalizator va bukmekerlik reklamasini noqonuniy ravishda yurituvchi saytlarga kirish cheklab qo‘yilgan. Shuningdek, reklamalarni noqonuniy joylashtirish bo‘yicha 718ta obektda o‘rganish o‘tkazilgan, 34ta holatda qonunbuzilishiga yo‘l qo‘yilgani aniqlanib, tegishli chorala ko‘rilgan.

Mavzuga oid