Jahon | 20:01 / 04.05.2022
22686
6 daqiqa o‘qiladi

Stanislav Shushkevich vafot etdi. U SSSR rasman tarqalganini ifodalovchi «Belovejsk kelishuvi» ijodkorlaridan edi

4 may kuni mustaqil Belarus respublikasining ilk rahbari Stanislav Shushkevich 87 yoshida vafot etdi.

Foto: TASS

Shushkevich haqida gapirganda ko‘pchilik uning tarixiy «Belovejsk kelishuvi»dagi ishtiroki bilan eslaydi. SSSR dunyo geosiyosiy maydonidan rasman yo‘q bo‘lganiga asos o‘laroq xizmat qilgan o‘sha kelishuvning ijodkorlaridan biri aynan Shushkevich bo‘lgan.

Shushkevich yoshligida amerikalik Li Xarvi Osvaldga rus tilini o‘rgatgan. Osvald keyinchalik AQSh prezidenti Jon Kennedini o‘ldirganlikda ayblangan edi. Shushkevich 1994 yil yanvarda AQSh prezidenti Bil Klintonni Belarus rahbari sifatida qabul qilgan edi. O‘sha yil yozda esa Aleksandr Lukashenko Belarus prezidentiga aylanadi.

Shushkevich oxirgi kunlarigacha SSSR tarqalishi katta xato bo‘lgan deb hisoblovchi Aleksandr Lukashenkoning tanqidchisi bo‘lib kelgan. Uning o‘g‘li ham hukumat tanqidchilaridan edi va ijtimoiy tarmoqda hukumat tanqid qilingan postni ulashgani uchun 10 sutka qamalib ham chiqqan.

SSSRni tarixga aylantirgan kelishuv

1991 yil 7-8 dekabr kunlari Belarus hukumat qarorgohi bo‘lmish Viskulida Rossiya prezidenti Boris Yelsin, Ukraina prezidenti Leonid Kravchuk, Belarus Oliy kengashi raisi (davlat rahbari) Stanislav Shushkevich yig‘iladi. Ular Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevni ham chaqirishadi, hatto uning samolyotidagi telefoniga qo‘ng‘iroq qilishadi, ammo Nazarboyev uchrashuvga bormaydi. Shushkevichning eslashicha, Nazarboyev «Hozir, yoqilg‘i quyamiz va yoningizga uchaman», deb aytganicha Belarusga emas, Moskvaga –Gorbachyovning oldiga uchadi.

Bu vaqtda Belarus Rossiya va Ukraina yetakchilari tarixiy bitimni imzolashga tayyorgarlik ko‘rayotgan edilar. Bu bitim tarixda «Belovejsk kelishuvi» nomi bilan qoladi. Bu SSSR xalqaro huquq va geosiyosiy maydonda ortiq mavjud emasligini ifodalovchi hujjat edi. U imzolangan qarorgoh Belarusdagi Belovejsk o‘rmonida joylashgani uchun shunday nom oladi. Rossiya, Ukraina va Belarus SSSRning ta’sischilari sifatida uni rasman yo‘q bo‘lganini ifodalovchi hujjatni ham imzolaydilar.

Keyinchalik bu kelishuvni qolgan sobiq ittifoq davlatlari ham imzolaydi va rasman Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi tashkiloti tuziladi. Stanislav Shushkevichning aytishicha, SSSR tarqalishi muqarrar bo‘lgan va MDH tashkil etilgani to‘g‘risidagi «Belovejsk kelishuvi» sovet imperiyasini voqealar rivojining «yugoslavcha varianti»dan qutqarib qoladi. Ya’ni, barcha 15 respublika qonuniy tarzda o‘z chegaralariga ega bo‘lgan holda (kichik kelishilmagan hududlar bilan birga) ajralib chiqqandi.

Belovejsk kelishuvi haqida aynan Shushkevich Gorbachyovga xabar qilgan. Kelishuv imzolangach, Shushkevich o‘zida yengillik his qilganini eslaydi, ammo tanasini qo‘rquv egallab olganini ham tan oladi. Shu sabab Belovejskdagi qarorgohdan samolyotda emas, mashinada uyga qaytadi.

Shushkevichning aytishicha, imzolangan hujjatni ratifikatsiya qilishga kommunistlar qarshilik qiladi deb o‘ylagan, ammo ittifoqdosh davlatlar qatorida Belarus ham «MDH tuzilgani to‘g‘risidagi» va «1922 yilgi SSSR tuzilgani haqidagi hujjatni denonsatsiya qilish to‘g‘risidagi» hujjatni ratifikatsiya qiladi.

2013 yilda ma’lum bo‘lishicha, Minskda saqlanayotgan «Belovejsk kelishuvi»ning asl nusxasi g‘oyib bo‘lgan va o‘rnida ko‘chirilgan nusxa qo‘yilgan.

Kennedi qotili deb aytiladigan Osvald bilan munosabatlari

AQSh prezident Jon Kennedining rasman qotili deb ataladigan Li Xarvi Osvald marksizm va sotsializm g‘oyalaridan ilhomlanib 1960 yilda SSSRga boradi. AQSh dengiz kuchlarining sobiq zobiti bo‘lgan Li Xarvi 19 yoshida SSSRga borgach, unga Minskdan uy berishadi va Lenin nomidagi Minsk radiozavodiga ishga joylashtirib qo‘yishadi. Uning yangi ish joyiga moslashishiga zavodning ingliz tilini biladigan xo‘jayini Stanislav Shushkevich yordam beradi. Shu tariqa Belarusning bo‘lajak yetakchisi keyinchalik Kennedining qotili deb ayblanadigan yigitga rus tilini o‘rgatadi.

Klintonning tashrifi

AQSh prezidenti Bill Klinton aynan Shushkevichning tashabbusi bilan 1994 yilda Belarusga boradi. Shunchaki emas, rasmiy davlat tashrifi bilan. 8 soat davomida Belarusda bo‘lgan Klinton G‘alaba monumentida bo‘ladi, yoshlar bilan uchrashadi, maxsus yodgorlik skameykasi o‘rnatilishida ishtirok etadi, Stalin repressiyasi vaqtida ommaviy qirg‘in amalga oshirilgan o‘rmonga ham boradi.

Klintonning Minsk atrofidagi o‘rmonga borishi Belarus hukumati vakillarida norozilik uyg‘otadi, KGB mehmonlarning o‘rmondagi xavfsizligini ta’minlay olmasligini ma’lum qiladi. Ammo AQSh tomoni xavfsizlikni ta’minlashni o‘z zimmasiga oladi va Klinton repressiya qurbonlari o‘ldirilgan joyda bo‘ladi. Bu AQSh prezidentlarining mustaqil Belarus davlatiga birinchi va oxirgi tashrifi edi. Shushkevich mana shunday tarixiy voqealar va Lukashenkoning tanqidchisi sifatida tarixda qoldi.

Mavzuga oid