Jahon | 09:30 / 06.05.2022
43575
6 daqiqa o‘qiladi

Isroil Putin Lavrovning so‘zlari uchun uzr so‘raganini ma’lum qildi

Rossiya tashqi ishlar vaziri Italiya telekanaliga bergan intervyusida Adolf Hitlerda yahudiy qoni bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytgandi.

Foto: Getty Images

Isroil bosh vaziri ofisidan xabar qilishlaricha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Adolf Hitlerda «yahudiy qoni» bo‘lgani haqidagi so‘zlari uchun uzr so‘ragan. Kreml Putin telefon orqali Naftali Bennet bilan muloqot qilgani haqida xabar bergan, ammo uzr haqida eslab o‘tilmagan.

«Shuningdek, ular Rossiya tashqi ishlar vaziri Lavrovning so‘zlarini ham muhokama qildi. Bennet [telefon muloqoti chog‘ida] Putinning uzrini qabul qildi va unga yahudiy xalqiga va Holokostga bo‘lgan munosabatiga oydinlik kiritgani uchun minnatdorchilik bildirdi», — deyiladi isroilliklar bosh vaziri ofisi xabarida.

Kreml ham Rossiya prezidenti va Isroil bosh vaziri o‘rtasida o‘tkazilgan telefon muloqoti to‘g‘risida xabar bergan, ammo xabarda Putin uzr so‘ragani haqida eslab o‘tilmagan.

Kreml bergan xabarga ko‘ra, muloqot davomida «yetakchilar 9 may sanasining Rossiya va Isroil xalqlari uchun alohida ahamiyatini qayd etishgan», Putin «Isroilda yashayotgan faxriylarga sog‘liq va farovonlik tilaklarini yetkazishni so‘ragan», Bennet esa «Qizil Armiyaning natsizm ustidan qozonilgan g‘alabadagi hal qiluvchi hissasini e’tirof etgan».

Muloqotda tomonlar Mariupoldagi «Azovstal» zavodi hududidagi tinch aholini evakuatsiya qilish bo‘yicha ham fikr almashgan.

Isroil tomoni aytayotgan Putin uzr so‘rashi kerak bo‘lgan so‘zlar Lavrovning Italiyadagi Mediaset telekanaliga bergan intervyusida aytilgandi.

Unda prezidenti Volodimir Zelenskiy yahudiy bo‘lgani holda Ukrainani qanday qilib natsizmda ayblash mumkinligi to‘g‘risidagi savolga javoban Lavrov Adolf Hitlerda ham «yahudiy qoni» bo‘lgani va qoida tariqasida «eng ashaddiy antisemitlar» yahudiylar bo‘lishini aytgandi.

Rossiyalik vazirning bayonoti norozilik to‘lqinini keltirib chiqardi - butun dunyodagi yahudiy tashkilotlari ham, Isroil hukumati vakillari ham qattiq e’tiroz bildira boshlashdi. Rossiya elchisi «tushuntirish suhbati» uchun Isroil TIVga chaqirtirildi.

Isroil hukumati rahbari Naftali Bennet Lavrovni yolg‘onchilikda aybladi. «Rossiya tashqi ishlar vaziri bayonotiga o‘ta jiddiylik bilan yondashaman. Uning so‘zlari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, uning aytilishi noto‘g‘ri. Bunday yolg‘onlardan maqsad yahudiylarga qarshi sodir etilgan tarixdagi eng jirkanch jinoyatlarda ularning o‘zlarini aybdor qilish va bu orqali Isroilning dushmanlarini javobgarlikdan ozod etish hisoblanadi», degan Isroil hukumati rahbari.

Isroil tashqi ishlar vaziri Yair Lapid Lavrovning ta’kidi «kechirib bo‘lmaydigan va kishini g‘azablantiradigan bo‘lishdan tashqari, o‘ta qo‘pol tarixiy xato» ekanini aytdi. «Yahudiylarga nisbatan irqchilikning eng quyi darajasi – yahudiylarning o‘zini antisemitizmda ayblashdir», dedi u.

Bunga javoban Rossiya TIV e’lon qilgan bayonotda Isroil Kiyevdagi «neonatsistik rejim»ni qo‘llab-quvvatlashi va ayrim yahudiylar Holokost amalga oshirilishida yordam bergani aytiladi.

«Isroil bilan aloqalar saqlanib turarkan, to‘liq izolyatsiya bo‘lmaydi»

Politolog Abbas Gallyamovning fikricha, Putin Lavrov boshchiligidagi Rossiya TIV nohaq bo‘lganini tan olishi va uzr so‘rashi faktining o‘zi Rossiya prezidenti «hali ham qandaydir adekvatlikni saqlab qolgani»dan darak beradi.

«Kamida u Isroil bilan janjallashishni istamaydi. Bu muhim jihat. Isroil bilan aloqalar saqlanib qolarkan, biz butunlay yakkalanib qolgan hisoblanmaymiz. Chunki butun dunyo bizga qarshiligi haqidagi tasavvur - Putinning elektoratini shokka tushiradi. Shu ma’noda Isroil bilan munosabatlar zulmat saltanatidagi yorug‘ nur misoli. Bu nurni o‘chirish esa - ahmoqlikning cho‘qqisi bo‘ladi», degan Gallyamov BBC muxbiriga.

Siyosatshunosning hisoblashicha, mojaro Lavrov intervyu davomida devorga taqalganida aqlli gap aytishga harakat qilganida va isroilliklarni haqorat qiladigan gap aytib qo‘yishi oqibatida yuzaga kelgan. Keyin esa, uning xulosa qilishicha, Kremlning an’anaviy mantig‘i ishga tushgan: «hech kim bizni ayblashga haqli emas; biz hamma narsada haqmiz; bizni ayblashga urinayotganlar esa - dushman».

«Va bu yerda muammo shundaki, Kreml uchun uzr so‘rashni qabul qilib bo‘lmaydi, chunki «ularning mantig‘i»ga ko‘ra, bu kuchsizlikni anglatadi. Lekin oxir-oqibat vaqt ko‘rsatdiki, bunday mantiq boshi berk ko‘chaga olib keladi. Chunki Isroil - Rossiya bilan munosabatlarni buzmagan, munosabatni saqlab qolishga urinayotgan, sanksiyalarga qo‘shilmayotgan, Ukraina so‘rayotgan bo‘lsa-da, jiddiy qurollar yetkazib bermayotgan oxirgi davlat», deya eslatadi ekspert.

Mavzuga oid