O‘zbekiston | 18:38 / 10.05.2022
29033
3 daqiqa o‘qiladi

Uy va avtomobil oldi-sotdisida boj toifalari bekor qilinib, umumiy narxlar belgilanmoqda

Deputatlar ko‘rib chiqayotgan qonun loyihasiga ko‘ra, uy sotib olishda uning maydoni qanchaligidan, avtomobil oldi-sotdisida esa uning ishlab chiqarilgan yili va ot kuchidan qat’i nazar bir xil davlat boji undirish belgilanmoqda.

Foto: Shutterstock

Bugun, 10 may kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida «Davlat boji to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ham muhokama qilindi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu hujjat bilan notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun davlat bojini undirish va to‘lashdan ozod qilish masalasi tartibga solinmoqda hamda davlat bojini to‘lashdan ozod qilish asoslari belgilanyapti.

Quyi palata matbuot xizmatiga ko‘ra, notarial harakatlarning asosiy qismi ko‘chmas mulklar, avtotransportlar oldi-sotdisi bilan bog‘liq bo‘lib turgan ayni vaqtda davlat bojini to‘lashda ham notariuslarda, ham fuqarolarda turli tushunmovchiliklar paydo bo‘lyapti. Bu esa «o‘z o‘rnida qat’iy «stavka»larni belgilash zarurati»ni keltirib chiqarmoqda.

Qonun loyihasi bilan uy sotib olishda maydonning qanchaligidan qat’i nazar bir xil – 1,5 barobar miqdorda boj undirish taklif qilinyapti. Amaldagi qonunchilikda bu oltita toifaga ajratilgan bo‘lib, olti xil miqdorda davlat boji undirilar edi.

«Avtotransportlar oldi-sotdisida ishlab chiqarilgan yili, ot kuchi, jami 12 ta toifaga ajratilgan holda umumiy narxning 10 barobari (2 700 000)gacha to‘lov qilinyapti. Shu bois, aksariyat odamlar sotib olayotgan mashinasini o‘zining nomiga rasmiylashtirishdan ko‘ra, 3 yillik ishonchnoma imzolashni afzal ko‘rmoqda», deyiladi xabarda.

Taklif etilayotgan qonun loyihasida ishlab chiqarilgan yili va ot kuchidan qat’i nazar, avtomobil oldi-sotdisida bazaviy hisoblash miqdorining uch barobari (810 ming so‘m) miqdorida davlat boji undirish belgilanmoqda.

Yig‘ilishda fraksiya deputatlari qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlagan.

Yangi tartib qonunchilikka kirishi uchun dastlab bu loyiha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisida 3 o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilinishi kerak. So‘ngra qonunni Senat ma’qullaydi yoki qaytaradi. Parlament qabul qilgan qonun prezident tomonidan imzolangach, hujjatning o‘zida ko‘rsatilgan muddatda kuchga kiradi. 

Mavzuga oid