Jahon | 12:18 / 13.05.2022
18689
4 daqiqa o‘qiladi

KXDRda koronavirus avj olmoqda: bir kunda 18 mingdan ortiq kasallanish holati aniqlandi, ilk qurbonlar bor

Mamlakatda «noma’lum bezgak» ham tarqalgani, 350 ming kishi kasallangani ma’lum qilindi.

Foto: CNN

Hukumat pandemiya davrida ilk bor kasallanish holatlarini tan olgan KXDRda kasallik avj olib, olti kishi kasallikdan vafot etdi. Janubiy Koreyaning Yonhap agentligi Koreya Markaziy telegraf agentligi (KCNA)ga asoslanib xabar berishicha, mamlakatda so‘nggi bir kunning o‘zida Covid-19’ga chalinish bilan bog‘liq 18 mingdan ortiq holat ro‘yxatga olingan.

12 may kuni Shimoliy Koreya hukumati Pxenyanda «omikron» variantiga chalinish bilan bog‘liq ilk holatlar aniqlanganini xabar qilgandi - koronavirus 8 may kuni test topshirgan odamlarda aniqlangan.

Shundan keyin butun mamlakatda «maksimal favqulodda holat» joriy etilib, lokdaun e’lon qilingandi. Juma kuni mahalliy nashrlar kasallik poytaxtdan tashqaridagi hududlarga ham tarqalganini tan oldi.

Shu bilan birgalikda mamlakatda kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan bezgak aniqlangani xabar qilingan. «Sababi aniqlanmagan bezgak aprel oyi oxiridan butun mamlakat bo‘ylab keng tarqala boshladi», - deyiladi KCNA xabarida.

Xabar qilinishicha, bu «noma’lum bezgak» 350 ming kishida aniqlangan, 188 mingga yaqin kishi karantinga yotqizilgan, 162 ming kishi davolanib chiqqan. Hozircha ushbu kasallik Covid-19 bilan aloqadorligiga aniqlik kiritilmagan.

KXDR yetakchisi Kim Chen In shu kunlarda Mehnat partiyasi markaziy qo‘mitasining siyosiy byurosi yig‘ilishini chaqirib, virus tarqalishini to‘xtatish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

«Mamlakatning barcha uyezdlari va shaharlarida hamma o‘z hududini yopib, zararli virus tarqalishi yo‘llarini xavfsiz tarzda to‘smoqda. Biz to‘satdan kelgan inqirozni yengib o‘tamiz va albatta g‘alaba qilamiz», degan u siyosiy byuro yig‘ilishida.

KCNA xabariga ko‘ra, payshanba kuni Kim Chen In Favqulodda vaziyatlarni boshqarish milliy markaziga tashrif buyurgan va virusga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirgan.

Tahlilchilar fikricha, so‘nggi ma’lumotlar, xususan, butun mamlakatda «noma’lum bezgak» tarqalgani tan olingani mamlakat ulkan koronavirus epidemiyasini boshdan kechirayotganini ko‘rsatishi mumkin.

Mamlakatdagi 25 million aholi vaksinatsiya dasturi va sifatli tibbiy xizmat yo‘qligi tufayli kasallik qarshisida ojiz qoladi. Shimoliy koreyaliklardan deyarli hech kim koronavirusga qarshi vaksina olmagan. Ekspertlar KXDR aholisi immuniteti pastligi tufayli Covid-19ning yangi variantlari tarqalishining asosiy o‘chog‘iga aylanishi xavfi mavjud.

KXDR hukumati bunga qadar mamlakatda pandemiya davrida koronavirusga chalinish bilan bog‘liq birorta holat qayd etilmaganini ma’lum qilib kelardi.

Pxenyan hatto Covax xalqaro mexanizmi doirasida vaksinalar yetkazib berilishidan bosh tortgan va shimollik koreyslar uchun mo‘ljallangan preparatlar boshqa davlatlarga taqsimlangandi.

Ekspertlar esa KXDR hukumati mamlakatga koronavirus kirib kelishining oldini olishga muvaffaq bo‘lishganiga shubha bilan qarab kelishardi.

Mavzuga oid