Jahon | 19:57 / 18.12.2024
1175
2 daqiqa o‘qiladi

Kongoda o‘nlab insonlar o‘limiga sababchi bo‘lgan noma’lum kasallik bezgakning og‘ir shakli bo‘lib chiqdi

Kongo Demokratik Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda tarqalgan noma’lum kasallik bezgakning og‘ir shakli ekanini ma’lum qildi. Aholining to‘yib ovqatlanmasligi ularni kasallik oldida ancha zaif qilib qo‘ygan.

Foto: Shutterstock

Kongo Demokratik Respublikasida (KDR) o‘nlab insonlarning o‘limiga sababchi bo‘lgan noma’lum kasallik bezgakning og‘ir shakli ekani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib The Guardian xabar berdi.

«Sir va nihoyat oshkor bo‘ldi. Bu respirator kasallik ko‘rinishidagi bezgakning og‘ir shaklidir», — deyiladi vazirlik xabarida. Shuningdek, sog‘liqni saqlash idorasining qo‘shimcha qilishicha, kasallik tarqalgan Kvango provinsiyasi aholisining to‘yib ovqatlanmasligi ularni ancha zaif qilib qo‘ygan.

KDR Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, oktyabr oyidan beri 592 kishida ushbu kasallik aniqlangan, o‘lim darajasi esa 6,2 foizni tashkil etmoqda.

Dekabr boshlarida Kongo Demokratik Respublikasining janubi-g‘arbiy provinsiyasida 143 kishi noma’lum kasallik oqibatida vafot etgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Kvango provinsiyasi gubernatori o‘rinbosari Remi Saki va mahalliy Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Apolliner Yumba kasallikka chalinganlarda gripp belgilari, jumladan, tana haroratining ko‘tarilishi va kuchli bosh og‘rig‘i kuzatilganini ma’lum qilgan. O‘z navbatida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mamlakatga epidemiologlar, laborantlar, yuqumli kasalliklar profilaktikasi va nazorati bo‘yicha ekspertlardan iborat mutaxassislarini yuborgan edi.

Mavzuga oid