Kongoda noma’lum kasallik tufayli 140 dan ortiq inson vafot etdi - Reuters
Mahalliy hukumat vakillarining ma’lum qilishicha, kasallikka chalinganlarda gripp belgilari, jumladan, tana haroratining ko‘tarilishi va kuchli bosh og‘rig‘i kuzatilmoqda.
Kongo Demokratik Respublikasining janubi-g‘arbiy provinsiyasida 143 kishi noma’lum kasallik oqibatida vafot etdi, deb xabar beradi Reuters.
Kvango provinsiyasi gubernatori o‘rinbosari Remi Saki va mahalliy Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Apolliner Yumbaning ma’lum qilishicha, kasallikka chalinganlarda gripp belgilari, jumladan, tana haroratining ko‘tarilishi va kuchli bosh og‘rig‘i kuzatilmoqda.
Ta’kidlanishicha, kasallik turini aniqlash uchun hududga namunalar olish maqsadida shifokorlar brigadasi yuborilgan. Shu bilan birga, kasallanish holatlari o‘sishda davom etayotgani aytildi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, BMT vaziyatdan xavotirda va mamlakat hukumati bilan birga kasallikni o‘rganish ustida ish olib bormoqda.
Mahalliy epidemiologlarning qayd etishicha, kasallikdan asosan ayollar va bolalar jabr ko‘rmoqda.
Oktyabr boshlarida Kongo Demokratik Respublikasida joriy yil boshidan beri 30 mingdan ortiq insonda Mpox (maymunchechak) kasalligi aniqlangani to‘g‘risida xabar berilgandi. O‘shanda Mpox oqibatida yuzaga kelayotgan o‘lim holatlari asosan bolalarda kuzatilayotgani, besh yoshgacha bo‘lganlar guruhi umumiy o‘lim holatlarining 70 foizini tashkil etayotgani ma’lum qilingan edi.
Mavzuga oid
19:57 / 18.12.2024
Kongoda o‘nlab insonlar o‘limiga sababchi bo‘lgan noma’lum kasallik bezgakning og‘ir shakli bo‘lib chiqdi
00:31 / 18.12.2024
Kongo Appleʼni noqonuniy qazib olinayotgan minerallardan foydalanishda aybladi
01:46 / 07.12.2024
JSST noma’lum kasallik sabablarini aniqlash uchun Kongoga o‘z mutaxassislarini yuboradi
21:20 / 06.12.2024